20. (U) odamlarni sug'uriluvchi xurmo (daraxti) tanalaridek sug'urib ketar edi. 21. Bas, Mening azobim va ogohlantirishlarim qanday ekan?! 22. Biz Qur'onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo'ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?! 23. Samud (qabilasi ham) ogohlantirishlarni inkor etdi. 24. Bas, aytdilar: "Bizlar o'zimizning oramizdagi bir odamga ergashamizmi?! U holda bizlar haqiqatan ham gumrohlik va nodonlikda bo'lurmiz-ku! 25. Bizlarning oramizdan o'shanga eslatma (vahiy) tashlanibdimi?! Yo'q, u kazzob va kibrlidir". 26. Ular tongla (oxiratda) kim kazzob va kibrli ekanini bilib olurlar. 27. Biz ularni sinash uchun bir tuya yuboruvchidirmiz. Bas, (ey,Solih,) sen (ularni) kuzat va (aziyatlariga) sabr qilib tur! 28. Suvning ular bilan (tuya) o'rtasida taqsimlab qo'yilgani va har bir ichishga (navbat bilan) hozir bo'lish (lozimligi) haqida ularga xabar bergin! 29. So'ngra ular (Samud qabilasi) o'zlarining bir sheriklarini (tuyani so'yishga) chorlagan edilar, u ishga kirishdi va (tuyani) so'yib yubordi. 30. Bas, (ularga) Mening azobim va ogohlantirishlarim qanday bo'ldi?! 31. Biz ularning ustiga bir qichqiriq yuborgan edik, ular xuddi qo'raning cho'plari kabi (yakson) bo'ldilar. 32. Biz Qur'onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo'ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi? 33. Lut qavmi (u keltirgan) ogohlantirishlarni inkor etdi. 34. Darvoqe, Biz ularning ustiga (toshli) bo'ron yubordik. Illo, Lut oilasigagina (tong) saharda najot berdik. 35. (Bu) Bizning huzurimizdan bo'lmish ne'matdir. Shukr qilganlarni mana shunday mukofotlaymiz.