www.ziyouz.com
kutubxonasi
191
441. Sa’d ibn Mas’ud Kindiy rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam
aytdilar: "Qaysi inson kecha va kunduzda sadaqa qilib tursa, ilon chaqib o‘lishdan, tom
bosib o‘lishdan yoki to‘satdan o‘lib qolishdan muhofaza qilinadi".
442. Abu Hurayra Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: U zot
aytdilarki: "Mol sadaqa qilish bilan kamaymaydi va kishi o‘ziga yetgan zulmni avf etsa,
Alloh unga azizlikni ziyoda etadi. Qaysi kishi Alloh uchun tavozu’ qilsa, Alloh uning
darajasini ko‘taradi".
Ikrima (r.a.) Ibn Abbosning bunday deganlarini rivoyat qiladi: "Ikki narsa shaytondan va
ikki narsa Alloh taolodan", deb keyin bu oyatni o‘qidilar:
"Shayton sizlarni (agar
infoq-ehson qilsangiz) kambag‘al bo‘lib qolishingizdan qo‘rqitadi va fahsh
ishlarga buyuradi. Alloh sizlarga o‘z tarafidan mag‘firat va fazlu karam (boylik)
va’da qiladi", ya’ni, sizlarni toatga va sadaqa qilishga buyurib, fazli va
mag‘firatiga yetkazmoqni xohlaydi. "Alloh (fazlu karami) keng va bilguvchidir"
(Baqara, 268). Ya’ni, fazlu karami keng va sadaqa qilgan kishining savobini bilguvchi
zot.
443. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Agar qaysi bir qavm ahdini buzsa,
Alloh ularni o‘lim bilan imtihon qiladi, qaysi qavmda fohishabozlik yoyilsa, ularga
to‘satdan o‘lim yuboradi, qaysi qavm zakotni man’ qilsa, Alloh taolo ularni yomg‘irdan
qisib qo‘yadi".
Nazzol ibn Sabra aytdilar: Jannat eshigiga uch qator so‘z yozilgan:
1. "Laa ilaha illalloh, Muhammadur-rosululloh".
2. "Ummat gunohkor, Parvardigor kechiruvchi".
3. "Nima amal qilgan bo‘lsak, topdik, bergan bo‘lsak, foyda oldik, nimaiki olib qolgan
bo‘lsak, zarar qildik".
Aytilishicha, kim besh narsani man’ qilsa, Alloh ham undan besh narsani man’ qiladi.
1. Zakotni bermasa, molining muhofazasini man’ qiladi.
2. Sadaqani man’ qilsa, undan tinchlik-xotirjamlikni man’ qiladi.
3. Ushrni man’ qilsa, yerining barakasini man’ qiladi.
4. Duoni man’ qilsa, undan ijobatni man’ qiladi.
5. Namozga dangasalik qilsa, Alloh undan o‘layotgan vaqtida "laa ilaha illalloh"ni man’
qiladi.
Ibn Ma’sud (r.a.) aytadilar: "Qaysilaringiz bir dirhamni sog‘ligida va baxilligida infoq
qilsa, o‘lim vaqtida yuz dirhamni infoq etishni vasiyat qilishidan yaxshidir".
Faqih aytadilar: Otamdan eshitdimki, Iso alayhissalom zamonlarida baxilligi bilan nom
chiqargan Mal’un ismli kishi bor edi, bir odam g‘azotga chiqmoqni xohladi va kelib: "Yo
Mal’un, menga biron qurolingdan ber, uni olib, g‘azotimda quvvatli bo‘layin, sen esa
do‘zaxdan uning savobi bilan qutulib qol", dedi. Undan yuz o‘girib, hech narsa bermadi,
haligi kishi ketgandan keyin, Mal’un qilgan ishiga pushaymon yedi, keyin uni chaqirib,
qilichini berdi. Haligi kishi yo‘lda Iso alayhissalom bilan yetmish yildan beri ibodat qilib
kelayotgan bir kishiga yo‘liqdi. Iso (a.s.) undan bu qilichni qaerdan olganini so‘radilar.
Haligi kishi: "Mal’un berdi", dedi. Iso (a.s.) uning qilgan sadaqasiga xursand bo‘ldilar.
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy
Dostları ilə paylaş: |