100. Shoyad, men tark etgan joyim (dunyo)da yaxshi amal qilsam", - der. Yo'q! (U aslo qaytarilmas). Bu haqiqatan u aytuvchisi bo'lgan so'zdir. Ularning ortida, to qayta tiriladigan kunlarigacha, (ikki dunyo o'rtasini to'sib turadigan) bir to'siq bordir. Izoh: Bu dunyo bilan oxirat o'rtasini ajratib turadigan makon va zamon arab tilida "barzax" deyiladi. 101. Bas, qachonki, sur chalinganida (qiyomat boshlanganida,) ana o'sha kuni ularning o'rtalarida (hech qanday) nasablar qolmas va ular o'zaro savol-javob ham qila olmaslar. 102. Bas, kimning (yaxshilik) mezonlari og'ir kelsa, bas, ana o'shalar iqbollidirlar. 103. Kimning mezonlari yengil bo'lsa, bas, ana o'shalar o'zlariga ziyon qilibdilar. Ular jahannamda mangu qoluvchidirlar. 104. Yuzlarini o't kuydirgach, ular u yerda badbashara bo'lib qoluvchidirlar. 105. (Ularga): "Sizlarga mening oyatlarim tilovat qilinar, sizlar esa ularni yolg'onga yo'ygan emasmidingizlar?!" (deyilganida), 106. ular deydilar: "Ey, Rabbimiz! Badbaxtligimiz bizlarga g'olib kelib, adashgan qavm bo'lib qolgan ekanmiz. 107. Parvardigoro, bizlarni (jahannamdan dunyoga) chiqargin. Bas, agar yana (kufr va tug'yonga) qaytsak, u holda biz shaksiz (o'zimizga) zulm qiluvchidirmiz". 108. (Alloh) aytadi: "(Jahannamda) xor bo'lingiz va Menga so'z qotmangiz! 109. Darvoqe, Mening bandalarim ichida bir guruh bor edi. Ular: "Ey, Rabbimiz! (o'zingga) imon keltirdik. Bas, bizlarni mag'firat qilgin va bizlarga rahm ayla. Sen o'zing rahm qiluvchilarning yaxshisidirsan", - der edilar.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur