BANI LIHYON G‘AZOTI Bu voqea shundoq erdikim, bu qabilaning raislaridan bir necha kishilar Madinaga kelib,
Rasululloh bilan ko‘rishdilar. Bular yolg‘ondan, munofiqlik bilan, «bizlar musulmon
bo‘ldik», deyishib, Rasulullohdan Islomni o‘rgatib: «Qur’on o‘qitgudek bizga kishi
qo‘shing», deb so‘rashdilar.
Anda Rasululloh sahobalarning qorilaridan Osim ibn Sobitni boshliq qilib olti kishi
yuborgan edilar. Bu voqea yuqorida yozilib o‘tgandur. Bu qori sahobalar ularning yurtiga
borishgandan so‘ngra xiyonat qilishib, u borganlarni o‘ldirishgan edi. Shu shahidlarning
qasoslarini olish uchun yigirmata otlik, bir yuz saksonta tuyalik, barisi ikki yuz askar olib
yo‘lga chiqdilar.
Dushman sezib qolmasin deb yashirin yo‘llar bilan yurishib, o‘shal sahobalar shahid
bo‘lgan joylariga yetganlarida, haq yo‘lida jon bergan birodarlarini eslab,
Payg‘ambarimiz yig‘ladilar. Alarga rahmatlar aytib, haqlariga duo qildilar. So‘ngra
ko‘rdilarkim, dushmanlar ilgariyoq askar kelishidan xabar topishib, tog‘-toshlarga
qochishib ketgan ekanlar. Dushmanlardan birorta kishi ham ko‘zga ko‘rinmadi. Atrofga
chopulchi (hujumchi) askar yuborib, bu joyda alarni kutib ikki kun turdilar. Dushmandan
kishi yo‘liqmagach, borgan askarlar ham qaytib kelishdi. Lekin Rasululloh bulardan bir
bo‘lak askar ayirib, Makka shahri yaqinida Asfon degan joyga borib qaytishga buyurdilar.
Bundan maqsadlari esa, Makka kofirlariga haybat ko‘rsatib, alarni cho‘chitmoqchi edilar.
Shuning bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu atrofda o‘n to‘rt kuncha yurib,
salomatlik bilan yana Madinaga keldilar.
Shu safarlarida ko‘pincha o‘qiydigan duolari bu edi: «Allohumma inniy auzu bika min
va’soissafari va kabatil munqolabi va suil manzari fil ahli val yamoli val valadi». Ma’nosi:
«Ey bor Xudoyo, safarning xatarlaridan o‘zing saqlagil, qaytgandan keyin molda va
xotin-bolada ko‘ngilsiz bir ish ko‘rishdan o‘zing saqlagil. Bu narsalarning bo‘lishidan
O‘zingga sig‘indim», demakdur.
Ilohiy, Rasulullohning haq yo‘lida qilgan safarlari haqqi, safarga chiqqan mo‘min
qullaringni safar xatarlaridan o‘zing asragil. Omin!