QIRQ YETTINCHI MO’JIZA Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kimning haqida nima degan bo‘lsalar, qanday duo
qilsalar, xuddi shunday bo‘lur edi. Muhojir sahobalarning kattalaridan Abdurahmon ibn
Avf bir xizmat bajarib kelganida, Rasululloh uning haqida «Ishlaring barakalik bo‘lsin»,
deb duo qildilar. So‘ngra nima ish qildi ersa, undan baraka chiqaverdi. Bu kishi aytdi:
— Shunday bo‘ldikim, agar yerdin bir tosh olur bo‘lsam, ostidan oltin chiqqay.
Abdurahmon ibn Avf vafot bo‘lgach, meros qolgan oltinlarini oilasi kuraklab bo‘lib oldilar.
Nikohida to‘rt xotini bor edi. Meros molning sakkizidan birini shariat bo‘yincha bular
bo‘lib olg‘aylar. Har biriga yuz ming tilladan meros tegdi. Boshqalarga qancha tekkanligi
ersa shundan ma’lumdir. O‘lish oldida, ellik ming tilla faqir-miskin va yetimlarga vasiyat
qildi. Tirikligida qilgan xayr-ehsonlari ersa hisobsiz edi. Bir kun ichida o‘ttizlab-qirqlab
qul ozod qilgan chog‘lari ham bor edi. Yetti ming tuyalik bir karvonni butunlay ustiga
ortilgan oziq-ovqati, turli mollari bilan sadaqa qilib faqir-miskinlarga tarqatganligi
mashhur hadislarda yozilmishdur.
Islom yangidan boshlanishida har tomondan yetishmasliklari ko‘p edi. Bir kuni Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam boy kishilarni sadaqa qilmoqqa qattiq tashviq qildilar ersa,
sahobalardan Abdurahmon ibn Avf to‘rt yuz tanga sadaqa keltirib:
— Yo Rasulalloh, sakkiz yuz tanga sarmoyam bor edi, to‘rt yuzini oilam uchun qoldirdim,
— dedi.
Anda Rasululloh:
— Keltirganingga va qoldirganingga Alloh barakot bersin, — dedilar.
Mana shu kundan boshlab u kishini baraka bosib, mol-dunyosi ko‘paygani turdi.
Yana sahobalardan Abu Qatoda degan kishi bir xizmatni bajarib kelganida undan rozi
bo‘lib:
— Yuzingni Alloh barakotlik qilsun, — deb duo qildilar.
Bu kishi ersa yetmish yoshga kirganida ham, soch-soqollaridan bir tola tuki oqarmadi.
Yuz-ko‘zlari o‘n besh yashar boladek ko‘rinur edi.