Microsoft Word shaytanat1 ziyouz com doc



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə30/52
tarix23.01.2023
ölçüsü0,58 Mb.
#80292
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   52
shaytanat

b o b 1


Asadbek to‘ydan keyin bir oz halovat toparman, deb o‘ylagan edi. Qiz uzatgan odamda halovat bo‘lmasligini u qayoqdan ham bilsin! Qiz kuyovnikiga ketar oldidan otasi huzuriga bosh egib keluvi, otaning esa duo qiluvi rasm edi. Zaynabni shu rasmga binoan boshlab keldilar, ammo o‘z hovlisida emas, restoran ostonasida, mast-alast nigohlar guvohligida duo qilmog‘i lozim bo‘ldi. U ko‘p yaxshi niyatlarni diliga tugib qo‘ygan edi.
Qizining mo‘’minlik bilan bosh egib kelayotganini ko‘rganidayoq hushi uchdi, tomog‘iga bir nima tiqildi. U onasining o‘limidan so‘ng ko‘ziga yosh olmagan edi. Hozir yig‘lagisi keldi. Qizi bir qadam berida to‘xtadi. Asadbek otasini quchoqlab yig‘lagan qizlarni ko‘rgan, o‘z qizining ham shunday qilishini kutib edi. Baxtiga bunday bo‘lmadi. Asadbek avvaliga «nima uchun to‘xtab qoldi?» deb ajablandi. Keyin «yaxshi bo‘ldi, yig‘lasa men ham o‘zimni tutib turolmas edim» dedi-da, fotihaga qo‘l ochdi. Hayajon o‘ylab qo‘ygan gaplarini to‘zitib yuborgan edi. O‘ylashga, gap topishga fursat yo‘q — yuzlab qo‘llar duoga ochilib, yuzlab ko‘zlar unga tikilgan, «Baxtli bo‘lgin, qizim», deyishdan o‘zga so‘z topolmadi. Qiziga yaqinlashib, peshonasidan o‘pdi.
Qizi Asadbek yuragining bir parchasini yulib olib ketdi.
Shundan beri xayoli qizida. Eshik tiq etsa xavotir bilan qaraydi. Telefon jiringlasa ham yuragi bir to‘lqin uradi. Nazarida qizi sharmandalik yukini ortmoqlab, ko‘zyoshini to‘kib, faryod urib kirib kelayotganday tuyulaveradi.
A’yonlari uch-to‘rt kun dam oling, deyishganida ko‘ngan edi. Birinchi kuniyoq uyda qolish dam emas, azob ekanini his qilib shahar markazidagi qarorgohiga jo‘navordi. Bugun ham ertalabdan saroymonand xonasida a’yonlarini kutmoqda edi.
Chuvrindi Samarqandga shirinsuv korxonasini ishga tushirishga, Kesakpolvon esa Marg‘ilondagi muzqaymoq korxonasining nima sababdan to‘xtab qolganini aniqlash maqsadida ketishgan edi.
Asadbek xonasiga kirishi bilan hisobchini chaqirdi. Videobarning o‘ng tomonidagi xona hisobchiniki. Yapon anjomlari bilan ish yurituvchi hisobchi Asadbekni qiziqtirgan har qanday ma’lumotni bir lahzada yetkazadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Viloyatlarga tariqday sochilgan, ko‘rinishi nazarga tushmas darajada kichik, ammo foydasi katta korxonalaridan xazinaga pul avvalgiday oqib turibdi. Asadbek vinzavod masalasini hal qilib olgach, bu xo‘jalikni teng ikkiga bo‘lib, a’yonlarga berishni niyat qilgan. A’yonlar buni bilishadi. Shu sababli korxonalardan hamisha boxabar bo‘lib turishadi.
Asadbek hisobchining axborotidan ko‘ngli to‘lib o‘tirganida telefon jiringladi. Qo‘shni xonadagi qizlardan biri yoqimli ovozi bilan gapirib, vinzavod direktori yo‘qlayotganini bildirdi. Asadbek moviy telefon go‘shagini ko‘tardi. Ikki soatcha ilgari vinzavoddagi odamlar prokuror kelganini bildirishgan, Asadbek, «Qo‘rqmang, biz hammasidan xabardormiz», degan mazmunda ko‘ngliga dalda bergan edi. «Bunga yana nima jin tegdi», degan xayolda go‘shakni qulog‘iga tutdi. Sharifning xavotirga tushganini ovozi oshkor qilib turardi. U Qilich Sulaymonovning qamoqdan qochganini aytgach, Asadbek:

  • Bo‘lishi mumkin emas! — dedi keskin. — Kim telefon qildi?

  • Polkovnik Musaxo‘jaev degan odam.

  • Qaerdan?

  • Milisadan bo‘lsa kerak.

  • Nima ko‘p, milisaning idorasi ko‘p. Nima ko‘p polkovnik ko‘p.

  • To‘g‘ri... lekin Musaxo‘jaev bittadir?

«Yana aql o‘rgatadi-ya», deb g‘ijindi Asadbek.

  • Vahima qilavermang. Qilich Sulaymonovdan o‘nta bo‘lsa ham qo‘rqmang. Asadbek ig‘voning isini tuygan bo‘lsa ham, kerakli bir joyga qo‘ng‘iroq qilib, aniqlab berishni topshirdi.

«Qilichning qochishi hecham mumkinmas. Xohlasa shunday ham chiqib keladi. Yo Hosil aralashdimi? Qochganlar uning odamlari bo‘lsa, balki shu gap ham to‘g‘ri chiqar. Bu boyvachchaning qimirlashi yaxshi bo‘lmayapti. Qilichni o‘tqazib qo‘yib bekor qildimmi?..» Chorak soatga qolmay hammasi ayon bo‘ldi. Qamoqdan besh kishi qochgani to‘g‘ri, lekin Qilich Sulaymonov joyida edi. Polkovnik Musaxo‘jaev degan odam esa yo‘q. Demak, ig‘vo! Kimga kerak bu ig‘vo? Maqsad Sharifni qo‘rqitib qo‘ya qolishmi? Yo Asadbek saltanatiga tosh otib, g‘ashiga tegishmi? Kim bo‘lsa ham nozik joyidan olgan.
Begonaning ishi emas bu. Asadbek bir to‘xtamga kelishga ulgurmay Hosilboyvachcha qo‘ng‘iroq qildi.

  • Akaxon, to‘yning charchoqlari chiqay dedimi? Ammo olamjahon zo‘r to‘y qildingiz-da! Hormang, deb supraqoqdiga borishga vaqt bo‘lmadi. To‘yingizning ertasiga Farg‘onaga jo‘nab qoldim. Bugun qaytdimu okaxonni bir yo‘qlab qo‘yay, dedim.

  • Tinchlikmi? — dedi Asadbek.

  • G‘alvali ishlar bor. Ko‘rishganda aytaman.

  • «Kamaz»ga ketganlardan darak bormi? Qo‘lidan ish keladigan bolalarmidi o‘zi?

  • Bu yog‘iga xotirjam bo‘ling, okaxon. O‘nta «Kamaz» sizniki. Shu hafta ichi yetkazib kelishmasa, basharamga tuflang.

  • Sizday ukaxonlarga ishonmasak, kimga ishonamiz, shunchaki so‘rab qo‘ydim-da.

  • Ammo, to‘yingiz jannatning to‘yidek bo‘ldi-da! Biz ham shunday to‘ylarga yetaylik, deb niyat qildik. Endi kichkinagina bir maslahatli ish bor. Kuyovingizga bir xizmatcha chiqib turibdi. Bir qadrdonimiz to‘y...

  • Hosilboy, jigarim, bunaqa gaplarni o‘ziga ayting... Men «amma-xolasi havodor», deb

o‘tiradigan dasturxonchi emasman, shekilli?

  • Uzr, okaxon, avval oldingizdan o‘tay devdimda...

Hosilboyvachcha uzr ayta-ayta xayrlashdi. Asadbek go‘shakni joyiga qo‘yib, so‘kindi.
«Hayvon-e, — dedi u, — endi kalaka qilishni boshladimi? Nima demoqchi? Otarchiga qiz berib, uning gumashtasiga aylanding, demoqchimi?.. Maqsad nima? Elchinni to‘yga aytishmi? Undan mashhurroq otarchilar turganda-ya? Ha, tulki! Elchinni to‘yga olib borib, kalaka qiladi. «Ko‘rib qo‘ylaring, Asadbekning kuyovi kerak bo‘lsa oyog‘imni o‘padi», deydimi? Nima uchun qo‘ng‘iroq qildi o‘zi? Maqsad shuni so‘rashmidi yo holimdan xabar olmoqchimidi? Sharifga shuning odamlari telefon qilmaganmi? Bu g‘alva kimga kerak?»
Asadbek shu to‘xtamga keldi. Katta urushlarning mayda qitmirliklardan boshlanishi unga ma’lum. Hosilboyvachchaning yagona hokim bo‘lishga tirishishi ham unga sir emas. U tulki urushni o‘zi boshlamaydi. Birinchi bo‘lib qo‘l ko‘tarishga Asadbekni majbur qiladi.
«Qani, g‘imirlayver-chi...» Asadbek shunday deb g‘ijinib, o‘tirgan yerida Bo‘tqani chaqirdi.

  • Jamshid shu yerdami, ayt, otarchini... Elchin akangni topib kelsin.

  • Xo‘p bo‘ladi, Bek aka, okaxon kelgandilar, — Bo‘tqa shunday deb xushxabar yetkazganday jilmaydi.

  • Qaysi «okaxon»?

  • Jalil akamiz-da.

  • O‘zimi?

  • Ko‘chada ikkita chol turibdi, birga kelishdi.

  • Qani, chaqir-chi.

Jalil bir oz kutib qolganmi, tumtayganroq ko‘rinishda kirib keldi. Asadbek uni o‘rnidan turib qarshiladi.

  • Kiravermay, o‘tirdingmi? — dedi Asadbek. — Bunaqa odating yo‘g‘idi-ku?

  • Hurmating bor, oshnam. Biz bir bekorchi odam bo‘lsak, — u shunday deb qo‘ltig‘iga qistirib olgan eski gazitga o‘rog‘lik narsani uzatdi. — To‘yga kelolmadim. Yaxshi o‘tkazib oldingmi?

Asadbek kulimsirab gazitni ocha boshladi. Jalil nima keltirganini u bilardi. Bilsa ham do‘stining ko‘ngli uchun ochishga majbur edi. Ochmasa Jalil bobillab berishi tayin. Eski gazitga eski kalish o‘ralgan edi. Bu o‘sha eski falsafa — sudrab yurgan chorig‘ingni unutma.

  • To‘yga kelmaganingga gina qilib o‘tiruvdim, tinchlikmi o‘zi, nimaga kelmading?

  • Sen meni to‘yga aytdingmi? — Jalil ovozini bir parda ko‘tardi.

  • Birinchi bo‘lib senga xabar berdirganman.

  • Katta bo‘lsang o‘zingga, bu birinchidan, boyvachcha bo‘lsang ham o‘zingga, bu ikkinchidan, xo‘pmi! Laychalaringni yuborib to‘yga ayttirdingmi? O‘zingning oyog‘ing yetmadimi?

  • Endi oshna, to‘ychilik, shoshib qolarkansan.

  • O‘zingga o‘xshagan boyvachchalarni aytishga shoshmagandirsan?

  • Xo‘p, tavba qildim, men ahmoqman, — Asadbek ham ovozini ko‘tardi, — o‘zim bormabman. Oshna degan eshitsa kelaveradi. Og‘aynisining yonida dalda bo‘lib, qo‘l qovushtirib turadi.

  • Ha, bo‘pti, qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar, deb jirillayverma. Nimaga kelding, deb so‘ramaysan-mi?

  • Bir g‘alvani boshlab kelgansan-da, ko‘chadagi chollar kim?

  • Soli ota bilan Jo‘ra cho‘loq.

  • Jo‘ra cho‘log‘ing kim?

  • Yaqinda kelgan. Sobir qozoqning uyini sotib olgan. Tanimasang kerak uni.

  • Nima ishlari bor ekan?

  • Men aytaymi, o‘zlaridan eshitasanmi?

  • Chaqir.

Asadbek Jalilning izidan chiqib, oqsoqollarni videobarda kutib oldi-da, to‘rt kishiga mo‘ljallangan ustolga boshladi. Bo‘tqa buyruqni kutmayoq, dasturxon bezadi. Qariyalar yerto‘la ham shunaqa ajoyibxonaga aylantirilishi mumkin ekan, deb hayratlanib o‘tirishdi. Bir piyoladan choy ichilgach, Soli ota deganlari ohista so‘z boshladi:

  • Endi o‘g‘lim, biz otang rahmatli bilan vaqtida oshnachilik qilganmiz. To‘g‘ri odam edi. Birovning ko‘nglini og‘ritmasdi.

  • Joyi jannatda bo‘lsin, — deb gap qistirdi Jo‘ra cho‘loq deganlari. Soli ota «gap qo‘shmay turing», deganday unga qarab oldi.

  • Gap shuki, o‘g‘lim, sizdan ham rozimiz. Mahallaga xizmatlar qilib berdingiz. Xizmatlaringizni unutmaymiz. Ammo bir ishingizdan norozimiz, shuni aytgani keldik.

  • Ko‘pchilik norozi, yaxshi ish qilmabsiz, — dedi Jo‘ra cho‘loq.

Asadbek ajablanib, Jalilga qaradi. U «hozir o‘zing eshitasan», deganday im qoqdi.

  • O‘g‘lim, bilasiz, mahallamiz eski, to‘kilaman, deb turibdi. Bitta katalakdekkina uyda o‘nta oila. Bolalarimiz turmush qurib o‘z uylariga sig‘may ijaralarda o‘tirishibdi. Bu eskilar qachon buzilarkin, qachon bizga ham uy tegarkin, deb kutaverib sarg‘ayib ketdik.

  • Bunaqada sil bo‘lib ketish hech gapmas, — dedi Jo‘ra cho‘loq. Soli ota unga yana bir marta norozi qiyofada qarab oldi.

Asadbek bu tashrif tashabbusi Soli otadan emas, aynan shu cho‘loqdan chiqqanini anglab, g‘ijindi. Uzoqdan boshlangan gap mohiyatiga yetguncha toqat qildi.

  • Gapning indallosi shuki, o‘g‘lim, bultur uylar buziladi, deb o‘lchab-netib ketishuvdi. Endi eshitsak, buzilmasmish. Uzunquloq gaplarga qaraganda sen to‘xtatgan emishsan.

  • Menmi? — Asadbek ajablandi. — Kim aytdi?

  • Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamay-di, — dedi Jo‘ra cho‘loq. Asadbek unga qovoq uyub qaradi:

  • O‘sha shamol qayoqdan keldi?

  • Endi eshitdik-da, o‘g‘lim. «Ota-onam yashagan uyni buzdirmayman» deganmishsan. Bir jihatdan sen haqsan. Mening ham ko‘zim qiymaydi. Sakson yildan beri ko‘rganim shu mahalla. O‘ligim shu uyimdan chiqsa armonim yo‘q edi. Lekin ilojim qancha? Bolalarimga achinaman. Qo‘lim kaltalik qilib, tuzukroq uy-joy eplab berolmadim. Nochorman-da...

  • Soli ota, siz shu gaplarga ishondingizmi? Hukumat buzaman desa, mendan so‘rab o‘tirarkanmi? Men hukumatga kimman? Hech kimman! Odamlar gapiraveradi-da.

  • Odamlar ahmoq emas, bo‘lar-bo‘lmasga gapiraverishmaydi, — dedi Jo‘ra cho‘loq. — Sizning kimligingizni bilamiz. Qayoqqa qo‘l uzatsangiz yetadi.

  • Shunaqami?! — Asadbek qo‘lidagi piyolani ustol ustiga taq etib qo‘ydi. Jo‘ra cho‘loqqa g‘azab bilan tikildi.

Jalil ham, Soli ota ham ish buzilganini fahmlashdi.

  • Mayli, o‘g‘lim, xafa bo‘lma, odamlarning og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi-da, — dedi Soli ota vaziyatni yumshatishga harakat qilib. Ammo g‘isht qolipdan ko‘chgan, suhbatni davom ettirishning hojati yo‘q edi.

Asadbek bir ko‘ngli Bo‘tqani chaqirtirgisi, bu cho‘loqni ko‘chaga uloqtirgisi keldi. Yonida o‘tirgan Jalil «o‘zingni bos», degan ma’noda soniga turtib qo‘ymaganida balki shunday qilardi ham. Biroq, faqat jisman emas, aqlan ham oqsoq bo‘lganlar valdiraganida jim o‘tirolmas edi. Bunaqalarning «Bopladimmi!» deb chiqib ketishiga yo‘l qo‘ya olmas edi.

  • Sen kimsan o‘zing? — dedi Asadbek, Soli otaning gapiga parvo qilmay. Uning dabdurustdan sansirashga o‘tishi Jo‘ra cho‘loqni andak dovdiratdi. U javobga og‘iz

juftlamay turib, savol yana takrorlandi: — O‘zing kimsan, deyapman. Mahallaga bitta tosh qo‘yganmisan? Kecha kelib bugun hammayoqni sasitib yurgan senmisan, hali?! Soli ota, it yetaklab yurish odatingiz yo‘q edi-ku, qariganingizda sizga nima bo‘ldi? Bu agar mahallaga sig‘mayotgan bo‘lsa ketiga bir tepish kerak, chiqqan joyiga kirib ketsin.
Jalil tizzasi bilan yana soniga turtdi.

  • Bo‘ldi, qo‘y endi, — dedi.

  • Sen jim o‘tir. Kimligimni bu bilmasa sen bilasan-ku? Shunaqa deyishsa, boshlab kelaverdingmi? Agar qo‘limdan kelsa... buzdirtirmayman mahallani! Hammayoq buzilib bo‘ldi. Bitta mahalla qolsin. Ammo mana buni, — Asadbek ko‘rsatkich barmog‘i bilan Jo‘ra cho‘loqni ko‘rsatdi, — yo‘qotinglar. Mahallaga begona aralashmasin.

  • Siz...

Jo‘ra cho‘loqning gapi og‘zida qoldi. Soli ota duoga qo‘l ochdi.

2


Asadbek ig‘vo qilinganini, Qilich Sulaymonov qamoqda o‘tirganini aytganidan keyin ham Sharif tinchimadi. Esi og‘ib qolgan odamday xonasida u yoqdan-bu yoqqa borib kelaverdi. «Nimaga ig‘vo qilishadi, kim ig‘vo qiladi?» degan savol miyasiga o‘rnashib olib tinchini buzdi. Telefon qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermadi. Kotiba birinchi marta eshik ochib, ajablandi. Ikkinchisida «jinniroq odammi bu», deb cho‘chidi.


Sharif xonasiga sig‘madi. Paltosini kiyib uyiga ketdi. Qamoqdan qaytgan kunning ertasigayoq o‘zi uchun ham kutilmagan bir tarzda hovlisida qurilish boshlangan edi. Ikkita ag‘darma mashina pishiq g‘isht tashlab ketganida «sho‘pirlar adashdi-yov», deb o‘yladi. So‘ng to‘rt kishi g‘ishtni hovliga tashiy boshladi. So‘ng taxta keldi. Mardikorlar Sharifning savoliga faqat yelka qisishdi. «Bizga pul berib buyurishdi, biz ishlayapmiz», deyishdan nariga o‘tishmadi. Bu harakatlar Asadbekning himmati tufayli bo‘layotganini keyinroq bildi. Undan ko‘ra ko‘proq Nasiba xavotirga tushdi. Erining qamalishi, pul so‘rab yozilgan xat, so‘ng to‘satdan ozod bo‘lishi, keyin qurilish... vinzavodga boshqon bo‘lish... Har qanday ayolning esini o‘g‘irlashi turgan gap. Ayollarning sochi uzun, aqli kalta, deganlar ularning ko‘ngli sezgir bo‘lishini hisobga olmagan bo‘lsalar kerak. Xonadonlari boshi uzra yopirilib kelayotgan abri baloni erlardan avvalroq sezadilar. Sezadilar-u, uni qaytarishga ojizlik qiladilar. Nasiba erining yomon bir o‘yinga aralashib qolganini sezib turardi, ammo uni bu o‘yin girdobidan chiqarib olishga qurbi yetmasdi. Qurilishni qanday to‘xtatsin, qanday qilib vinzavod boshqonligidan bo‘shatsin? Shuncha yil kamtar hayot kechirib, birdaniga dabdaba boshlanishi mahalla nazaridan chetda qolarkanmi? «Bosib qo‘ygan pullari bor ekan, pismiqlar!» deyishadimi yo «vinzavodga xo‘jayin bo‘lib bosar- tusarini bilmay qoldi», deb gap tarqatishadimi? Nechta odam kerakli joylarga xat ham jo‘natgandir...
Nasiba bexos kirib kelgan erini ko‘rib ajablandi. Oqargan yuziga qarab «toblari qochibdi», deb o‘yladi.

  • Ustalar qani? — dedi Sharif, xotinining salomiga alik olmay.

  • Kelishmadi. Kecha «sovuqda g‘isht termaganimiz ma’qul», deyishuvdi.

  • He, noshud! Shularni ham eplab ishga solmagin! Bunaqada yuz yilda ham bitmaydi uying.

  • Voy, men ularga xo‘jayinmanmi?..

  • Og‘zingni ochib o‘tiraver. Katalakday uyda katta bo‘lgansan. Senga odambashara uyning keragi yo‘q. O‘tiraver!

Nasiba erining avzoyi buzilganini bilib, bitta gapdan qola qoldi. Er g‘azab otiga minib, qilich yalang‘ochlagan mahalda xotinga qiyin. Erga peshma-pesh gap topib berib tursa
yo kaltak yeydi, yo uydan haydaladi. Bitta gapdan qolsa yana yomon — xotindan javob qaytmagach, erning g‘azab toshlari ichida qolib, qiynab yuboradi. «Nimaga tumtayib olding, gaplarim yoqmadimi?» deb boshqa tomonga hujumga o‘tadi.
Hozir ham shunday bo‘ldi. Sharif bisotidagi baqiriqlarni ishlatib bo‘lgunicha Nasiba indamay turaverdi. Keyin uyga kirishdi. Sharifning nazarida uy isib, dimiqib ketgan ekan. Nasiba bu uchun ham gap eshitdi. Sharif tajribaxonasiga kirib bir piyola o‘tkir musallasdan ichgach, hovuri sal bosildi. «Nasibaga nima uchun baqirdim?» degan savol uni insof ko‘chasiga qaytardi.
Nasiba hozir turib ketadiganday divanda omonat o‘tirar edi. Sharif uning yonidan joy oldi.

  • Bo‘ldimi? — dedi Nasiba, zardali ovoz bilan. — Nafsingiz orom oldimi?

Bir tomon o‘qlarini otib tamom qilgan, endi ikkinchi tomonning qarshi hujumga o‘tishi uchun sharoit yetilgan edi.

  • Hm, gaplarim yoqmadimi? — dedi Sharif, chekinish niyati yo‘qligini ma’lum qilib.

  • Yoqdi, moyday yoqdi. Nima bo‘ldi o‘zi?

  • Hech nima. Ustalarga javob berib yuborganingni...

  • Ustalarga men javob beribmanmi? Ustalar ishlasa ham baribir, alamingizni mendan olardingiz. Ayting, nima bo‘ldi?

Endi chekinmasa bo‘lmaydi. Itning fe’li egasiga ma’lum, deganlariday, Nasiba erining odatini biladi. Qachonki, ishxonada yo ko‘chada noxushlikka duch kelsa, alamini uydan oladi, keyin hasratini to‘kadi.

  • Meni ham odam qatoriga qo‘shishibdi, — Sharif hazil ohangida gapirmoqchi edi, uddalay olmadi. So‘zlari labidan titrabroq uchdi. — Bittasi telefon qilib, «Sulaymonov qamoqdan qochdi», deydi.

  • Ado bo‘lsin, qochsa sizga nima?

Sharif «u seni o‘ldirmoqchi» degan gapni aytmadi. Aytsa, Nasiba vahimaga tushishi mumkin edi.

  • Qochmagan ekan, ig‘vo qilishibdi.

  • Voy, adasi, bu ishlar menga sirayam yoqmayapti. Qo‘ying hammasini, tinchgina o‘tiraylik.

Chekinish tadorigi aldamchi ekan. Musallasga aldangan g‘azab birdan bosh ko‘tardi. Xotinining dildan kuyinib aytgan gapi unga g‘arazday bo‘lib tuyuldi.

  • Sen tinchgina o‘tir. Boshqalar mening boshim- ga chiqib olib istagan noma’qulchiligini qilaver- sin, a?!

Qarshi tomon javob bermay, yana ma’sumalik libosiga o‘randi. Sharif shart o‘rnidan turib tajribaxonasiga qarab yurdi. Nasiba chuqur uf tortib qo‘ydi. Sharif bir piyolaga qanoat qilmay, yana bittasini bo‘shatgach, xonasiga qaytdi.

  • Men kimman, bilasanmi? — dedi xotini oldiga kelib. Nasiba «kimsiz?» deganday unga qaradi-yu, yana indamadi. Savolga Sharifning o‘zi javob berdi: — Men olimman! Meni chet el ham biladi! Qaysi akademigingning orqasidan chet elliklar yuribdi. Bu akademiklaring, do‘kturlaring chet elga borib qolsa, ularga it qaramaydi. Chunki ularda ilm yo‘q. Menda ilm bor. Lekin suyanadigan tog‘im yo‘q! Endi tog‘ topildi. Odamlar nima desa deyaversin. Men faqat o‘sha toqqa suyanaman. Namozovning kimligini bilib qo‘yishsin. Men ham o‘sha yo‘limni to‘sgan akademiklaringga tupurib o‘taman. Endi tinch o‘tirish yo‘q, bilib qo‘y. Tinch yurib topganim qamoq bo‘ldimi? Qamoqda chirib ketishim kerakmidi?

Shu payt qornida kuchli og‘riq qo‘zg‘alib, gapini davom ettirolmay qoldi. Bukchayib, o‘xchidi. Nasiba chaqqon turib, erini yelkalarini ushlab, divanga yotqizdi-da, xapdori berdi.

  • Nasib, bu g‘alvalar o‘tkinchi. Biz ham odamlarga o‘xshab yashaylik-da. Nasiba eriga qarab bosh chayqadi.

  • Shu paytgacha odamga o‘xshab yashayatuvdik...

3


Jamshid bu xonadonga necha marta kelgan bo‘lsa, har safar eshik ochiq bo‘ladi. Shu sababli jing‘iroqni chalib o‘tirmay, to‘g‘ri hovliga kirib boraverardi. Bu gal ham shunday qildi. Hovlini bosib o‘tib, uyga yaqinlashdi-da, «Hofiz aka!» deb chaqirdi.


Elchin uyida yo‘q edi. Videoda hindcha tamosha ko‘rib o‘tirgan Zaynab yuragi siqilib o‘rnidan turgan, bu onda deraza yonida edi. Tamoshada ikki oshiqning qovushganini ko‘rib, Jamshidni eslagan, uni ko‘rgisi kelgan edi. Yaratgan uning ohini eshitib, Jamshidni bu xonadonga keltirib qo‘ysami? Yana qo‘ng‘iroq jiringlamasdan darvozaning yonidagi eshik ochildi. U o‘z uyiga kirganday kirib keldi. Zaynabning yuragi esa potirlab, joni halqumiga kelib qoldi. Et bilan teri orasida mudrayotgan shayton uyg‘onib, juvonning badanini ajib bir haroratda isita ketdi.
Jamshid uyga yaqinlashib, to‘xtadi. Nimadir dedi. Zaynab eshitmadi. Jamshid ikkinchi marta «hofiz aka, ho‘, hofiz aka!» deganda uning ovozi arang qulog‘iga yetib keldi.

  • Hozir, — dedi Zaynab, ammo o‘z ovozini o‘zi ham eshitmadi.

Jamshid uchinchi marta chaqirdi. Shunda Zaynab deraza yonidan qochib, eshik tomon yurdi. Nazarida oyoqlari og‘ir, arang yurayotganday edi. Aslida esa eshikkacha uchib bordi. Eshikni ochdi-yu, ostonada to‘xtadi. Hovli tomon oyoq bosishga jur’ati yetmadi. Chunki bu mahalda hayo ham uyg‘onib, shayton bilan ixtilofni boshlagan, shayton berayotgan haroratni o‘chirmoqqa kirishgan edi. Yaxshiki Jamshid ham to‘xtab turardi. Agar u uy tomon qadam qo‘ysa, Zaynab eshikni ochiq qoldirgan holda chekinar, uning chekinishi barobarida shayton g‘oliblik mayini sipqora boshlar edi.

  • Xo‘jayin yo‘qmilar? — dedi Jamshid, dabdurustdan. U ko‘z oldida ulg‘ayib voyaga yetgan qizchaning juvonlik olamida bu qadar latofat kasb etishini kutmagan edimi, har holda ostonada pariruxsorni ko‘rib andak dovdiradi. Hol-ahvol so‘rashni unutdi.

Juvonning chiroyi aqlini shoshirgan bo‘lsa-da, ko‘ngliga yomon fikr oralamadi.

  • U kishi o‘rtoqlari bilan ketuvdilar, — dedi Zaynab.

  • Bek akam so‘rayatuvdilar. Qayoqda bo‘lishlari mumkin? O‘rtoqlarini taniysanmi?

  • Kuyovjo‘ra bo‘lgan yigit-chi? Anvarmidi otlari... Shu mahallada turishadi. Choyxonaning atrofida deganday bo‘luvdilar...

  • Bo‘pti, o‘zim topaman. Kep qosa, adangni topsin. Ish zaril! Jamshid shunday deb iziga qaytdi.

Zaynab ko‘nglida kiring, choy iching, demoqchi bo‘ldi-yu, tiliga chiqmadi. Jamshid yana bir nafas tursa aytardi. Lekin u to‘pori juvondan lutf kutmadi. Ko‘cha eshigi yopilgach, Zaynabning xo‘rligi keldi. «Yigit degani ham shunchalik e’tiborsiz bo‘ladimi?..»
U xonaga qaytib, yana deraza oldiga keldi. Yana ko‘cha eshigiga tikildi. Xayolan jingalaksochli yigitni chaqira boshladi. Xayolidagi yigit iziga qaytdi. Eshik ochildi. U jilmayib kirib keldi. Bu safar «Hofiz aka!» deb baqirmay, «Zaynabxon!» deb shivirlab keldi. Zinadan ko‘tarildi. Uyga kirdi. Deraza oldiga yaqinlashdi. Uning yaqinlashayotganini bilsa ham, Zaynab hech narsadan bexabarday hovliga tikilib turaverdi. U orqa tomondan keldi. Yelkalaridan quchoqladi. Zaynab entikdi. Uning iliq nafasi bo‘yniga urildi. Badanini lovullatib yubordi. Yelkadagi baquvvat qo‘llar boshqa vazifa bilan qo‘ltiq ostiga yuborildilar... Shunda u o‘girildi... ko‘zi yumuq holda bo‘lsa ham lablarini osonlik bilan topdi. Keyin u ko‘tarib oldi. Yotoq sari yurdi. Yumshoq to‘shak ularni bag‘riga oldi...
Zaynab entikib, ko‘zlarini ochdi. Xayolidagi yigit uchib ketganday bo‘ldi. Hovli kimsasiz, ko‘cha eshik yopiq edi. Xonada esa suluvi atrofida aylanib-o‘rgilib eshilayotgan hind yigitning qo‘shig‘i hukmron. U deraza yonida turgan holda o‘girilib, televizorga tikildi.
Shunaqa baxtiyor odamlar bormikin yo hamma menga o‘xshagan bedavomikin, deb o‘yladi.
Bu xonadonda bir ayolni baxtiyor etish uchun hamma narsa muhayyo edi. Noshukurlik qilmasa ham bo‘ladi. Uy, yemoq-ichmoqdan zoriqadigan tomoni yo‘q. Eri birov ko‘rsa havas qilguli erkak. Lekin shirin orzular qanotida suzib ulg‘aygan qiz uchun shuning o‘zi yetarlimi? Xo‘sh, Jamshidga tekkanida baxtli bo‘larmidi, orzusiga yetarmidi?
Nikohning ikkinchi tuni Zaynab Elchinning gaplarini eshita turib «Siz qotilsiz!» dedi. Zaynab bu bilan Noilaning o‘limini eslatmoqchi emasdi. Elchin uning shirin orzularini bo‘g‘ib o‘ldirgan edi. Bu qotillik uchun qamash ham, otib tashlash ham mumkin emas. Bunday jazosiz qotillar yer yuzini po‘panakdek bosib yotibdi. Elchin — Zaynabning nazarida shulardan biri.
Nikohning ikkinchi tuni — kuyov-kelin uchun muqaddas bo‘lmish tunda, Elchin Noilaning o‘limidan so‘z ochib, xotiniga pichoq urmaganini aytdi. Zaynab bu gaplarga e’tibor bermadi. Chunki onasi to‘ydan oldin uni yupatish maqsadida «sen undan qo‘rqma, xotinini u o‘ldirmagan ekan, tuhmat bilan qamalgan ekan, dadang aytdilar», degan edi. Zaynab bu gap faqat ovutish uchun aytildimi yo chindan ham shundaymi, bilolmaydi.
Elchinning o‘zini o‘zi oqlashi unga erish tuyuldi. Uning nazarida bu erkak past ketganday bo‘ldi.

  • Mening nima aybim bor edi, meni nima uchun xo‘rladingiz? — dedi Zaynab, ezilib o‘tirgan eriga qarab.

  • Sizning aybingiz yo‘q... Ammo Noilani adangiz o‘ldirtirgan. Nomus azobini totib ko‘rishi lozim edi.

  • O‘ch oldingizmi?

  • Ha, o‘ch oldim.

  • Endi-chi?

  • Nima endi?

  • Ko‘nglingiz joyiga tushdimi?

Elchin javob bermadi. Xotiniga ma’nodor qarab qo‘ydi. Uning ro‘parasida mo‘’mina Manzuraning qizi emas, qahrli Asadbekning qizi o‘tirardi. Zaynab odob jihatidan onasiga tortgan bo‘lsa-da, ba’zan yuragida g‘alayon uyg‘onib, otasiga o‘xshab qolardi. Hozir past ketib o‘tirgan eriga qarab, «Men ham sizdan o‘ch olsam-chi?» demoqchi bo‘ldi-yu, tilini tiydi. Ammo xayolida uyg‘ongan shu o‘y unga haqiqatday tuyula boshladi. Zaynab unga
«Sizdan qasos olaman» demadi. Savoliga javob berilmagach, biroz sukut saqladi-da:

  • Siz qotilsiz! — dedi qat’iy. Bu — qasos bahridan suv ichguchi hukm edi. Elchin buni anglamadi. Ro‘parasidagi go‘zal mavjudot qasos olishga haqli, o‘ch olmoqqa qurbi yetadi, degan tushunchadan u uzoq edi.

Elchin «o‘zimning aybsizligimni bildirib qo‘yay, bu uyda siqilmasin, qo‘rqmasin, erkinroq yursin», deb yanglishgan edi. Noxush kayfiyatdagi ayol oldida yarim qarich bo‘lsa-da chekinish oqibati mag‘lubiyat jariga qulash ekaniga uning aqli yetmadi. U xushsurat bo‘lgani uchun rasidalik chegarasidan o‘tmayoq qizlarning xumor ko‘zlari ta’qibiga uchragan edi. Qo‘shiqlari bilan dovruq taratgach, jannatda parilar bilan yurgandek his qildi o‘zini. Ana shundanmi «ayol qalbini sehrlay oluvchi kuch bor menda», deb ishonardi. Asadbekning qizini ham sehrlab olajagiga amin edi. Ollohning har bir bandasi kabi Elchin ham mag‘rurlik va xudbinlikdan bebahra emasdi. Mag‘rurlik va xudbinlik baravar uyg‘onib, birlashsa uni mahv etardi, to‘g‘ri yo‘ldan adashtirardi. Nikohning ikkinchi tuni shunday bo‘ldi...
O‘shandan beri Zaynab bu xushsurat mashhur ashulachi bilan bir to‘shakda yotadi. O‘g‘irlanib, qorong‘i uyga qamalganida qo‘rquvni haydab chiqara olgan, nafasini qaytargan, badaniga iliq harorat bergan g‘alati his yo‘q. Elchinning erkalashlari, ehtiroslari unga ta’sir etmaydi. O‘zini xuddi ertaklardagi tosh malikaday sovuq his etadi. Kinodagi qizning qichqirig‘i Zaynabning xayollarini to‘zitdi. Beixtiyor o‘girilib, tamoshaga qaradi. Hozirgina jufti bilan yayrab ashula aytayotgan qiz, ko‘zlari kosasidan chiqquday ahvolda, dahshatga tushib o‘tiribdi. Ro‘parasida... ikki lunjini shishirib olgan ilon tebranyapti... «Hozir yigiti kelib tayoq bilan uradi», deb o‘yladi Zaynab. Chindan ham yigit keldi, ammo qo‘lida tayoq emas, miltiq bor edi. Bir o‘q bilan ilon jon berdi... ular yana qovushdilar...
Zaynab xayolan o‘zini shu qiz o‘rnida, erini esa tebranayotgan ilon o‘rniga qo‘ydi. Bu ilonga kim bas kela oladi? Jamshidmi?


4





  • Hozir borolmayman, dedi. Oshnasi unga bir narsalarni o‘qib beryapti shekilli? Jamshid shunday deb, aybdor bola singari boshini egdi. U xo‘jayin buyrug‘ini ado etolmadi. Otarchini topdi-yu, olib kelolmadi. To‘ydan oldin bo‘lganida qo‘l-oyog‘ini bog‘lasa-da, buyruqni bajarardi. Endi uning «kuyov» degan unvoni bor. Kuyovni payg‘ambarlar siylaganida Asadbekning yugurdagi siylamas ekanmi?..

Asadbek jag‘iga musht yeb, gangiganday bo‘ldi. Nima bu — nozmi, to‘nkalikmi yo atayin g‘ashiga tegmoqchimi?..

  • Oshnasi kim? — dedi Asadbek, gangiganini yashirishga urinib.

  • Jinnixonada yotgan olim ekan.

  • Qanaqa olim?

  • Tarixchi ekan. O‘n yildan beri kichik ilmiy xodimlikdan bir enlik ham siljimabdi. Betgachoparroq ekan. Xo‘jayinini behurmat qilarkan.

  • Xo‘jayinni behurmat qilsa... tuzuk-ku? Kim ekan xo‘jayini?

  • Katta olimmish, Xolidiy degan. Jinnixonaga o‘shaning buyrug‘i bilan yotqizilgan ekan.

  • Jinniligi rostmi?

  • Soppa-sog‘ deyishdi-ku?

  • Qani, opachang bilan ula-chi meni.

Jamshid telefon go‘shagini ko‘tarib, raqamlarni chaqqonlik bilan terdi. Tabibboshi xonasida yo‘q ekan, uni topib kelgunlaricha picha fursat o‘tdi.

  • Xolidiy degan odam sizga buyruq beradigan bo‘lib qolibdimi? — dedi Asadbek tabibboshining salomiga alik olmay. — Kimning qudasi? Shundan qo‘rqdingmi? Biz-chi, biz go‘rda ekanmizmi? Kim u yigit, Anvarmi, sog‘midi? Haddingizdan oshmang. Yana sog‘lar bormi? Xolidiy-polidiylarni-chi... — Asadbek gapni kalta qilib qo‘ya qoldi.

Asadbek telefon go‘shagini joyiga qo‘ymay, ushlaganicha o‘yga toldi. «Kuyovning do‘sti ish bermasmikin», deb savoliga javob izladi. So‘ng bir qarorga kelib, Jamshidga qaradi:

  • Xolidiy tuzukroq olimmikin o‘zi?

  • Bilmadim.

  • Kim biladi? Deputatni top.

Jamshid o‘rnidan turgan edi Asadbek qaytarib, telefon go‘shagini unga uzatdi:

  • Telefonda top. Hozir kerak.

Deputatni topish oson bo‘lmadi. Topilgach, Asadbek salom-aliksiz savolga tutdi:

  • Xolidiyni taniysizmi, qanaqa olim u?

  • Xolidiymi, — deputat piching qildi: — Olim ekanmi?

  • Qanaqa olim deyapman?

  • Olim emas u, lo‘ttiboz.

  • Qanaqa ishlar qilgan?

  • O‘zbekni bosmachiga chiqargan shu-da. Ishlarini yaxshi bilmayman. O‘tgan yili mukofot olgan bitta kitobini ko‘rganman. «Turkistonda buyuk O‘ktabr g‘alabasi», deganmidi... xullas, nomi shunga o‘xshash. Ikki bet o‘qib ko‘nglim aynib ketgan.

  • Shogirdlari kim? Dushmani kim?

  • Dushmani men.

  • Kitobini o‘qimay turib dushmanman, deysizmi?

  • Uning kitobini o‘qish shartmas.

  • Shogirdlari-chi?

  • Institutning hammasi shogirdi.

  • Institutda uni yomon ko‘radiganlar yo‘qmi?

  • Kim biladi, balki bordir. Bo‘lsayam maydaroq odamlar orasidan chiqadi. Yiriklarini taniyman, unga paxta qo‘yib yuradi hammasi.

Asadbek uchun boshqa gapning hojati yo‘q edi. Rahmat ham demay, go‘shakni joyiga qo‘ydi-da, bir qarorga kelib, o‘rnidan turdi.
Jamshid «qayoqqa?» ham demay, unga ergashdi. Asadbekning xohishiga ko‘ra Anvarning uyiga qarab jo‘nashdi. Shom qorong‘isi cho‘ka boshlagan edi. Eski shaharning tor ko‘chalari eriyotgan qordan balchiq holiga kelganidan yurish qiyinlashgan edi.
Jamshid mashinani avaylab haydab bir darvoza yonida to‘xtadi.

  • Qara-chi, hali ham shu yerdamikin? — dedi Asadbek.

  • Shu yerda bo‘lsa sudrab chiqaveraymi? — dedi Jamshid.

  • Men senga «qarab ko‘r», dedim!

Jamshid ortiqcha gap aytib yuborganidan izza chekib, mashinadan tez tushdi. Odati bo‘yicha qo‘ng‘iroq chalmay ochiq darvozadan ichkari kirdi-da, hayallamay tez qaytdi.

  • Uyda o‘tirishibdi, Anvarning xotini oshxonada. Pastda onasining uyi bor. Boshqa hech kim yo‘q.

  • Sen shu yerda o‘tir.

Asadbek shunday deb mashinadan tushdi. U ham hovliga hech bir ogohlantirishsiz kirib bordi-da, chirog‘i yonib turgan uy tomon yurdi. Ichkari kirib, mehmonxona eshigini qiya ochdi. O‘rtadagi ustol ustiga dasturxon yozilmagan, kitob-qog‘ozlar betartib sochilib yotibdi. Ikki oshna ustol atrofida emas, pastda o‘tirishibdi. Elchin eshikka orqa qilib, chordana qurib olgan. Yuzini deraza tarafga qaratgan Anvar esa muk tushib bir narsalarni o‘qiyapti. Asadbek umri bino bo‘lib bitta kitobni o‘qib chiqmagan. Uni aslida kitobga rag‘bati yo‘q, «ishqi yo‘q eshshak, dardi yo‘q kesak», toifasidan desak, haqiqat yuziga oyoq bosgan bo‘lamiz. Asadbekning bolaligi o‘zingizga qisman bo‘lsa-da ma’lum. Yoshi ulg‘aygach, u yurgan ko‘chalarda kitob o‘qilmas edi. Shunday bo‘lsa-da, Asadbek kitob o‘qiyotganlarni ko‘rsa havasi kelardi. Yuragida o‘qishga ishtiyoq uyg‘onardi.
Shundanmi, qizining beto‘xtov mutolaasiga sira monelik qilmagan. Aksincha, uyni kitobga to‘ldirib tashlagan. Aniqrog‘i, bu ishni uncha-muncha o‘qib turguchi Chuvrindi amalga oshirgan.
Asadbek gap poylash uchun emas, yigitlarning mutolaasini bir zumgina bo‘lsin, kuzatish uchun ostona hatlamadi.
Anvar kitobni qo‘yib, qog‘ozlarni titkiladi-da, bir varaqni olib Elchinga qaradi:

  • Mana bu yerda yaxshi bir hikmat bor: «Xari Iso ba suyi Ka’ba ravad, boz oyad hamon xar boshad». Mazmunini tushunmadingmi? Isoning eshagi ming marta Ka’baga borgani bilan eshakligicha qolaveradi.

Elchin kuldi.

  • Zo‘r gap, lekin ashulaga tushmaydi. Ashula bo‘ladiganini top.

  • Ashulaga mana bunisi bo‘lar, — Anvar boshqa qog‘oz olib o‘qidi: Man mo‘yi xersho na az on mekunam siyoh,

To boz nav javon shavamu nav kunam gunoh. Chun jomaho ba vaqti musibat siyox kunand, Man mo‘y az musibati piriy kunam siyoh...

  • Buning ma’nosi zo‘r, — Anvar qog‘ozdan bosh ko‘tarib, Elchinga qaradi. — Sochimni bo‘yab qoraytirishdan maqsad qaytadan yosharib gunoh qilish emas. Qora to‘n motam ramzi bo‘lgani singari, sochimni qoraytirishdan maqsad — o‘tib ketgan yoshligimga motam tutishdir... Ikki baytni aytib, keyin Zamonaliga o‘xshab, toringni qo‘ltiqlab olib, mazmunini tushuntirsang, odamlar qoyil qolaveradi.

  • Bo‘pti, shu ruhimga mos tushar ekan. Konsertning nomini ham «Yoshlikka tutilgan motam» desam, a?

  • Shunaqa desang konsertingga birov tushmaydi. Konsertga odam aql o‘rganaman, deb kelmaydi. Sen konsertingni Turdi Farog‘iyning g‘azali bilan ochgin, odamlarga hozir shunaqa gaplar ta’sir qiladi. Mana eshit:




Yüklə 0,58 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin