www.ziyouz.com kutubxonasi
7
Payg‘ambarimiz tug‘ilganlarini anglagach, bobolari Abdulmuttalib hammadin ortiqroq
suyundi. Yoshligida o‘lib ketgan bolasi Abdullohdin yodgor qolgan yolg‘iz o‘g‘lim
Muhammad, deb ko‘p suyar edi.
EMIZDIRILISHLARI U zamondagi shaharlik arablarning odatlari yangi tug‘ilgan bolalarini sahrolik badaviy
qabilalariga emizishga berur edilar. Atrofdagi badaviylarga har yili kuzda, ko‘klamda
emizishga bola olish uchun Makka shahriga kelish odat edi. Shuning uchun Bani-Sa’d
urug‘idin Halima degan xotun o‘z qabilasidin chiqqan xotunlarga qo‘shilib, o‘zi bir oriq
eshak minib, eri bir oriq tuya mingan holda chiqishgan edilar. Bularning mingan ulovlari
holsizlikdan yaxshi yurolmay hammaning ortida qolishdi. Ular shaharga kelgunlaricha
ilgari kelgan xotunlar ota-onalik boy bolalarni tanlab olishib ketgan edilar.
Payg‘ambarimiz bir faqir oilaning yetim bolasi bo‘lganligidan uni emizishga hech bir
xotun ortiqcha qiziqmas edi. Hammaning keyinida qolgan Halima ham shaharga kirdi.
Emizishga bola so‘roqlab yurganida Payg‘ambarimizning bobolari Abdulmuttalib ko‘rib
qolib, bizning bir yetim bolamiz bor edi, deb kelinlari Omina uyiga boshlab keldi. Hazrati
Omina Halimani ko‘rib, aytdikim:
— Bizni kambag‘al, bolamni yetim demasanglar, emizishga berayin, — deb oq jun
yo‘rgakka o‘ralgan Payg‘ambarimizni Halimaga ko‘rsatdi.
Halimaning ko‘zi tushishi bilan mehri qo‘zg‘alib, so‘l emchaklarini og‘izlariga solgan edi,
og‘izlarini yumib, emmay qo‘ydilar. Ikkinchi o‘ng emchaklarini solganda, darhol ema
boshladilar. Mana shu kundin tortib, to sutdan chiqqunchalik, so‘l emchakni emakdosh
bolaga qoldirib, o‘zlari o‘ng emchakni emishni odat qildilar.
Halima xotun bu muborak o‘g‘ilni olishi bilan ularning uylari xayru barakaga to‘ldi. Nima
ish qilsalar rivoj topib, tirikchiliklari tuzaldi. Suti ozligidan yolg‘iz o‘g‘il to‘ymasdan
oriqlagan edi, qachonki Payg‘ambarimizni emgizdi ersa, suti buloqdek bo‘lib oqa
boshladi.
Makkaga kelishda hammadin ortda qolgan, mingan eshagi, Payg‘ambarimizni o‘ngarib
qaytar chog‘ida hammaning oldiga tushib yurdi. Bu qutlik hayvonda bir turlik quvonchlik
hol paydo bo‘lib, ortiqcha kuch-quvvatga ega bo‘ldi. Bu sirni ko‘rgan yo‘ldosh xotunlar
hayron qoldilar. Va ham shu yillar yomg‘ir yetarlik yog‘may Arabistonda quruqchilik edi.
Yerdan o‘t unmagan sabablik, hayvonlari oriq bo‘lib, alarning sutlari so‘g‘olg‘on
(to‘xtagan) edi. Tirikchiliklari chorva sut-qatig‘iga suyangan ko‘chmanchi arablar
turmush to‘g‘risidin anchagina og‘irchiliklar kechirmoqda edilar.
Payg‘ambarimiz Halima xotun oilasiga qo‘shilgandin so‘ngra uning turmushi favqulodda
tuzala boshladi, shundoqki, oriqlikdan ko‘taram holga erishgan qo‘y-echkilari xiyol
o‘tmay semirishga turdilar. Hech yerda chiqqan o‘t, yegan cho‘plari ko‘rinmasdin,
yelinlari to‘lib, sutlari oqib kelar edi. Halimaning butun oilasi ovqatga mo‘l bo‘lib, uy
ichlari sut-qatiqqa to‘ldi.
Bu sirning tagiga tushunmagan boshqa moldor qo‘shni arablar Halima qo‘ychisi qaysi
yerda mol boqsa, sizlar ham shu joyda boqinglar, deb o‘z molchilariga bek topshirur
edilar. Ulug‘ qudrat tomonidan bo‘lgan bu karomat sirlarini u bechoralar qaydin bilsinlar.
Shundoq qilib, Halima xotun Payg‘ambarimizni to‘liq ikki yoshga yetguncha emguzdi.
Shu yoshdayoq boshqa bolalardin unub-o‘sishda ko‘p farqlari bor edi. Emdi odat
bo‘yuncha sutdin chiqar vaqti yovuqlashdi. Halima va uning butun oilasi
Payg‘ambarimizdin biror nafas ham ajrashga tob-toqatlari yo‘q edi. Shundoq bo‘lsa ham
rasmu odatga qarab bolani sutdan chiqargani so‘ngida Ominaga kelturdi. Bu muborak