www.ziyouz.com kutubxonasi
31
dedilar.
Mana shunchalik so‘zlari ustida yana birovlari turib:
— Ey Muhammad, so‘zimizning to‘xtagani shuki, seni bizga payg‘ambar qilib yuborgan
Xudoyingni ko‘zimizga ko‘rsat yoki o‘zingning rostligingga guvohlik berish uchun bir
jamoat farishtalarni keltir, ana shundagina iymon keltiramiz, — deb so‘zlarini kesdilar.
Payg‘ambarimizning ham ulardin umidlari uzilib, u joydin chiqdilar. Keyinlaridin Abdulloh
ibn Umayya degan bir odam ergashib chiqdi, bu bo‘lsa Payg‘ambarimizning ammalari
Otikaning o‘g‘li edi. Oldilarini to‘sib turib, dedikim:
— Ey Muhammad, qavming Quraysh bir necha takliflarni senga qildilar, hech birini qabul
qilmading, so‘ngra xalq uchun foydalik bir necha narsalarni Allohdin so‘rab berishingni
sendin o‘tindilar, buni olmading, bu talabni chiqara olsang eding, Xudo oldida naqadar
martabang borlig‘i ma’lum bo‘lib, senga iymon keltirishga yo‘l ochilur edi, yoki o‘z
foydang uchun ular so‘ragan narsalarni vujudga chiqarib, xalq oldida o‘z darajangni isbot
qila olmading: Xalqni qo‘rqitib, o‘zing aytib yurgan narsalarning ba’zi birini ularga
ko‘rsatishingni so‘radilar. Buni ham ko‘rsata olmading. Alloh oti ila ont ichamanki, men
senga hech qachon iymon keltirmayman, agar ko‘z oldimda osmonga chiqib
payg‘ambarligingga xat-hujjat keltirsang, uning ustiga to‘rt farishta sening bilan birga
tushib, guvohlik bersalar ham endi sening so‘zingga ishonmayman, — deb yana qasam
yodi bilan yuz o‘girib ketdi.
Buning so‘ngida Payg‘ambarimiz bu ishga qattiq qayg‘urib, xafalik bilan uylariga
qaytdilar. Chunki ulardin ko‘z tutilgan yaxshilik umidlari uzilgan hisob bo‘ldi. Yana bu
so‘zlardin so‘ngra Abu Jahl mal’un turib:
— Ey Quraysh xalqi, mana ko‘rdinglar, Muhammad bilan bo‘lgan muomalamiz shu bo‘ldi,
dinimizni xorlab, butlarimizni haqorat qilib, ota-bobolarimizni, bizni ahmoq sanab
yuribdi. Uning maqsadi ersa, bizlarni xafa qilishdur. Endi men o‘z ko‘nglimda shunday
ahd qildimki, agar ertaga kelib Baytulloh oldida yana o‘z namozini o‘qimoqchi bo‘lsa,
naqd sajdaga bosh qo‘ygan chog‘ida qo‘l ko‘targudek og‘ir tosh bilan urib boshini
yanchaman. Shundoq qilib, birato‘la o‘ldirib qutulmasak, boshqa chorasi yo‘qdur. Aning
himoyatchisi Bani Hoshimlar qo‘llaridin kelganini qilsunlar. Quraysh xalqi ulardin meni
saqlash-saqlamasliklarini o‘zlari bilsunlar, — dedi.
Anda Quraysh raislari:
— Ey Abul Hakam, Xudo haqqi, sening bu fikring to‘g‘ridur. Agar shu ahdingga vafo qilib,
bu ish ijrosi ila Muhammaddin bizni qutqara olsang, barimiz bir qo‘l, bir til bo‘lib, seni
himoya qilishga va’da beramiz, — dedilar.
Ularning aytgan so‘zlaridin Abu Jahl jur’atlandi, ertasi kuni o‘zi degandek bir cho‘ng
toshni tutib, poylab turdi. Payg‘ambarimiz o‘z odatlaricha Baytulloh oldiga kelib, ikki
rakat namoz o‘tamaklikka kirishdilar. Quraysh raislari ham o‘z masjidlarida Abu Jahl
ishini kutib o‘ltirmoqda edilar. Qachonki Payg‘ambarimiz sajdaga bosh qo‘yib edilar,
yomon niyat bilan poylab turgan Abu Jahl bir katta tosh ko‘targan holda urmoqchi bo‘lib
yaqin keldi. Kelishi hamon ko‘kragidan itargandek bo‘lib, orqaga qaytdi. Qo‘rqqanidin
rangi o‘chib, tosh ko‘targan qo‘li jonsizlanib, uni tashladi. Bu qo‘rqinchlik holga qolgan
Abu Jahl ustiga bir necha mushriklar yugurishib keldilar.
— Ey Abul Hakam, senga nima hodisa bo‘ldi? — deb undin so‘radilar.
Anda ul:
— Kechagi aytgan ishimni qilmoqchi bo‘lib, yaqin borgan edim, tishlari nayzadek,
umrimda ko‘rmagan haybatlik bir bug‘ro tuya oldimdan to‘g‘ri chiqib, og‘zini g‘ordek
ochib, menga hamla qildi. Bo‘lgan voqea shuldir,— dedi. Payg‘ambarimiz:
— Ko‘ringan bug‘ro tuya birodarim Jabroildur, agar menga yaqinlashsa, uni halok qilur
edi, — dedilar.