www.ziyouz.com kutubxonasi
135
Abu Zarr G‘iforiydan rivoyat qilindi, Alloh undan rozi bo‘lsin. U kishi Ka’ba oldiga kelib:
«Ogoh bo‘linglar! Kim meni bilsa, bilibdi. Kim bilmasa, bilsin. Men Jundub ibn Janodah
G‘iforiy Abu Zarrman. Sizlarga nasihat qilguvchi, mehribon birodaringiz oldiga kelinglar»,
dedi. Odamlar u kishining oldiga to‘plandilar. Shunda u kishi: «Ey odamlar, kimki
sizlardan dunyo safarini xohlasa, unga kerakli narsalar bilan chiqadi. Inson oxirat
safarini xohlasa-yu, qanday qilib narsasiz chiqsin?» dedi.
Odamlar: «Ey Abu Zarr, bizning zodimiz (yo‘lda kerakli narsalar va oziq-ovqat)
nimadir?» deyishdi.
Abu Zarr aytdi: «Qorong‘u kechada qabr azobining qo‘rqinchi uchun ikki rak’at namoz
o‘qish, qattiq issiqda tirilish kuni uchun ro‘za tutish, miskinlarga sadaqa berishlikki,
shoyad, sizlar qiyin kunning azobidan najot topsalaringiz. Haj esa ishlarning ulug‘idir.
Dunyoni ikki o‘rin qilinglar. Bir o‘rin – dunyo talabidagi o‘rin, ikkinchi o‘rin – oxiratning
talabidagi o‘rin. Uchinchisi zarar beradi, foyda bermaydi.
So‘zni ikki kalima qilinglar. Bir kalima dunyo ishlaringizda foyda beradigan, qolgan
kalima oxirat ishlaringizda yordam beradiganidir. Uchinchisi zarar beradi, foyda
bermaydi.
Molni ikki dirham qilinglar. Bir dirhamini oilangizga infoq qiling va bir dirhami o‘zingizga
(ya’ni infoq qilib, oxiratingizga sarflang). Uchinchisi zarar qiladi, yordam bermaydi».
Keyin: «O, oh-h!» deb chuqur xo‘rsindi. «Men topmagan kunning g‘ami meni o‘ldirdi».
Aytishdiki: «U nimadir?» «Mening orzularim ajalimdan ortib ketdi».
Iso ibn Maryamdan (alayhissalotu vassalom) zikr qilindi: «Allohning zikridan boshqa
o‘rinda ko‘p so‘zni ko‘paytirmanglar. Qalbingizni qattiq qiladi. Toshbag‘ir yurak Allohdan
uzoq bo‘ladi va lekin bilmaysizlar». Yana u kishidan: «Arboblarga o‘xshab, odamlarning
gunohiga qaramangizlar, lekin bandaga o‘xshab o‘zlaringizning gunohlaringizga
qarangizlar. Albatta, odamlar afv qilinganlar va balolanganlardir (baloga giriftor
bo‘lganlardir). Allohga ofiyati uchun hamd aytinglar. Balolanganga rahm qilinglar»
U zotning sahobalaridan ba’zilari aytishdi: «Agar qalbingda qattiqlikni va badaningda
zaiflikni, rizqingda ozgina mahrumlikni ko‘rsang, bilginki sen keraksiz, ortiqcha gaplarni
gapirgansan».
____________