www.ziyouz.com kutubxonasi
386
38-bob. Ibn Umar va Salama ibn al-Akva’: «Olloh taoloning «Ro‘za tutmoqqa qurbi yetadirgan
kishilar ro‘za tutmasalar, bir kunlik ro‘za evaziga bir miskin to‘yadirgan taom bersinlar!»
degan oyatini uning keyingi - «Kimki Ramazon oyi kelgach, ro‘za tutmoqqa qodir bo‘lsa,
ro‘za tutsin... », degan oyati bekor qilgan»,- deyishadi. Muhammad sallallohu alayhi va
sallamning sahobalari - Abu Laylo bunday deydilar: «Ramazon oyida ro‘za tutmoq
haqidagi oyat nozil bo‘lganda biz ro‘za tutmoqqa juda qiynaldik, shunda ro‘za tutmoqqa
qodir bo‘lmaganlarga bir kunlik ro‘za o‘rniga bir miskin to‘yadirgan miqdorda fidya
(to‘lov) bermakka ruxsat etildi. Keyinchalik ersa, «Ro‘za tutganingiz taom
berganingizdan afzalroqdir!» degan oyat nozil bo‘lib, avvalgi oyatni bekor qildi va bizga
ro‘za tutmoq buyurildi».
Nofi’ rivoyat qiladirlar: «Ibn Umar raziyallohu anhu: «Ro‘za tutmaganlar har kungi
ro‘zasi uchun bir miskin to‘yadirgan taom bersin!» degan oyatni o‘qib, « Bu oyat bekor
qilingan»,- dedilar».
39-bob. Ibn Abbos: «Agar kishi bir necha kun ro‘za tuta olmagan bo‘lsa, Ramazon oyidan so‘ng
tutsa ham bo‘lur, uzluksiz bo‘lmog‘i shart ermas. Chunki Olloh taolo: «Tuta olmagan
ro‘zalaringizni boshqa kunlarda tutib berg‘aydirsizlar, degan»,-deydilar. Sa’id ibn
Musayyab: «Ro‘zaning qazosi Zulhijja oyining o‘ninchi kunigacha tutilgani yaxshiroq,
chunki kelgusi Ramazon oyigacha tutilmay qolib ketsa, yaxshi ermas»,- deydilar.
Ibrohim: «Kishi Ramazon oyida beparvo bo‘lib, ro‘za tutmasa, keyingi Ramazon oyi
kelganda har ikkalasini bir qilib tutishi kerak bo‘ladi, qazo bo‘lgan ro‘za uchun fidya
bermoq yaxshi ermas»,- deydilar. Abu Hurayra va Ibn Abbos: «Ramazon oyi kelganda
kimki ro‘za tutolmay qolsa, qazo bo‘lgan ro‘zasi evaziga bir miskin (kambag‘al, bechora)
to‘ygudek taom bermog‘i kerak»,- deganlar. Imom Buxoriy ersa: «Olloh taolo qazo
qilingan ro‘zalar o‘rniga taom bermoqni ermas; balkim ro‘za tutib bermoqni amr
qilgan»,- deydilar.
Abu Salama rivoyat qiladirlar: «Oisha raziyallohu anho: «Ramazonda tuta olmagan
ro‘zalarimning qazosini to Sha’bon oyi kelmaguncha tuta olmas erdim»,-dedilar.
Chunkim, Janob Rasululloh ham Sha’bon oyida ro‘za tutar erkanlar. Yahyo: «Ul kishining
Sha’bon oyigacha ro‘za tuta olmasliklariga sabab Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
birlan mashg‘ul erkanliklaridadir»,- deydilar».