Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
83
Iloyo, boshimizga kelmasin qaro kunlar,
O’zbegim, deb ko‘taring, do‘stlarim, oltin jomni.
1992 yil, 4 mart
MUSOFIR
Burunni sassiq deb kesib bo‘lmaydi,
Siz meni tushuning, Abdullo aka.
O’zbekman, va lekin darbadar daydi,
Tasalli berolsa qaniydi Makka.
O’zbek deb ajratar Afg‘onga borsam,
Menga kelgindi deb qaraydi Arab.
Tinglovchi kimsa yo‘q dardimni yorsam,
Faqat ezilaman onamga qarab.
Garchi kamim yo‘qdir molu dunyodan,
Oshyoni omonat qushman aslida.
Yiroqman yurt degan mehrigiyodan,
G‘aribman umrimning qaynoq faslida.
Qo‘lda qurol bilan jang qildim men ham,
Afg‘on tuprog‘ini bosganida yov.
Hech qursa bir nafas, hech qursa bir dam,
Bosqinchi yo‘liga bo‘la oldim g‘ov.
Jangda inilarim bo‘ldilar shahid,
Yolg‘iz onam bilan qoldik ikkovlon.
Meni atadilar manfur mujohid
Shimol galalari makkor, beomon.
Jayhunning ortidan kelgan o‘zbegim,
Qurol ko‘tarmishdir o‘rtanib joni.
Bugun men olamga oshkora degum,
U ham sho‘rolarning bo‘ldi qurboni.
Menga qo‘li qon deb boqmang, akajon,
Ozodlik qadrini men ham bilganman.
Janglarda qay o‘zbek bergan bo‘lsa jon,
Uning qatorida men ham o‘lganman.
1992
Dostları ilə paylaş: