www.ziyouz.com kutubxonasi
204
solmay qo‘ygan edi.
— Ayting-chi, Ivan Nikolaevich, Berlioz tramvay tagiga yiqilib tushganida siz turniketdai
uzoqdami-dingiz ?
Ivan negadir beparvolik bilan sezilar-sezilmas jilmayib qo‘ydi-da, javob qildi:
— Men uzoqda edim.
— Anavi katak kamzul kiygan turniket oldida turganmidi?
— Yo‘q, u sal nariroqdagi skameykada o‘tirgan edi.
— Berlioz yiqilib tushganida uning turniket oldiga bormaganini aniq eslaysizmi?
— Eslayman. Borgani yo‘q. U yastanib o‘tirgan edi. Tergovchi boshqa savol bermadi. U Ivanushka
bilan qo‘l berib xayrlasharkan, tezroq tuzalib keting, dedi va tez kunlarda uning yangi she’rlarini
o‘qishiga umid bildirdi.
— Yo‘q, — ohista javob qildi Ivan, — men endi hech qachon she’r yozmayman.
Tergovchi muloyim jilmayib qo‘yib dedi:
— Hozir siz bir oz ruhan siqilgansiz, lekin aminmanki, bu hol hademay o‘tib ketadi.
— Yo‘q, — dedi Ivan tergovchiga emas, so‘nib borayotgan olis ufqqa tikilib, — bu hol endi hech
qachon tugamaydi. Men yozgan she’rlar — yomon she’rlar, buni men endi tushundim.
Tergovchi g‘oyat muhim dalillar olib jo‘nab ketdi. Yuz bergan voqealar tizmasining oxiridan
boshiga qarab birma-bir tekshirish natijasida, nihoyat hodisalarning sarchashmasi topildi. Bu
hodisalarning hammasi Patriarx ko‘lida yuz bergan qotillikdan boshlanganiga endi shubha qolmagan
edi. To‘g‘ri, Ivanushka ham, anavi katak kamzulli ham MASSOLITning baxtiqaro raisini tramvay
tagiga itarib yubormagan, xullas, hech kim uning tramvay ostiga dumalab tushishida jismoniy hissa
qo‘shmagan edi. Lekin tergovchi, Berlioz gipnoz qilingan bo‘lgani uchun o‘zini tramvay tagiga
tashlagan (yoki yiqilib tushgan) deb qat’iy ishonardi.
Ha, material yetarli darajada edi, endi kimlarni qaerdan tutish kerakligi ham ma’lum edi. Biroq
hamma balo shundaki, aybdorlarni hech tutib bo‘lmayotgan edi. O‘sha xudo qarg‘agan 50-kvartirada,
shubhasiz, kimlardir bor edi. Ba’zi-ba’zida telefon qo‘ng‘irog‘iga u kvartiradan kimdir g‘ijirlovchi
manqa ovoz bilan javob qilardi, ahyon-ahyonda kvartiraning derazalari ochilib qolar, hattoki, u yerdan
patefon ovozi ham eshitilardi. Lekin har gal tekshirgani borishganda, u kvartirada zog‘ni ham uchrata
olmasdilar. Holbuki, u yerga bir emas, bir necha marta, kunduzi ham, kechasi ham borib ko‘rishgan
edi. Buning ustiga, kvartira ichida to‘r ko‘tarib yurishib, uning burchak-burchaklarini ham sinchiklab
tekshirishdi. Bu kvartira o‘zi ko‘pdan shubha ostiga olingan edi. Shu bois nainki darvozaxona va hovli
orqali unga kiradigan yo‘lni, shuningdek, orqa eshikni ham qo‘riqlay boshlashdi, bundan tashqari,
tomdagi mo‘rkon og‘ziga ham soqchi qo‘yildi. Ha, 50-kvartira beboshlik qilar, ammo uning tanobini
tortib qo‘yishning hech iloji bo‘lmayotgan edi.
Vaziyat hech o‘zgarishsiz, shunday qolaverdi, nihoyat, jumadan shanbaga o‘tar kechasi qoq yarim
tunda egniga bazm libosi, oyog‘iga loklangan tufli kiygan baron Maygel 50-kvartiraga tantanali
vaziyatda mehmon bo‘lib keldi. Eshikni ochib, baronni kvartiraga kiritishgani eshitildi. Shu voqeadan
so‘ng rosa o‘n daqiqa o‘tgach, hech qanday qo‘ng‘iroq qilmay, kvartiraga bostirib kirishdi, ammo u
yerda nainki uy sohiblarini uchratishdi, balki (bunisi endi aql bovar qilmaydigan hol edi) baron
Maygelning arvohi ham qolmaganiga shohid bo‘lishdi.
Shunday qilib, yuqorida aytganimizdek, vaziyat shanba kunning sahariga dovur hech o‘zgarishsiz
qolaverdi. Bu paytga kelib, yangi va juda qiziqarli ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Moskva aerodromiga
Qrimdan uchib kelgan olti o‘rinli passajir samolyoti qo‘ndi. Boshqa yo‘lovchilar qatori undan juda
antiqa yo‘lovchi ham tushdi. Bu uch-to‘rt kundan beri yuziga suv tegmagan, soqol-mo‘ylovi o‘sib
tikanak bo‘lgan, yallig‘langan ko‘zlari olazarak boquvchi, qo‘lida hech qanday yuki yo‘q va nihoyatda
alomat kiyingan yigit edi. U boshiga papoq, egniga tungi ko‘ylagi ustidan charm chakmon, oyog‘iga
ko‘k rangli, endigina sotib olingan yap-yangi shippak kiygan edi. Samolyot zinasidan tushib ikki
qadam yurar-yurmas uni kutib olishdi va yana bir oz vaqtdan so‘ng Varetening butun Moskvaga