“(Ey ummati Muhammad) odamlar uchun chiqarilgan millatlarning eng yaxshisi
bo‘ldingiz. Zero sizlar yaxshi ishlarga buyurasizlar, yomon ishlardan
qaytarasizlar va Allohga imon keltirasizlar. Agar ahli kitob ham imon
keltirganda edi, o‘zlari uchun yaxshi bo‘lardi. Ulardan mo‘minlari ham bor va
(lekin) ularning ko‘plari fosiq, itoatsizlardir”
(Oli Imron, 110). Buning ma’nosi
shuki, sizlar Lavhul-mahfuzda, odamlar uchun chiqarilgan yaxshi ummat, deb
yozilgansizlar. Alloh taolo sizlarni odamlarni yaxshi ishlarga buyurmoqlik uchun chiqardi,
yaxshi ishlarga, ya’ni ibodat va toatlarga chaqirishlaringiz uchun, yomon ishlardan
qaytarishlaringiz uchun. Yaxshi ishlarga buyurishlik Allohning kitobiga, sunnatiga va
ahlga to‘g‘ri keladigan narsalarga buyurmoqlikdir.
Yomon ishlar bu narsalarga muxolif (qarama-qarshi) keluvchi narsalardir.
Alloh taolo boshqa oyatda aytdi:
“Oralaringizdan yaxshilikka (Islomga) da’vat qiladigan, ibodat-itoatga
buyuradigan va isyon-gunohlardan qaytaradigan bir jamoa bo‘lsin! Ana
o‘shalar najot topguvchilardir”
(Oli Imron, 104).
Alloh taolo yaxshi ishlarga buyurmaydigan, yomon ishlardan to‘smaydigan qavmlarni
yomonladi. Bas, aytdi:
“Ular bir-birlarini qilgan noloyiq ishlaridan qaytarmas edilar. Bu qilmishlari
naqadar yomon ish”
(Moida, 79).
Boshqa oyatda:
“Olim va donishmandlari ularni gunoh so‘zlardan, haromxo‘rlikdan
qaytarmaydilarmi?! Qilayotgan hunarlari naqadar yomon hunar!”
(Moida, 63).
Ya’ni o‘shalarning olimlari, faqihlari, qorilari fahsh so‘zlardan, harom yeyishlikdan
qaytarmaydilarmi, deyilmoqda.
Amri ma’ruf qilish uchun lozim bo‘ladigan narsa, agar qodir bo‘lsa, yolg‘izlik vaqtida
buyurishlikdir. Bu nasihat va mav’izada yetukroq bo‘lgani uchun.
Abu Dardo, Alloh undan rozi bo‘lsin, aytdi: o‘zining birodariga oshkora mav’iza qilgan
odam birodarini yomonlabdi, uni yashirib (odamlardan xoli joyda) qilgan bo‘lsa, uni
yaxshilabdi. Agar mav’iza tanholikda foyda bermasa, uni oshkoralik bilan buyuradi,
gunohdan uni uzoqlashtirish uchun solih va yaxshilik egalaridan yordam so‘raydi. Agar
solihlar, yaxshilar bu ishni qilmasalar, gunohkor ulardan ustun kelsa, keyin ularga azob
kelib, hammalari halok bo‘lishadi”.
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy
Dostları ilə paylaş: |