yo'l izlaydilar. Uning rahmatidan umid qilurlar, azobidan esa qo'rqurlar. Darhaqiqat, Rabbingizning azobi qo'rqinchlidir. 58. (Yer yuzida) biror qishloq (shahar ahli) yo'qki, Biz ularni qiyomat kuni (kelishi)dan ilgari halok qiluvchi bo'lmasak yoki ularni qattiq azob bilan azoblovchi bo'lmasak. Bu hukm Kitobda (Lavhul- Mahfuzda) bitilgandir. 59. (Ey, Muhammad, mushriklar so'ragan) mo''jizalarni yuborishdan Bizni faqat avvalgi (ummat)lar u (mo''jiza)larni yolg'onga chiqarganlarigina man etdi. Samud qabilasiga ochiq (mo''jiza sifatida) tuyani ato etganimizda, unga zulm etdilar. Biz mo''jizalarni faqat (odamlarni halokatdan) qo'rqitish uchungina yuborurmiz. 60. Eslang, (ey, Muhammad,) Sizga Rabbingiz (barcha) odamlarni (o'rab) ihota qilib olgandir, degan edik. Biz Sizga ko'rsatgan tushni va Qur'onda la'natlangan (Zaqqum nomli) daraxtni odamlar uchun faqat sinov qildik. Biz (mushriklarni shu kabi xabarlar bilan) qo'rqiturmiz, ammo bu ularning tug'yonlarini yanada kuchaytiradi, xolos. Izoh: Bu oyatdagi Tush tafsiri turlicha bayon etilgan. Hanafiy mufassirlar Badr jangidan oldin ko'rgan tushlari deb izohlab, unda musulmonlar g'alabasi haqida bashorat berilgan edi, deydilar. Boshqa mazhablarga doir mufassirlar esa, bu tushdan maqsad me'roj voqealari, deb talqin etadilar. Shu ikki xil tafsirga binoan me'rojning uyg'oq holda yoki tushda kechganligi haqida ikki xil aqida paydo bo'lgan. Tushni me'roj deyilsa, Payg'ambarimiz (a. s.) jismonan emas, ruhan me'rojga chiqqan bo'ladilar. Tushni Badr jangidagi g'alaba deb olinsa, Rasululloh jismonan isro va me'rojda bo'lganlar, degan aqida kelib chiqadi. Biz - hanafiylar shu oxirgi, ya'ni, jismonan chiqqanliklarini tasdiqlaymiz. Makka mushriklariga Badr g'alabasi hamda Zaqqum daraxti to'g'risida gapirganlarida, ular Rasulullohni masxara qilganlar. Badr g'alabasiga ham ishonmaganlar, do'zax olovi ichida daraxt o'sishini ham inkor etganlar.