47. O'shanda ular do'zaxda o'zaro tortishib, zaiflar mutakabbirlarga (sobiq yo'lboshchilariga): "Bizlar sizlarga ergashgan edik, endi sizlar bizlardan do'zax (azobi)ning biror bo'lagini daf qila olurmisizlar?" - derlar. 48. Mutakabbir kimsalar ayturlar: "Bizlarning barchamiz, shubhasiz, unda (do'zaxda)dirmiz. Alloh bandalari o'rtasida O'z hukmini chiqarib bo'ldi". 49. (Shunda) do'zaxdagi kimsalar jahannam qo'riqchilariga: "Parvardigoringizga duo qilinglar, bizlardan biror kun azobni yengillatsin", deganlarida, 50. ular ayturlar: "Axir, sizlarga payg'ambarlaringiz hujjatlar keltirmaganmidilar?!" "Ha, (lekin ularni yolg'onchi qilgan edik)" - deydilar. (Shunda farishtalar ularga) ayturlar: "U holda duo qilaveringlar. (Lekin) kofirlarning duolari, albatta, zoyedir". 51. Albatta, Biz payg'ambarlarimizga va imon keltirgan zotlarga dunyo hayotida ham, guvohlar (hozir bo'lib) turadigan kunda (qiyomatda) ham yordam berurmiz. 52. U kunda zolim (kofir)larga uzrlari foyda bermas. Ularga la'nat bo'lur va ularga eng yomon joy (do'zax) bo'lur. 53. Biz Musoga hidoyat ato etdik va Isroil avlodiga meros qilib, 54. aqlli kishilarga hidoyat va eslatma bo'lmish Kitob (Tavrot)ni bergan edik. 55. Bas, (ey, Muhammad,) sabr qiling! Zero, Allohning va'dasi haqdir va gunohingizga mag'firat so'rang hamda tunu kun Rabbingiz hamdi bilan tasbeh ayting! 56. Albatta, Allohning oyatlari haqida o'zlariga kelgan biror hujjatsiz tortishadigan kimsalar, aniqki, ularning dillarida shunday kibr bordirki, ular o'shanga yetuvchi emasdirlar. Bas, Siz Allohdan panoh so'rang. Albatta, Uning O'zigina eshituvchi va ko'rib turuvchidir.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur