33-bob. Olloh taoloning hajga oid oyati kariymasi haqida Olloh taolo: «Haj muayyan oylarda bo‘lg‘aydir, kimki shul oylarda hajga niyat aylagan
ersa, hajni nihoyasiga yetkazmaguncha shaloq so‘zlarni aytmasin, fosiqlik va janjal
qilmasin!» va yana: «Sizdan yangi oy chiqmog‘i haqida so‘rashg‘aydir, yangi oy,
odamlar vaqt va haj mavsumini belgilamoqlari uchun chiqg‘aydir, deb ayting!» — deydir.
Ibn Umar raziyallohu anhu: «Shavvol va Zulqa’da oylarida hamda Zulhijja oyining o‘n
kunligida haj qiling‘aydir»,— deganlar. Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Faqat haj
oylaridagina ehrom bog‘lamoq sunnat qilingandir»,— deydilar. Usmon raziyallohu anhu
Xurosondan yoki Kirmondan ehrom bog‘lab kelmoqni makruh, deb hisoblaganlar.
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Biz haj" oylarida, haj kechalarida va haj
soatlarida Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birgalikda yo‘lga chiqib, Sarif
degan yerga kelib tushdik. Janob Rasululloh sahobalar oldiga chiqib: «Qay biringiz
qurbonlik olib kelmagan ersangiz-u, umraga niyat qilgan ersangiz, umraga ehrom
bog‘langiz, kimki qurbonlik olib kelgan ersa, bundoq qilmasin!»- dedilar. Shunda, ba’zi
sahobalar umraga, ayrimlari hajga ehrom bog‘lashdi. Rasululloh sallallohu alayhi va
sallam va ayrim sahobalar, qudrati yetib, qurbonlik olib kelishgani uchun ham, umraga
ehrom bog‘lashdan mahrum bo‘ldilar. Men bu so‘zni tinglab, yig‘lab o‘tirgan erdim, Janob
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurimga kirib kelib: «Ey zaifam, nega
yig‘larsen?» - dedilar. «Sizning sahobalaringizga aytgan so‘zlaringizni eshitdim, men
umra qila olmas erkanman»,- dedim. «Senga ne qildi?» - deb so‘radilar. «Men namoz
o‘qiy olmasmen (ya’ni, hayz ko‘rdim)»,- dedim. Janob Rasululloh: «Zarari yo‘qdir, sen
ham Odam Atoning qizlaridan biridirsan, Olloh taolo ularning peshonalariga nimaiki
yozgan bo‘lsa, senga ham yozgandir, hajingda davom qilaverg‘il»- dedilar. Keyin, biz
hajdan chiqib, Minoga keldik, u yerda men toza bo‘ldim. So‘ng, Minodan chiqib, Ka’bani
tavofi ifoza qildik. Keyin, Janob Rasululloh birlan birgalikda Minoning ikkinchi kuni (Mino
kunlari 4 kun bo‘lg‘aydir) yo‘lga chiqib, Muhassab degan yerga kelib tushdik. Shunda,
Janob Rasululloh Abdurrahmon ibn Abu Bakrni chaqirib: «Opang birlan ehromdan
chiqg‘il, opang umraga ehrom bog‘lasin va umra ahkomlarini bajarib, shul yerga qaytib
kelingiz, chunkim men sizlarni kutib turg‘aymen»,- dedilar. Biz yo‘lga chiqdik, men umra
shartlarini ham bajardim, tavof ham qilib bo‘ldim. So‘ng, saharda Janob Rasulullohning
oldilariga keldim. Ul kishi: «Umra qilib keldingizlarmi?» - dedilar. Men: «Ha»,- dedim.
Keyin, sahobalarga yo‘lga otlanmoqni buyurdilar, odamlar Madinaga qarab yo‘l olishdi».