qilingizlar! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo'shniyu begona qo'shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo'lovchi (musofir)ga va qo'l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi. 37. (Ular) o'zlari baxillik qilish bilan birga (boshqa) odamlarni (ham) baxillikka buyuradigan va Allohning O'z fazli bilan bergan (ne'mat)larini yashiradigan (kimsa)lardir. Kofirlarga (esa) xor qiluvchi azobni tayyorlab qo'yganmiz. 38. Mol-mulklarini odamlar ko'rsinga (riyokorlik bilan) ehson qiladigan, (aslida esa) Allohga ham, oxirat kuniga ham imon keltirmaydiganlarni (Alloh sevmaydi). Kimgaki shayton do'st bo'lsa, naqadar yomon do'st u! 39. Bordiyu (ular) Allohga, oxirat kuniga imon keltirsalar va Alloh rizq qilib bergan narsalardan ehson qilsalar, ular (zarari)ga nima ham bo'lar edi?! Alloh ularni yaxshi biluvchidir. 40. Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham) zulm qilmaydi. Agar (o'sha miqdorda) yaxshilik bo'lsa, uni (bir necha barobar) ko'paytirur va O'z huzuridan ulug' mukofot (jannat) ato etur. 41. Har bir ummatdan (o'z payg'ambarini) guvoh sifatida keltirganimizda va Sizni (ey, Muhammad,) ularga guvoh qilib keltirganimizda, (ularning holi) ne kechur?! Izoh: Bu holat qiyomat kunida ro'y berishi boshqa oyatlarda ham keltirilgan. "Nahl" surasining 84,89-oyatlari, "Haj" surasining 78-oyati tarjimalariga qaralsin. 42. Kofir bo'lganlar va payg'ambarga itoatsizlik qilganlar o'sha kuni yer bilan yakson bo'lishni orzu qiladilar. (U yerda ular) Allohdan biror gapni yashira olmaydilar. Izoh: Bu dunyoda esa inson o'z aybi va gunohlarini, shuningdek, sodir etgan jinoyatlarini turli yo'llar bilan yashirib, jazodan qutilib ketish mumkin. Lekin oxiratda bu kabi hiylanayranglar foyda bermaydi.