bobolarimizni ne uzra topgan bo'lsak, (ana o'shanga) ergashurmiz", - deyishadi. Bordiyu, shayton ularni o't azobiga chaqirib turgan bo'lsa-chi?! 22. Kimki chiroyli amal qiluvchi bo'lgan holida o'zini Allohga topshirsa, bas, u mustahkam tutqichni ushlabdi. Barcha ishlar oqibati faqat Allohga (borur!) 23. Kimki kofir bo'lsa, bas, Sizni, (ey, Muhammad,) uning kufri g'amga solmasin. Bizga qaytajaklar, bas, Biz ularga qilgan amallarining xabarini berurmiz. Zero, Alloh dillardagi sirlarni biluvchidir. 24. Biz ularni (bu dunyoda) ozgina (muddat) foydalantirib, so'ngra qattiq azob (tortish)ga majbur qilurmiz. 25. Qasamki, agar ulardan: "Osmonlar va Yerni kim yaratgan?" - deb so'rasangiz, albatta, "Alloh", - derlar. Siz "Allohga hamd!" - deng. Yo'q, ularning aksariyati (haqiqatni) bilmaslar. 26. Osmonlar va Yerdagi (bor) narsalar Allohnikidir. Albatta, Alloh behojat va hamdga loyiq zotdir. 27. Agar yer yuzidagi (bor) daraxt qalamlar bo'lib, dengiz (siyoh bo'lsa va) undan so'ng yana yetti dengiz unga yordam bersa, Allohning so'zlari tugamas. Albatta, Alloh qudrat va hikmat egasidir. 28. (Ey, insonlar,) sizlarni yaratish ham, qayta tiriltirish ham xuddi bir jonni (yaratish va qayta tiriltirishning) o'zginasidir (osondir). Albatta, Alloh eshituvchi va ko'ruvchidir. 29. Alloh kechani kunduzga kiritishini, kunduzni kechaga kiritishini hamda quyosh va oyning har birini belgilangan muddatgacha joriy bo'ladigan qilib bo'yin sundirib qo'yganini va Allohning qilayotgan amallaringizdan ogoh ekanini ko'rmadingizmi?! 30. Bunga Allohning O'zigina Haq (iloh) ekani, ular (mushriklar) Uni qo'yib iltijo qilayotgan (butlar)i esa botil narsa ekani va Allohning O'zigina eng yuksak va oliy zot ekani sababdir.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur