www.ziyouz.com kutubxonasi
98
sudralib tashlanganini ko‘rganda ungi (rangi) o‘chib, bir turlik o‘zida g‘amu qayg‘u paydo
bo‘ldi. Rasululloh buni sezib, «Huzayfa, otang holini ko‘rib, achinganga o‘xshaysan»,
dedilar. Anda u aytdi: «YO Rasulalloh, otam Utba bilimlik, aqllik, andishalik kishi edi,
shuning uchun uning Islomdin nasibalik bo‘lishini umid qilar edim. Endi, men tilagancha
bo‘lmay, shu holda o‘lganini ko‘rib, ko‘nglim qayg‘ulandi», deb ko‘ziga yosh oldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Huzayfaga tasalli bergudek so‘z aytib, aning haqiga
duo qildilar. So‘ngra Rasululloh quduq qirg‘og‘iga kelib: «Ey, falon o‘g‘li falon, men
aytgan so‘zlarning haqligini endi aniq bildinglarmu?» dedilar. Anda Hazrati Umar: «YO
Rasululloh, joni yo‘q jasadlar bu so‘zni qaydin anglaydilar?» dedi. Rasululloh: «Alloh oti
bilan ont ichurman, mening so‘zimni sizlardan yaxshiroq anglaydilar. Endi Alloh aytgan
so‘zlarini chinligini ko‘zlari bilan ko‘rishdi», dedilar.
Shuning bilan urush o‘tib, uch kun so‘ngida Madinaga qaytgali qasd qildilar. Yo‘lga
chiqmasdin ilgari, suyunch xabarini yetkazmoq uchun ikki kishi yubordilar. Biri Madinalik
ansorlardan Abdulloh ibn Ravoha, ikkinchisi, Payg‘ambarimizning asrandi o‘g‘illari Zayd
ibn Horisa edi. Bular kelmasdin ilgari Madina munofiqlari ila Islom dushmani yahudlar
musulmonlarni g‘amgin qilmoq uchun, alarning ziyonlariga turlik yolg‘on xabarlar
tarqatmish edilar. Xabarchilar kelgandin so‘ngra yolg‘on yo‘qolib, chin so‘z maydonga
chiqdi. Musulmonlar quvonishib ruhlari ko‘tarildi. Munofiqlar, yahudlar sharmanda
bo‘lishib, xafalikda qoldilar. Buni eshitib, Islomiyatni qabul qilmagan butun arab
mushriklari zil ketib, ko‘ngillariga qo‘rqinch tushdi. Bu suyunchilik xabar kelgan chog‘da,
Rasulullohning qizlari, hazrati Usmon ayollari Ruqiyani sahobalar endigina dafn qilishib,
qabristondin qaytishmoqda edilar. Shu vaqtda xabarchilar yetishib kelib, Abdulloh ibn
Ravoha qattiq qichqirib: «Ey mo‘minlar, suyunchi, Rasululloh sog‘-salomatlar, mushriklar
raislaridan faloni-faloni o‘ldirildi, falon-falonlar asir olindi», dedi. Buni eshitgan yahudlar
raisi Ka’b ibn Ashraf, «bu so‘zlar yolg‘ondur, agar Muhammad bularni o‘ldirgani rost
bo‘lsa, yer osti bizlarga ustidan yaxshiroq bo‘lur», dedi.
Endi Rasulullohdan xabar exshitaylik. Suyunchi aytib, Madinaga kishi jo‘natilgandin
so‘ngra, o‘zlari ham yo‘lga chiqdilar. Safro degan joyga kelganda, qo‘lga tushgan
Quraysh raislaridan Nazr ibn Hars degan kishini o‘ldirishga buyurdilar. Ulug‘
sahobalardan Mus’ab ibn Umayr uning bir tug‘ishgan qarindoshi edi, uni Rasulullohga
orachi qo‘yib: «Muhammadga aytgil, boshqa yo‘ldoshlarim qatorida mening ham
jonimga omon bersun», dedi. Anda Mus’ab ibn Umayr: «Sen bu o‘limdan omonlik topa
olmagaysan. Alloh kitobi Qur’on haqida, aning Payg‘ambari Rasululloh ustida noyang‘liq
(ko‘p, qanchalar yomon) so‘zlamish eding, anga iymon keltirgan mo‘minlarga turlik
azoblar berib, qiynamish eding, endi shu qilmishlaring jazosini ko‘rmakdan boshqa
chorang yo‘qdur», deb so‘zini rad qildi. Shuning bilan, Hazrati Aliga topshirilib, boshi
kesildi. Bir og‘iz iymon aytishga bo‘yni yor bermasdin, dunyo va oxiratlik davlatidan
ajraldi. Boshiga qilich kelgan chog‘ida iymon aytgan bo‘lsa edi, tavbasi qabul bo‘lib,
o‘limdan qutulur edi.
So‘ngra ul joydin ko‘chib, «Aroq az-Zobya» degan manzilga keldilar. Bu yerda Quraysh
askar boshliqlaridan Uqba ibn Mu’ozni o‘limga buyurdilar. Bu kishi hijratdin ilgari
Makkada Rasulullohga haddin osha adabsizliklar qilgan edi. Bir kuni Payg‘ambarimizni
chorlab, ziyofat qilgani o‘z uyiga keltirdi, taom hozirlab yemakka taklif qildi. Rasululloh
aning iymonidan umid qilib, agar iymon keltirmasang, bu taomdin yemayman, dedilar, u
ham qabul qilib, shu holda iymon keltirdi. Bu so‘z xalq ichiga tarqalib, katta-kichik
hammaga ma’lum bo‘ldi. Quraysh raislaridan Ubay ibn Xalaf uning eng yaqinlaridan edi.
Bu so‘zni eshitib, qattiq qayg‘ulandi. Ota-bobolarimiz yurgan yo‘ldan chiqib, alarning
dinini buzding, deb uni xo‘p malomat qildi. Anda Uqba: «Uyimga mehmon bo‘lib, kelgan
Muhammadni taom yedirmak uchun, til uchida aytgan bo‘ldim. Men bu ishni chin ko‘ngil