mag'firatli va mehribon zotdir. 25. Alloh kofirlarni darg'azab hollarida qaytardi. Ular biror yaxshilik (foyda)ga erishmadilar. Alloh mo'minlarga jang to'g'risida kifoya qildi (mo'minlarni jangsiz g'olib qildi). Alloh kuchli va qudratli zotdir. 26. U (firqalarga) yordam bergan, ahli kitobdan iborat kimsalarni (Alloh) o'z qal'alaridan tushirdi va dillariga qo'rquv soldi. (Ulardan) bir guruhni o'ldirursizlar, bir guruhni asir olursizlar. 27. Sizlarni ularning yerlariga, maskanlariga, mol-mulklariga va oyoqlaringiz yetmagan yerlariga voris qildi. Alloh har narsaga qodir zotdir. 28. Ey, Payg'ambar, xotinlaringizga ayting: "Agar sizlar dunyo hayotini va uning zebu ziynatlarini istaydigan bo'lsangizlar, u holda kelinglar, men sizlarni (o'sha narsalar bilan) bahramand qilay va yaxshilab kuzatay (taloq qilay). 29. Agar Allohni, Uning payg'ambarini va oxirat diyorini istaydigan bo'lsangizlar, u holda Alloh sizlarning orangizdagi chiroyli amal qiluvchilar uchun ulkan mukofot (jannat)ni tayyorlab qo'ygandir". 30. Ey, Payg'ambar ayollari, sizlardan kim aniq fahsh ishini qilar ekan, uning uchun azob ikki barobar ziyoda qilinur. Bu Allohga osondir. YIGIRMA IKKINCHI JUZ’ ************************* 31. Sizlardan kim Alloh va Uning payg'ambariga itoat etsa va ezgu amal qilsa, Biz uning mukofotini ikki hissa qilib berurmiz va uning uchun farovon rizq (jannat)ni tayorlab qo'ygandirmiz. 32. Ey, Payg'ambar ayollari, agar taqvodor bo'lsangizlar, (o'zga) ayollarning birortasi kabi emasdirsizlar. Bas, sizlar (nomahram erkaklarga) mayin so'z qilmanglarki, aks holda qalbida buzuqlik bo'lgan kimsa ta'ma qilib qolur. Yaxshi (to'g'ri) so'zni so'zlangizlar!