www.ziyouz.com kutubxonasi
373
so‘zlik edilar. Barchaga birday ochiq yuz, shirin so‘z edilar. Lekin sinalmagan kishilar
bilan o‘ltirish-turishda ziyraklik yo‘lini tutar edilar.
Sahobalar va suhbatdoshlari holidan doim xabardor bo‘lib, betoblarini so‘rab,
ko‘rinmaganlarini yo‘qlab, muhtojlariga yordam berar edilar. Agar kishi Rasululloh bilan
ko‘rishmoqchi bo‘lib qo‘llarini ushlasa, undan ilgari qo‘l tortmas edilar. Hojat uchun
kelgan odam o‘zi ketmaguncha uni tashlab ketib qolmas edilar. Chaqirgan joyga
borardilar. Ozmi-ko‘pmi hadya bersa olardilar. So‘ngra ularga ham qaytarardilar. Birovni
ayblash yoki birovni maqtash Rasulullohga odat emas edi. Sahobalar bilan aralashib,
ulfatlashib, ularga tegishib, yosh bolalarni suyib, quchoqlariga olib o‘ltirardilar. Qul,
cho‘ri, boy, kambag‘al, — kim bo‘lsin chaqirsa, uyiga borardilar. Shahar chetlarida, uzoq
mahallalarda betob yotgan kishilardan borib, hol so‘rar edilar. Majlislarda oyoq uzatib
o‘ltirganlarini hech kim ko‘rmagan edi. Yo‘liqqan odamlarga ilgari salom berib, qo‘l olib
ko‘rishar edilar. O‘zlari kelganda boshqa kishilarning o‘rnidan turib ta’zim qilishlarini
yoqtirmas edilar. Lekin sahobalar bir-birlarini hurmatlashib o‘rinlaridan turishganlarini
yaxshi ko‘rar edilar. Ustlariga kirgan kishini hurmatlab, uning tagiga biror narsa solib,
qistab o‘ltirgizardilar.
Ko‘ngillari yumshoq, rahmdil, hammaning iymon keltirishiga mushtoq, katta-kichik
barchaga shafqatli, mo‘minlarga mehribon edilar.
Bir kuni Rasululloh oldilariga bir a’robiy kelib sadaqa so‘radi. Uning so‘raganidan ortiqroq
berib:
— Endi rozi bo‘ldingmi? — dedilar.
— Yo‘q, men degandek yaxshilik qilolmading, — dedi.
Muni eshitib, sahobalarning achchig‘i chiqib, uni urmoqchi bo‘ldilar. Rasululloh ularni
bosib, a’robiyga yana bir qancha narsa qo‘shib berib:
— Endi qanday? — dedilar.
Anda a’robiy:
— Sizga, xonadonlaringizga rahmat aytib, ko‘p tashakkur qilurman, — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlardin quvonib:
— Shu so‘zlaringni sahobalarim oldida aytgil. Kechagi aytgan so‘zing xafaligi ular
ko‘nglidan ko‘tarilsin, — dedilar.
Ul ham qabul qilib, ertalab Rasululloh oldilariga keldi, hamma sahobalar u yerga yig‘ilgan
edilar. Bular oldilarida ham o‘zining rozi bo‘lganini bildirib, tashakkur qildi.
So‘ngra Rasululloh marhamat qildilar:
— Agar bu a’robiy shu noroziligicha ketib, shu ahvol bilan o‘lsa yoki o‘ldirilsa, do‘zaxga
ketar edi. Uni ayaganimdan bu ishni qildim.
Shuning uchun Alloh taolo Qur’onda «Vama arsalnaka illa Rahmatallilalamin», ya’ni,
«Hammaga rahmat yetkazish uchun seni yubordik», deb Payg‘ambarimiz sollallohu
alayhi vasallamni sifatladi.