116-bob. O’zi muhtoj bo‘la turib qilingan sadaqa sadaqa ermas! O’zi yoki oilasi muhtoj bo‘lgan yohud birovdan qarzi bo‘lgan kishi sadaqa bergandan
ko‘ra va qul ozod qilgandan ko‘ra, avval qarzini uzmog‘i lozim, chunki uning xayru
ehsoni baribir qabul bo‘lmag‘aydir. Birovlarning molini sarf qilmoqqa uning haqqi yo‘qdir!
Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bu xususda bunday deganlar: «Kim
birovning molini sovurmoq niyatida olsa, Olloh taolo ul bandani halokatga mahkum
etg‘aydir, Ammo, sabr-toqatliligi birlan tanilgan va muhtoj kishi, birovdan qarzi bo‘lsa
ham, sadaqa qilmog‘i mumkindir». Chunonchi, Abu Bakr. raziyalloxu anhu ham shunday
qilgan erdilar, Madina ansorlari ham muhojirlarni shu tariqa kutib olishgandi. Nabiy
sallallohu alayhi va sallam o‘z boyligini bekorga sarf qilmoqni man’ qilganlar, demak
odam birovning molini ham sovurmoqqa haqqi yo‘qdir. Ka’b raziyallohu anhu: «Yo
Rasululloh, men qat’iy tavba qilganim tufayli barcha boyligimni Olloh va uning Rasuli
yo‘lida sarf qilmoqchiman»,- deganlarida, Janob Rasululloh: «Molingdan bir qismini
o‘zingga ham qoldirganing yaxshidir»,- debdilar. Shunda Ka’b: «Haybardagi mulkimni
o‘zimga qoldirg‘ayman»,- deb aytibdilar.
Sa’id ibn Musayyab Abu Hurayra raziyallohu anhudan Nabiy sallallohu alayhi va
sallamning bunday deganlarini eshitgan erkanlar: «O’zidan orttirib qilingan sadaqa eng
yaxshi sadaqadir, shuning uchun sadaqa bermoqni eng avvalo oilangdan boshlag‘il!»
(ya’ni, eng avvalo oilangni ta’minlag‘il).
Hakim ibn Hizom raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday deb
aytganlar»,— deydilar: «Ko‘tarilgan qo‘l, tushirilgan qo‘ldan yaxshiroqdir (ko‘tarilgan qo‘l
- ishlab boqguvchi qo‘l, tushirilgan qo‘l - tilamchi qo‘ldir)! Eng avvalo oilangga sadaqa
berg‘il (oilangni boqg‘il)! O’zidan orttirib qilingan sadaqa - eng yaxshi sadaqadir! Kimki
tavba qilg‘aydir, Olloh taolo uni kechirg‘aydir, kimki boylik tilag‘aydir, Olloh taolo unga
boylik ato etg‘aydir!»
Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
minbarda turib sadaqa va poklik to‘g‘risida eslatib o‘tdilar, so‘ng: «Ko‘tarilgan qo‘l
tushirilgan qo‘ldan afzaldir, ya’ni ko‘tarilgan qo‘l ishlab boqguvchi, tushirilgan qo‘l ersa,
tilamchi qo‘ldir!» - dedilar».