1. (Ey, Muhammad,) eng oliy zot bo'lmish Rabbingizning nomiga tasbeh ayting! 2. Zero, U (barcha narsani) yaratib, barpo qilgan, 3. barchaga munosib yo'lni belgilab, (o'sha yo'lga) hidoyat qilib qo'ygan, 4. o'tloqni undirib chiqarib, 5. so'ng uni qoramtir xazon qilib qo'ygan zotdir. Izoh: Ba'zi olimlar bu oyatdagi "g'uso'" so'zini neft deb ta'vil qiladilar va u sel ko'piklariga qorishgan chirik yaproq xazonlarining quyqasidan hosil bo'ladi deb izohlaydilar. 6. (Ey, Muhammad,) Biz Sizga (Jabroil vositasida Qur'onni) qiroat qildirurmiz. Bas, Siz (uni) esdan chiqarmassiz. 7. Illo, Alloh (unuttirishni) xohlagan oyatlar bundan mustasnodir. Albatta, U oshkora (so'z va ishlar)ni ham, yashirin narsalarni ham bilur. 8. Biz Sizni oson (din)ga muvaffaq qilurmiz. 9. Bas, eslatma foyda bersa, (kishilarga) eslating! 10. (Allohdan) qo'rqadigan kishi eslatma olar. 11. Baxtsiz kishi esa undan (eslatmadan) chetlab o'tar, 12. zero, u Katta o't (do'zax)da toblanur. 13. So'ngra u joyda na o'la olur va na yashay olur! 14. Najot topuvchi odam, haqiqatan, (kufru isyondan) pok bo'lur 15. va Parvardigorining nomini yod etib, namoz o'qir. 16. Ha, sizlar, (ey, kofirlar,) dunyo hayotini ustun qo'yursizlar. 17. Holbuki, oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir. 18. Darvoqe, bu (nasihatlar) avvalgi (payg’ambarlarga nozil bo'lgan) sahifalarda -
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur