www.ziyouz.com kutubxonasi
140
tushdi. So‘ng Margarita boshqa hech nimani o‘ylamay, Aleksandr bog‘idan shoshgancha chiqib ketdi.
Yigirmanchi bob AZAZYeLLONING YoG‘UPASI Oqshom. Beg‘ubor osmonga qalqqan to‘linoy zarang daraxti shoxlari orasidan mo‘ralardi. Jo‘ka va
akas daraxtlari bog‘ sahnida g‘oyat murakkab naqshlar hosil qilgan. Binodan yarim doira shaklida
bo‘rtib chiqqan sahnga joylashgan yotoqxonaning lang ochiq, ammo darparda bilan to‘silgan uch
qavatli derazasi elektr shu’lasi bilan charog‘on yoritilgan. Margarita Nikolaevnaning yotoqxonasidagi
barcha chiroqlar yoqib qo‘yilgan bo‘lganidan xonadagi tartibsizliklar yaqqol ko‘zga tashlanib turar edi.
Karavotga yozilgan adyolda ko‘ylak, paypoq, ichki libos yoyilib yotar, yechib tashlangan, ichki
kiyimlar esa oyoqostida, shoshqaloqlik bilan bexosdan bosib majaqlangan bir quti papiros yonida
g‘ijimlanib yotardi. Tufli tungi stolcha ustida kofesi ichib bo‘linmagan chashka va papiros qoldig‘i
tutab turgan kuldon yonida turardi, stul suyanchig‘iga kechki qora ko‘ylak ilib qo‘yilgan. Xona atir
hidiga to‘lgan, bundan tashqari, qayoqdandir qizdirilgan dazmol hidi ham kirib kelayotgan edi bu
xonaga.
Yalang‘och Margarita Nikolaevna cho‘milganda kiyadigan xalatini yelkasiga tashlab, oyog‘iga
baxmal teridan tikilgan qora tufli kiyib toshoyna qarshisida o‘tirardi. Uning qarshisida Azazellodan
olgani quticha soatli oltin bilaguzuk yonida yotar, Margarita soat milidan ko‘zini uzmasdi. Ba’zan
unga soat buzilib qolgan-u, millari joyidan jilmayotganday tuyulardi. Lekin millar, garchi xuddi ilinib-
ilinib qolayotgan-dek, juda imillab bo‘lsa ham yurib turgan edi, mana, nihoyat, soatning uzun mili
to‘qqizdan yigirma to‘qqiz minut o‘tganini ko‘rsatdi. Margaritaning yuragi shu qadar qattiq tepa
boshladiki, dastlabki paytda qutichani qo‘liga olishga ham majoli qolmadi.
Nihoyat u o‘zini tutib olib, axiri qutichani ochdi — unda sarg‘ishrang yog‘upa bor ekan. Undan
balchiq hidi kelayotgandek tuyuldi. Margarita barmog‘ining uchi bilan yog‘upadan qittak olib, kaftiga
surgan edi, balchiq hidi o‘rmon hidi bilan omixta bo‘lib dimog‘iga gupillab urildi, shundan so‘ng
Margarita yog‘upani kafti bilan peshonasi va yonoqlariga sura boshladi. Yog‘upa osongina surilar va
Margaritaning payqashicha, shu zahoti terisiga singib ketayotgan edi. Margarita yuziga yog‘upadan
uch-to‘rt marta surgach, ko‘zguga qaradiyu birdan qo‘lidagi oltin qutichani tushirib yubordi. Quticha
soatning shisha qopqog‘i ustiga tushib, uni xuddi o‘rgimchak uyasi shaklida darz qildi. Margarita
ko‘zlarini chirt yumdi, keyin yana ko‘zguga tikildiyu birdan xandon tashlab kula boshladi.
Uning mo‘ychinakda terilib silliq qilingan ingichka qoshlari quyuqlashgan va ikkita timqora yoy
bo‘lib, ko‘m-ko‘k ko‘zlari ustiga yotgan edi. O‘tgan yili oktyabrda, ya’ni usta g‘oyib bo‘lganida
qansharida paydo bo‘lgan ingichkagina tik ajin tekislanib yo‘q bo‘ldi. Shuningdek, ikki chakkasida
paydo bo‘lgan sarg‘ish dog‘ ham, ikki ko‘zining tashqi milklari oldida hosil bo‘la boshlagan ko‘z
ilg‘amas ajinlar ham yo‘qoldi. Yonoqlari bir tekisda qizg‘ish rang kasb etdi, peshonasi oppoq va
beg‘ubor bo‘ldi, sartaroshning mahorati bilan jingalak qilingan sochlari yoyilib ketdi.
O‘ttiz yoshli Margaritaning ro‘parasida endi, ko‘zguda timqora sochlari tug‘ma qo‘ng‘iroq bo‘lgan
yigirma yoshlardagi juvon sadafdek oq tishlarini ko‘rsatib, qotib-qotib kulardi.
Margarita kula-kula charchagach, bir silkinib yelkasidan xalatni otib tashladi va nafis yog‘upaga
besh panjasini botirib, uni butun badaniga qattiq-qattiq sura boshladi. Badani bir lahzada qizarib, qizib
ketdi. Shunda Aleksandr bog‘idagi uchrashuvdan so‘ng ikki chakkasining, xuddi miyasiga igna qadab
qo‘yilganday tinimsiz lo‘qillab og‘riyotgani birdan taqqa to‘xtab, oyoq-qo‘llarining mushaklari kuchga
to‘ldi va Margarita o‘z jismining vaznsiz bo‘lganini sezdi.
U bir sakrab, gilam uzra havoda muallaq osilib qoldi, keyin ohista pastga tusha boshladi.
— O‘rgilay yog‘upadan! Qanday yaxshi-ya! — deb chinqirdi Margarita o‘zini kresloga «tappa»
tashlarkan.