www.ziyouz.com kutubxonasi
217
Madinaga keldilar. So‘ngra Hazrati Ali, akalari Ja’far, Payg‘ambarimizning asrandi
o‘g‘illari Zayd ibn Horisa — bu uchovlari o‘rtasida qiz ustida talash paydo bo‘ldi.
Da’volashib Payg‘ambarimizning oldilariga keldilar. Hazrati Ali aytdi:
— Yo Rasulalloh, bu qizga hammadan men haqliman, amakim Hamzaning qizidur, yana
Makkadan bu qizni men o‘zim keltirdim, — deb aytdi.
Zayd ibn Horisa turib:
— Yo Rasulalloh, bu qizga men haqliman, chunki bu mening do‘stim va din qarindoshim
qizidur. Men aning vasiysi erurman, menga topshiring, o‘zim tarbiyat qilurman, — dedi.
Anda Ja’far aytdi:
— Yo Rasulalloh, bu qizga ikkovidan ham men yaqinroq erurman. Hamza ibn
Abdulmutallib menga ham amaki bo‘lur, buning ustiga, bu qizning xolasi mening
nikohimdadur — dedi.
So‘ngra Rasululloh qizni Ja’farga hukm qilib aytdilar:
— Kishining xolasi o‘z onasidek mehribondur.
Shuning uchun shariat hukmida o‘g‘il-qiz yetim bolalarni boqishga ota qarindoshlari
qolib, ona qarindoshlari haqlik bo‘ldi.
Shu bilan qizning janjali tamom bo‘lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati
Aliga qarab:
— Ey Ali, sen mendan erursan, men sendan erurman, — dedilar.
So‘ngra hazrati Ja’farga boqib:
— O‘zing ham, xulqing ham menga o‘xshaydi, — dedilar. Keyin Zayd ibn Horisaga
qarab:
— Sen bizning ukamiz va do‘stimizsan, — dedilar.
Bundan maqsadlari bularning ko‘ngillarini ovlab, ruhlarini ko‘tarish edi. Rasulullohning
bunday ulug‘ iltifotli so‘zlarini anglab, bek suyunib ketdilar. Haqiqatda uchovlaridek
yaqin jonfido kishi yo‘q edi.
Shu bilan hijratdan yetti yil o‘tib, sakkizinchi yil kirdi.