www.ziyouz.com kutubxonasi
75
necha kun turdilar. Birinchi qilgan ishlari — shu o‘rinda bir masjid bino qildilar.
Rasulullohning amrlari bilan sahobalar ko‘p miqdorda tosh yig‘ib keltirdilar. Masjid o‘rni
belgilangandin so‘ngra Rasululloh masjid qiblasini to‘g‘rilab, muborak qo‘llari bilan shu
masjidga ul (poydevor) qo‘ydilar. Islom olamida yer usti bo‘yicha eng avval qilingan
jamoat masjidi shu edi. «Lamasjidun ussisa alattaqvo», degan oyat shu masjid haqida
nozil bo‘ldi. Ma’nosi: «Taqvo — iymon uzasiga (ustiga) qurilgan masjiddur». Buning
ichida namoz o‘qiguvchilar zohirdayu botinda poklikni do‘st tutguvchilardur. Shundoq
poklikni Alloh ham do‘st tutadi. Shu mazmundagi oyat bilan Alloh taolo Qur’oni karimda
shu masjidni va bundagi namoz o‘qiguvchi musulmonlarni maqtaydi. Endi
Payg‘ambarimiz bu joyda necha kun turganlari haqida ixtilof bordur. Ko‘proq rabiul
avvalning o‘n ikkisi, dushanba kuni keldilar, shu joyda uch kun turib, juma kuni Madina
shahriga kirdilar deb rivoyat qilinadi. Bu kirishlari esa, Islom olamida eng ko‘riklik,
ko‘rkam, qutlug‘ kun edi. Butun dunyo bo‘yincha, haqiqat ahlining bayram quyoshi shu
kunda tug‘ilmish edi. Bularga qarshi iblis mal’un va uning maslakdoshlari uchun eng
og‘ir, qora, motam kunlari kelmish edi. Qubodin chiqar chog‘larida «Kasva» otliq
tuyalariga mingan edilar. Muhojir, ansor sahobalar atroflarida qurollangan butun xalq,
yosh-qari, erkak-ayol ergashgan holda shahar sari yurdilar. Tuya burundug‘ini ushlab,
yetaklashga qabila raislari orasida talash bo‘lib, qizg‘in ravishda qizg‘anishlik tug‘ildi.
— YO Rasulalloh, qadami sharafingiz ila kimning kulbasini guliston qilursiz, qaysi joyga
tushursiz?— deb so‘rar edilar. Bularga qarshi:
— Men mingan tuyamga bu ish buyurilmishdur, qayerga cho‘ksa, shuning cho‘kkan o‘rni
bizning manzilimiz bo‘lur,— der edilar.
Tuyaning burundug‘i o‘z bo‘yniga o‘ralgan, bu qutlug‘ jonivor o‘z erkicha yurmoqda edi.
Pardasidan chiqmagan mastura qizlar Payg‘ambarimizni ko‘rishga qiziqib, tom ustiga
chiqqan edilar. Dastlabki kelishlarida Quboga tushganlaridagidek, she’rlar o‘qilib,
shodiyona daflar (childirmalar) chalinur, suyunchilik qo‘shiqlari aytilur edi. Shu yo‘sinda
bo‘lib, xalq ergashgan holda, mahalla oralab, ko‘chadan-ko‘chaga, o‘rin izlagan kishidek,
tuyalari har tomonga qarab yurar edi. Har eshikdan chiqqan kishilarga: «tuya
ma’murdur (buyruq olgan)» deb javob berar edilar. Tuyalari shu yurganicha yurib, Bani
Adiy ibn Najjor mahallasiga keldi. Payg‘ambarimizning ikkinchi bobolari Hoshim,
shulardin uylanib, bobolari Abdulmuttalib madinalik xotundin tug‘ilgan edi. Mana shu
to‘g‘ridan bu mahalla xalqi Payg‘ambarimizning tog‘alari bo‘lur edilar. Tuyalari shu joyga
kelganda, Abu Ayyub Ansoriyning eshigi oldiga kelib cho‘kdi. Tuyaning cho‘kkan joyi,
shu kundagi masjidi sharifdur. Rasululloh:
— Shu joy bizning manzilimizdur, inshaalloh, — dedilar. Tuyadan tushishlari bilan shu
oyatni o‘qib o‘tirdilar:
«Robbi anzilni munzalan mubarokan va anta xayrul munziliyn». Ma’nosi: «Ey bor
Xudoyo, meni qutlug‘, muborak o‘ringa tushirginki, sen tushiruvchilarning eng
yaxshisidursan».
Yangi manzilga tushgan vaqtda bu oyatni o‘qimoq bizlarga sunnat bo‘ldi. Uy egasi Abu
Ayyub Ansoriy darhol kelib, xurjun-xalaj yuklarini ko‘tardilar. «Kishining yuki qayerda
bo‘lsa, egasi ham shu yerda bo‘lur», deb Payg‘ambarimiz ham ortidin yurdilar. Yana shu
jamoatdan As’ad ibn Zurora degan kishi kelib, tuyalarini yetaklab, o‘z uylariga eltdi. Shu
chog‘da qabilaning yosh qizlari quyidagi she’rlar bilan qo‘shiq aytishib, quvonishar
edilar:
Bani najjor ahlining yosh qizlari bo‘lurmiz Muhammadning kelganin baxtimiz deb bilurmiz