SHARQ HIKMATI
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
97
Taxtga talpinasan g‘azabga to‘lib,
Chiqarmoq bo‘lasan olamshumul chang.
Har oyna ko‘targan Iskandar bo‘lib,
Temur sanalmagay har qandayin lang.
O’zbekning davlati qaror topgan chog‘,
Maymunjon terardi qaysi bir nasling.
O’z yurting sha’niga tushirmagin dog‘,
Axir odam erur sening ham asling.
Har kim shoh bo‘lay der ilojin topsa,
Uringay, tarixga kelsa ham malol.
Falak chappa ketib, omading chopsa,
Sharqning bir hikmatin yaxshi anglab ol:
Podshoh deganlari kunu tun bedor,
Xalqining mehribon doyasi bo‘lur.
Bejiz aytmaganlar, asl hukmdor,
Xudoning yerdagi soyasi bo‘lur.
1994
MAYNA
Bog‘ning qiy-chuviga quloq tutaman,
Bu yerda turfa xil qushlar aylanar.
Sa’va-yu qaldirg‘och - o‘zi bir jahon,
Va lekin ko‘payib ketmish maynalar.
Bunday olg‘ir qushni ko‘rmaganman hech,
Bir cho‘qib o‘n qarar - tegar joningga.
Unga farqi yo‘qdir: kunduzmi yo kech,
Dangal sherik bo‘lar dasturxoningga.
Yurishini ko‘rsang, olifta, satang,
Balki sepib olgan farang atrini.
Musicha o‘zini eplaydi arang,
U-chi, yerga urmas sira qadrini.
Ayni pishgan chog‘i bog‘ingda kishmish,
Egalik qiladi ekkanday o‘zi.
Yaxshiyam yo‘q unda o‘ttiz ikki tish,
Yaxshiyam hamyonni poylamas ko‘zi.
Ulgursa yer yuzin aylardi taqir,
So‘ngra bir-birin yeb, topardi barham.
Dunyoda insofli qushlar ko‘p axir,
Ular soyasida yashar mayna ham.
1994
Saylanma. Abdulla Oripov
Dostları ilə paylaş: |