BANI FAZORA QABILASINING ELCHILARI Bani Fazora qabilasidan o‘n necha kishi elchi bo‘lib kelmish edi. Raislari esa Horija ibn
Hisn degan kishi bo‘lib, ozg‘in tuyalarga minib kelgan edilar. Chunki bir necha yillardan
beri bularning yerlarida yomg‘ir bo‘lmay, qahatchilik balosi hukm surmoqda edi.
Rasululloh bilan ko‘rishganlaridan keyin, ulardan hol so‘radilar.
Anda raislari:
— Yo Rasulalloh, bizning yurtimizga yomg‘ir yog‘may, bek qahatchilik bo‘ldi. Chorva
mollarimiz qirilib, xotin-bolalarimiz och qoldi. Duo qiling Rabbingizga, bizlarga yomg‘ir
bersin, Rabbingizga sizni shafei’ keltirdik, sizga Allohni shafei’ qildik, — dedi.
Rasululloh muning bu so‘ziga ajablanib:
— Subhonalloh, sening bu so‘zing qandoq bo‘ldi? Men Allohga shafe’ bo‘lsam yarashur.
Alloh menga qandoq shafe’ bo‘lur, bu ersa adabdan tashqari so‘zdur. Ulug‘lik, azamatlik,
yolg‘iz Allohga yarashur, — dedilar.
Bu so‘zni aytguvchi odam ersa, o‘zlarini qanday qattiq og‘irchilikka qolganliklarini
Rasulullohga bildirmoqchi edilar. Och kishidan aql chiqmas degandek, o‘rinsiz so‘z qilsa
ham, Rasululloh uni kechirdilar. So‘ngra ularning holiga yarasha aytdilarkim:
— Sizlarga suyunchilikdur. Mehnat kunlari tugadi, najot vaqti keldi, Alloh kulib turadi, —
dedilar ersa, bular ichidan bir a’robiy turib:
— Mundog‘ kulib turgan Allohdan sira ajramaylik, — dedi.
Rasululloh uning so‘zidan kulib, darhol minbarga chiqib, qutlug‘ qo‘llarini eng egiz
ko‘tardilarkim, qo‘ltiq oqlarigacha (taglarigacha) ko‘rindi. Boshqa vaqtlarda ersa,
mundoq odatlari yo‘q edi. So‘ngra ushbu duoni o‘qidilar:
«Ey bor Xudoyo, rahmat suviga bizni serob qilgil. O‘lgan yerlaringni tirgizgil,
chanqoqlikda qolgan bandalaringni, hayvonlaringni yomg‘ir suvi bilan qondirgil.
Yerlardan insonlar uchun ekinlar unsin, hayvonlar uchun o‘tlar o‘ssin, yaylovlar
ko‘paysin, yoqqan yomg‘ir barcha yerni qoplasin, tez yog‘sin, keng yog‘sin, foydalik
bo‘lsin, ziyoni bo‘lmasin. Kelgan yomg‘ir biz uchun rahmat bo‘lsin. Azob-mehnat bo‘lib,
uylar buzilmasin, mol-jon g‘arq bo‘lmasin, botrog‘ yog‘sin, — dedilar.
Anda ansor sahobalardin Abu Luboba degan kishi o‘rnidan turib: