“Men uni (rahmatimni) taqvo qiladigan va zakot beradigan zotlarga yozurman”, ya’ni rahmatim shirkdan saqlanganlargadir; “va zakot beruvchilarga va bizning oyatlarimizga keltirguvchi kishilarga” , ya’ni Allohning oyatlarini to‘g‘ri, deydiganlarga. Shundan
keyin iblis Allohning rahmatidan noumid bo‘ldi. Yahud va nasorolar, bizlar shirkdan
saqlanamiz, zakot beramiz va oyatlariga imon keltiramiz, dedilar. Keyin bu oyat tushdi:
“Ular shunday kishilarki, ummiy (savodsiz) Payg‘ambarga nomini o‘z oldilaridagi Tavrot va Injilda yozilgan holda topshiradigan elchimizga ergashadilar” (A’rof, 157), ya’ni Muhammad (s.a.v.) ishonadilar. So‘ngra yahud va
nasorolar noumid bo‘lishdi. Rahmat faqat mo‘minlar uchun xos bo‘lib qoldi.
Har bir mo‘min imon ne’mati bilan ikrom qilinganligi uchun Alloh taologa hamd aytishligi
vojibdir, mo‘minlar jumlasidan nom qo‘yilganligi uchun Alloh taologa hamd aytishligi va
Rabbisidan gunohlaridan o‘tishligini so‘ramoqligi vojibdir.
Yahyo ibn Maozdan, Alloh rahmat qilsin, rivoyat qilinadi. U kishi aytadi: “Ey Parvardigor,
bizga bitta rahmat tushirding. O‘sha rahmat bilan hurmatli qilding. U Islomdir, bas, Sen
bizga yuzta rahmat tushirsang, qanday qilib Sening mag‘firatingdan umid qilmaymiz!”
O‘sha kishidan yana zikr qilindi: “Ey Parvardigor, agar savobing itoat qiluvchilar uchun
bo‘lsa, rahmating gunohkorlar uchun bo‘lsa, bas, men itoatda bo‘lmasam-da, Sening
savobingdan umid qilaman, gunohkorlardan bo‘lsam-da, rahmatingdan umid qilaman.
Ey Parvardigor, jannatni yaratding va uni do‘stlaring uchun dasturxon qilding, kofirlarni
undan noumid qilding. Maloikalarni jannatdan behojat qilib yaratding. O‘zing jannatdan
behojatsan, agar jannatni bizlarga bermasang, unda jannat kim uchun bo‘ladi?!”
75. Abu Said Xudriydan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Bir odam jannatga amalsiz “La ilaha illaloh” bilan kirdi, o‘layotgan vaqtida ahllariga
aytdi: “Agar men o‘lsam, o‘tda yoqinglar, keyin uvalab, yarmimni dengizga, yarmimni
quruqlikka sepinglar!” U odam o‘ldi, aytganidek qilishdi. Alloh taolo buyurdi, quruqlik va
dengiz jam bo‘ldi. Alloh aytdi: “Bu ishni qilishga seni nima majburladi?” Kishi aytdi: “Ey
Rabbim, sendan qo‘rqishligim!” Shu ishi bilan Alloh taolo uning gunohlarini kechirdi.
76. Faqih Abu Ja’far aytadi: Payg‘ambarimizning sahobalaridan biri rivoyat qildi:
“Bizlarning oldimizga Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam chiqdilar, bizlar kular edik.
Aytdilar: “Do‘zax orqalaringizda bo‘lib, kulasizlarmi? Allohga qasamki, sizlarning
kulganlaringizni ko‘rmay!” Keyin burildilar. Go‘yoki bizning boshimizda bir qush
turgandek jim qoldik. Keyin bizlarga qaytdilar va aytdilar: “Mening oldimga Jabroil
alayhissalom kelib dedi: “Alloh taolo sizga aytdi: “Ey Muhammad, nima uchun
bandalarimni rahmatimdan noumid qilasiz?” deb.