www.ziyouz.com kutubxonasi
72
salomat, ishimiz rohatlik», dedilar. Shuning uchun Islom shariatida yaxshi so‘z, yaxshi
ishlarni yaxshilikka yo‘yish sunnat bo‘ldi. Bo‘lar-bo‘lmas ishlardin cho‘chib, irim-sirim
qilish shariatda durust emasdur.
«Agar bir kimsa, biror narsadin yomon fol olib, ko‘ngli cho‘chisa: «Har yaxshilikni
berguvchi, har yomonlikdin qutqazguvchi — Allohdur», deb o‘z ishida davom etsun»,
degan hadis Payg‘ambarimizdan rivoyat qilindi. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
Payg‘ambarimiz:
— Ey Burayda, men Alloh tarafidin kelgan haq payg‘ambardurman, butun olam xalqiga
to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgani, ularga haq din o‘rgatgani keldim, seni ham shu dinga da’vat
qilurman, — dedilar. Buni onglab, Buraydaning ko‘ngliga iymon nuri kirib, tavfiq-ilohiy
yor bo‘ldi. Darhol shahodat aytib, Islom dinini qabul qildi. Shuning bilan birga o‘lja izlab
chiqqan sakson kishi barchalari barobar musulmon bo‘ldilar. So‘ngra hazrati Burayda
aytdi:
— Yo Rasulalloh, biz Aslam qabilasi, o‘z ixtiyorimiz bilan Islom dinini qabul qildik, bu
davlatni bizga nasib qilguvchi Alloh taologa hamdlar bo‘lsin. Endi shu ko‘pchiligimiz bilan
Madina shahriga kirgaymiz. Ko‘pchilik askarning ko‘rki tug‘ (bayroq) bo‘lur, agar ruxsat
qilsangiz, oldingizda bayroq ko‘tarib kirur edim, — dedi.
Rasululloh bu ishni ma’qul ko‘rib, ruxsat qildilar. Darhol Burayda boshidagi dastoridin
yirtib, bayroq yasab, ko‘targan holda Madinaga kirdilar. Rasululloh oldilarida Islom
olamida birinchi navbat ko‘tarilgan bayroq shul edi.