www.ziyouz.com kutubxonasi
380
kishining maqomi qanday ham past”, deb nido qilayotganida topdi. Said unga: “Nima
uchun bunday yuribsan?” dedi. Sa’laba: “Qulning qo‘lini bo‘yniga bog‘lab, xo‘jayinining
eshigiga haydab borilganidek, meni ham haydab bormagunlaricha, sen bilan birga
turolmayman”, dedi. Bas, shunday qilindi.
Sa’labaning Xamsona ismli qizi bo‘lib, shu qizi uni boshlab ketdi. U Umarning (r.a.)
eshiklaridan kirdi va: “Alloh yo‘lida g‘azot qilayotgan birodarimning ayoliga teginib
qo‘ydim, men uchun tavba bormi?” dedi. Umar (r.a.): “Chiq huzurimdan, hozir turib,
urib yuborishim mumkin, chiq huzurimdan, senga bu yerda tavba yo‘q”, dedilar.
So‘ng chiqib, Abu Bakrning (r.a.) eshiklariga bordi. “Alloh yo‘lida g‘azot qilayotgan
birodarimning ayoliga teginib qo‘ydim. Men uchun tavba bormi?” deb so‘radi. Abu Bakr
Siddiq (r.a.): “Huzurimdan chiq, oloving bilan meni ham kuydirma, mening huzurimda
sen uchun hech qachon tavba yo‘q”, dedilar.
U kishining oldilaridan chiqib, Alining (r.a.) oldilariga bordi. Va: “Alloh yo‘lidagi g‘oziy
birodarimning ayoliga teginib qo‘ydim, men uchun tavba bormi?” dedi. Ali (r.a.): “Chiq
mening huzurimdan, sen uchun hech qanday tavba yo‘q”, dedilar. U kishining
huzurlaridan chiqarkan, Sa’laba: “Ey birodarim, ey qizim, ana u kishilar meni noumid
qilishdi. Ammo Rasululloh (s.a.v.) noumid qilmaydilar, degan fikrdaman”, dedi. Sa’laba
qizi bilan birga Rasulullohning (s.a.v.) huzurlariga bordi. Huzurlariga kirishganda,
Rasululloh (s.a.v.) unga qarab: “Sen menga jahannamning zanjir va kishanlarini
eslatding”, dedilar. Sa’laba: “Ey Nabiyyulloh, ota-onam sizga fido bo‘lsin, Alloh yo‘lida
g‘azot qilayotgan birodarimning ayoliga teginib qo‘ydim, men uchun tavba bormi?” dedi.
Nabiy (s.a.v.): “Huzurimdan chiq, mening huzurimda senga tavba yo‘q”, dedilar. Va u
chiqib ketdi.
Sa’labaning qizi aytdi: “Ey otajon, Rasululloh (s.a.v.) va u kishining ashoblari sizdan rozi
bo‘lmagunlaricha, siz mening otam emassiz, men sizning qizingizmasman”.
Sa’laba toqqa qochgandagiday, ovozining boricha nido qildi: “Yo Rabb, Umarga bordim,
meni urmoqchi bo‘ldi. Abu Bakrga bordim, so‘kdi. Aliga bordim, haydadi. Nabiyga
(s.a.v.) bordim, meni noumid qildilar. Ey Mavloyim, Sen mening duoimga “Ha”,
deyishing ham mumkin, “Yo‘q”, deyishing ham mumkin. Agar, yo‘q, desang, qanday
ham hasrat, nadomat. Agar, ha, desang, menga qanday baxt”,
Osmondan bir farishta tushib, Nabiyga (s.a.v.) aytdi: “Alloh taolo: “Maxluqlarni sen
yaratdingmi yoki Men?” deyapti” Nabiy aytdilar: “Yo‘q, Sayyidim, Sen yaratgansan”.
Farishta: “Alloh taolo: “Bandamga bashorat ber, Men uni mag‘firat qildim”, deyapti”,
dedi. Nabiy (s.a.v.): “Kim Sa’labani olib keladi?” dedilar. Abu Bakr va Umar (r.a.)
aytishdi: “Biz olib kelamiz”. Salmon va Ali (r.a.): “Biz uni olib kelamiz”, deyishdi. Nabiy
(s.a.v.) Salmon bilan Aliga (r.a.) izn berdilar, ular chiqib ketishdi.
Ular yo‘lda Madinaning bir cho‘poniga yo‘liqishdi. Ali (r.a.): “Rasulullohning (s.a.v.)
ashoblaridan biror kishini ko‘rdingmi?” dedilar. Cho‘pon dedi: “Sizlar jahannamdan
qochuvchi kishini qidirayotgan bo‘lsangiz kerak?” Ular: “Ha, bizga uning joyini ko‘rsat”,
deyishdi. Cho‘pon: “Qorong‘u tushgan paytda ushbu vodiyda hozir bo‘lib, mana bu
daraxt ostiga keladi. So‘ng baland ovoz bilan: “Rabbiga osiy bo‘lgan kishining maqomi
qanday ham past”, deb nido qiladi”, dedi.
Ular kechqurungucha turishdi. Shunda Sa’laba daraxt oldiga keldi. Uning ostida sajda
qilgan holatida tiz cho‘kib, yig‘lay boshladi. Vaqtiki, Salmon uning yig‘isini
eshitganlarida, u tomonga yurdilar. Unga: “Ey Sa’laba, tur, olamlarning Rabbi seni
mag‘firat qildi”, dedilar. U: “Habibim Nabiyni (s.a.v.) qay holatda tark qildinglar?” dedi.
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy