www.ziyouz.com kutubxonasi
175
Bu so‘zni anglashib, yahudlarga bir vahima qo‘rqinch tushdi. Nima qilishlarini bilmasdan,
nochor shartsiz Rasulullohning hukmiga taslim bo‘ldilar. Qurol ko‘tarishga yarashlik
kishilarning soni bularning ichida olti yuzga yaqin bor edi. Bulardan xotun-bolalarni
ajratib, boshqa joyga chiqarib, bularning ustiga Abdulloh ibn Salomni qorovul qo‘ydilar.
Bu kishi ersa, yahudlar ichida eng buyuk olimlardan hisoblanar edi. Bu kishining qandoq
iymon keltirganliklari yuqorida yozilib o‘tilgandir.
Madinalik Ansor sahobalari ikki urug‘ bo‘lib, birinchisi Avs, ikkinchisi Xazraj deb atalur
edi. Islomiyatdan ilgari bu ikki urug‘ orasida yuz yillab urush-talash, qon to‘kishlar bo‘lib
o‘tgan edi. Ana shu chog‘larda Madina yahudlari ham har ikki tarafga qo‘shilib urushga
qatnashur edilar.
Bani Qaynuqo’ yahudlari Xazraj ittifoqdoshlari edi. Bularning voqealari esa yuqorida
bayon qilindi. Xazraj raisi Abdulloh ibn Ubay bularning gunohini Rasulullohdin tilab
yengillashtirgan edi.
Qurayza yahudlari bo‘lsa, Avs tarafdorlari edilar. Bular ham o‘z tarafdorlarini himoya
qilmoqchi bo‘lib, Rasulullohga arz qilishdi.
Alar aytdilarkim:
— Yo Rasulalloh, Xazraj birodarlarimizning so‘raganlarini berdingiz. Biz ham bularning
gunohlarini so‘raymiz.
Anda Rasululloh:
— Agar shundoq qilmoqchi bo‘lsangiz, o‘z raisingiz Sa’d ibn Mu’ozni hakam qilaylik, ul
kishi nimani hukm chiqarsa, barchangiz rozi bo‘lursiz, — dedilar.
Bu ishga hammalari roziliklarini bildirdilar. Sa’d ibn Mu’oz Xandaq urushida iligidagi
yo‘g‘on tomiridan o‘q yeb, qattiq yarador bo‘lgan edi. Ul kishini yotgan yeridan eshakka
mindirib Rasululloh oldilariga keltirdilar. Yo‘lda kelayotganida unga: «Rasululloh seni
bularga hakam qildi. Bular ustidan hukm chiqarur bo‘lsang, yaxshilik tarafini o‘ylab
hukm chiqargil. Xazraj raisi Abdulloh ibn Ubay o‘z ittifoqdoshlari Qaynuqo’ yahudlariga
qandoq yordam yetkazdi. Shuni yodingdan chiqarma. Butun qavmingning talablari ham
shundog‘dur, — deyishib qulog‘iga quyib keldilar.
Muhojiru ansor sahobalar Rasulullohni o‘rashib o‘ltirishgan edilar. Sa’d ibn Mu’ozni eshak
ustida kelayotganini ko‘rib: «Turinglar, mana, sayidingiz keldi», dedilar. Barilari oyoq
uzra turishib, hurmat bilan uni qarshi olishgandan so‘ngra, to‘g‘ri Rasululloh yonlariga
o‘ltirdi. Anda Rasululloh aytdilar:
— Ey Sa’d, Allohning amri shuldir, Quraya yahudlari ustidan bir hukm chiqargaysan.
Sa’d aytdi:
— Yo Rasululloh, hukm qilish Allohning va payg‘ambarning haqqi erdi, endi bu ishni
menga buyurar bo‘lsangiz, menim chiqargan hukmimni bu o‘ltirganlar qabul
qilg‘aylarmu, hukmim hukm bo‘lg‘aymi? — deb alarga qaradi.
O‘ltirgan odamlar hammalari tovush berib:
— Albatta, shundoq bo‘lur. Sening hukming to‘xtovsiz o‘tkazilur, — dedilar.
So‘ngra Sa’d:
— Andoq ersa, bular haqida menim hukmim shulki, erkaklari qoldirilmay tamom
o‘ldirilsin! Mol-dunyolari askarga taqsim bo‘lsin. Xotin va bolalari asir olinsin. Qo‘ra-
joylari muhojirlarga berilsin. Menim hukmim shuldur», — dedi.
Anda Rasululloh:
— Ey Sa’d, sening bu hukming yetti qat osmon ustida qilingan Allohning hukmiga to‘g‘ri
keldi, — dedilar.
Shu bilan Qurayza yahudlarining ishi tamom bo‘lib, qilg‘on xiyonatlarining jazosini
tortdilar.
Qal’a ichida bir ming besh yuz qilich, ikki yuz nayza, besh yuz qalqon, uch yuz sovut,