www.ziyouz.com kutubxonasi
182
chiqqan chog‘ida boshqa savdogarlar unga omonat qilib bir muncha mol qo‘shgan edilar.
Alarni o‘z egalariga topshirdi. Va: «Mening ustimda hech kimning haqqi qoldimi,
va’damga vafo qilib omonat olgan mollaringizni topshirib berdimmi?» deb alardin so‘radi.
Mol egalari rozilik bildirishib, unga ko‘p rahmat aytdilar. Ularning so‘zlari to‘xtashi bilan
Abu ul Os o‘rnidan turib:
— Men endi Muhammad tutgan yo‘lning haqligiga ishonib, aning diniga kirdim, — deb
ko‘pchilik xalq ichida shahodat aytib, musulmon bo‘ldi.
Shunda ular:
— Mundoq ekan, nega bu ishingni oldinroq qilmading? — dedilar.
Anda ul:
— Men Shom tijoratiga chiqqanimda, bir necha kishilar menga omonat qilib mol
qo‘shgan edilar. Ul omonat mollarni topshirmay musulmon bo‘lsam, aning egalari
bizning molimizni bosib qolish uchun musulmon bo‘ldi, degaylarmu deb qo‘rqdim.
Shundoq so‘z chiqmasin uchun shu kungacha sabr etdim, — dedi.
So‘ngra Makkadan Madinaga hijrat qilib kelgach, Rasululloh qizlari Zaynabni yangidan
nikohlab, yana unga berdilar.