28. Holbuki, ular uchun bu haqda biror bilim (hujjat) yo'qdir. Ular faqat gumon (taxmin)ga ergashurlar, xolos. Gumon esa, aslo haqiqat o'rniga o'tmas. 29. Bas, (ey, Muhammad,) Bizning eslatmamizdan yuz o'girib ketgan va faqat dunyo hayotinigina istagan kimsalardan voz keching! 30. Ularning "ilm"dan yetgan joylari mana shudir. Albatta, Rabbingizning O'zi Uning yo'lidan ozgan kimsalarni yaxshi biluvchidir va U hidoyat topganni ham yaxshi biluvchidir. 31. Osmonlardagi va Yerdagi bor narsalar faqat Allohnikidir! U yomonlik (gunoh) qilib o'tgan kimsalarni qilgan amallari bilan jazolagay va ezgu amal qilgan zotlarni go'zal (savob, jannat) bilan mukofotlagay. 32. Ular (jannat ahli) kichik xatolardan boshqa katta gunohlardan va buzuqliklardan yiroq yuradigan zotlardir. Albatta, Rabbingiz mag'firati keng zotdir. U (Odamni) Yerdan (tuproqdan) paydo qilgan paytidanoq va sizlar onalaringiz qornida homila bo'lgan paytingizdanoq sizlarni yaxshi biluvchidir. Bas, sizlar o'zlaringizni oqlamay qo'yaqolinglar! U taqvodor kishilarni yaxshi biluvchidir. 33. (Ey, Muhammad,) ko'rdingizmi, kim yuz o'girib ketdi, 34. va ozgina mol berib, (keyin shart qilingan molni berishni) to'xtatdi?! Izoh: Bu yerda tanqid qilinayotgan shaxs Makka mushriklaridan Valid ibn Mug'ira bo'lib, boshqa bir mushrik agar Islomga kirmasang oxiratdagi gunohlaringni o'z bo'ynimga olaman, lekin falon miqdorda menga haq to'laysan, deb shartlashgan. Valid rozi bo'lib, pulni bir qismini berib, qolgan qismini bermagan. Oyatda ana o'shalarning ahmoqona urinishlari tasvirlangan. 35. Uning huzurida g'ayb ilmi bormidiki, u (undan kelajakni) ko'ra olsa?! 36. Yoki (u) Muso sahifalaridagi narsalardan bexabarmi?!