www.ziyouz.com kutubxonasi
171
Dushman ichida oralab yurgan Rasululloh tingchisi Abu Huzayfa aytur:
— Xabar bilishdin boshqa hech ish qilmasga Rasululloh mendin ahd olg‘on edilar. Yo‘q
esa Abu Sufyonni o‘ldirish payti kelgan edi. Lekin Rasululloh buyrug‘ini ushlab, u ishdin
o‘zimni saqladim.
Mana shundoq bo‘lib, o‘n mingdan ortiq dushman qo‘shini o‘zaro buzulishib, Madina
ustidan ko‘tarildilar. Alarning ziyon-zahmatidan musulmonlar qutuldilar.
«Sahih Buxoriy» kitobida aytubdirkim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xandaq
urushida ushbu duoni o‘qur edilar: «Allohumma munzilal kitabi, sari’al hisabi ixzimil
ahzoba. Allohumma ihzimhum va zalzilhum». Ya’ni «Ey bor Xudoyo, barcha
payg‘ambarlarga kitob tushirguvchi O‘zingsan, oxirat kunida hammadan tezlik bilan
Hisob oluvchidursan. Qudrating ulug‘dir. Bu kelgan ko‘pchilik dushmanlarni O‘zing
tarqatgil», demakdir.
«Urush kunlarida alar chidamsiz bo‘lsinlar», deb duo qildilar.
Shu holda duolari qabul bo‘ldi. Qattiq shamol — bo‘ron turib, ularg‘a qo‘rqinchlik soldi.
Shu orqaliq mo‘minlarga Allohdin yordam yetdi. Kofirlarning barcha qilg‘on ishlari
foydasiz bo‘lib chiqdi. Bu ersa Xudo tarafidin shundoq og‘irchilik kunlarda erishgan bir
ulug‘ ne’mat erdi.
Shuning uchun Alloh taolo mo‘minlarga bu ne’matni eslatib, Ahzob surasida bu oyatni
endirdi: «YO ayyuhallazina amanuz-kuruv ne’matallohi alaykum izjoatkum junudun,
faarsalno alayhim riyhan va junudan lam taravho va kanallohu bima ta’maluna basiro. Iz
jouvkum min favqikum va min asfala minkum va iz zog‘atil absoru va balag‘atil qulubul
hanajira va tazunnuna billahiz zununa».
Ma’nosi: «Ey mo‘minlar, Allohning sizlarga bergan ulug‘ ne’matini eslanglar, dushman
askari ustinglarga kelgan chog‘da alarga qattiq sovuq bo‘ron yubordik va sizlarga
yordam uchun ko‘zga ko‘rinmagan farishtalardin askar tushirdik, hamma qilgan
ishlaringizni Alloh ko‘rib turadur. Ustinglardin, ostinglardin dushmanlar o‘rab kelishdi,
shu chog‘da qo‘rqqinchlikdan (qo‘rquvdan) ko‘zlar ag‘darildi, o‘pka-yuraklar bo‘g‘izga
tiqildi. Alloh haqida har turlik gumonga tushdinglar. Shu o‘rinda mo‘minlar sinaldi. Chin
musulmonlar yolg‘on musulmonlardan ajradi», demakdir.
Shundoq bo‘lib Quraysh, G‘atafon boshliq bir qancha qabiladan tuzilgan ko‘pchilik
dushmanlar hujumi Allohning yordami bilan musulmonlar foydasiga hal bo‘lib chiqdi.