80. (Lut) dedi: "Qani edi, sizlarga quvvatim yetsa yoki bir kuchli suyanchiqqa suyana olsam?!" 81. (Farishtalar) aytdilar: "Ey, Lut! Biz Rabbingning elchilarimiz. (Qavming) senga sira yeta olmaslar (tega olmaslar). Bas, tunning bir qismida oilangni olib ket! Sizlardan biror kishi ortiga boqmasin! Xotiningni esa qo'yaver! Zero, ularga yetgan narsa (azob) unga ham yetqusidir. Ularga va'da qilingan vaqt bomdod vaqtidir. Bomdod yaqin emasmi?!" 82. Farmonimiz (azobimiz) kelganida u yerni ostin-ustun qilib yubordik va u yerga qizitilgan g'ishtdan iborat toshlarni paydar-pay yog'dirdik. 83. (U toshlar) Rabbingiz huzurida belgili qilib qo'yilgan edi. U (toshlar) zolimlarga uzoq emasdir zoh(a): Har bir toshga bir zolim ismi yozib qo'yilgan edi. Izoh(b): Ya'ni shunday azob Makka mushriklariga yoki har qanday zolimga ham yetishi mumkin. 84. Madyan (qavmi)ga birodari Shuaybni (elchi - payg'ambar etib yubordik). (U) dedi: "Ey, qavmim! Allohga sig'iningiz! Sizlar uchun Undan o'zga iloh yo'qdir. O'lchov va vazndan urib qolmangiz. Men sizlarni (hozircha) yaxshilik (farovonlik)da ko'rib turibman va men sizlarga (hammani) qamrab oluvchi kun (qiyomat)ning azobi (bo'lishi)dan qo'rqaman. 85. Ey, qavmim! O'lchov va vaznni adolat bilan to'la beringiz! Odamlarning narsalarini urib qolmangiz va Yerda fasod ishlarini qilib, buzg'unchilik qilmangiz!" 86. Agar mo'min bo'lsangiz (bilib qo'yingizki), Allohning (halol kasbdan) qoldirgani sizlar uchun yaxshidir. Men esa, sizlarga qo'riqchi emasman". Izoh: Boylikni qo'riqchisi - bu halol kasb. Bu oyat bilan Alloh taolo halol mehnat, peshona teri bilan orttirilgan boylikning foydali ekani, haloldan topilgan boylikning barakali bo'lishi va uni qo'riqlashning ham hojati yo'qligiga ishorat qilmoqda.