28-bob. Ayollarning janozada ishtirok etmog‘i haqida Ummu Atiyya raziyallohu anho: «Bizga janozada qatnashmoq man’ qilindi, ammo
qat’iyan ermas»,- deydilar.
29-bob. Ayol kishining eridan boshqa yaqinlari vafot qilganidagi azadorlik muddati haqida Muhammad ibn Sirin rivoyat qiladirlar: «Ummu Atiyya raziyallohu anhoning o‘g‘illari
o‘ldi. Uchinchi kuni safra (surtiladigan rangli xushbo‘y modda) keltirmakni buyurdilar,
olib kelingach, uni o‘zlariga surtdilarda: «Ayollarga eridan boshqa yaqinlariga uch
kundan ortiq aza tutmoq makruh qilingandir»,- dedilar».
Zaynab binti Abu Salama rivoyat qiladirlar: «Shomdan Abu Sufyonning vafot etganligi
haqidagi xabar yetib kelganda, uchinchi kuni Abu Sufyonning qizlari Ummu Habiba
(Rasulullohning xotinlari) safra keltirmakni buyurdilar. Olib kelishgach, uni yonoqlari,
manglaylari, quloqlarining tagi va bilaklariga surtdilar-da: «Agar Rasululloh sallallohu
alayhi va sallam «Ollohga va oxirat kuniga ishongan ayolning o‘likka uch kundan ortiq
aza tutmog‘i makruhdir, eri o‘lsagina to‘rt oyu o‘n kun motamda bo‘lg‘aydir»
demaganlarida, men bundoq qilmas erdim»,- dedilar».
Zaynab binti Abu Salama rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning
xotinlari Ummu Habibaning huzurlariga kirdim. Ul kishi menga: «Rasululloh sallallohu
alayhi va sallamning «Ollohga va oxiratga ishonadirgan ayolning uch kundan ortiq
o‘likka aza tutmog‘i makruhdir, eri o‘lsagina to‘rt oyu o‘n kun aza tutg‘aydir» deganlarini
eshitganman» - dedilar. So‘ng, Zaynab binti Jahshning huzurlariga akalari o‘lganda
kirdim. Shunda ular xushbo‘y narsalar olib kelmakni buyurdilar, xushbo‘ylikni o‘zlariga
surtib, so‘ng: «Mening xushbo‘y narsalar surtmakka hushim yo‘g‘-u, lekin men
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning minbarda turib, «Ollohga va oxiratga ishongan
ayolning o‘likka uch kundan ortiq aza tutmog‘i makruhdir, eri o‘lsagina to‘rt oyu o‘n kun
aza tutg‘aydir» deganlarini eshitganman»,-dedilar».