www.ziyouz.com kutubxonasi
203
topishdi. G‘ishtintuzning kinematograf oldidagi taksi to‘xtaydigan maydonchada o‘zini qanday
tutganini ayrim vaqtlar, chunonchi seans tugagan va Rimskiyning g‘oyib bo‘lgan paytlari bilan
muqoyasa qilib ko‘rilishi hamono hamma narsa oydinlashdiyu darhol Leningradga telegramma
yuborildi. Bir soatdan keyin (juma kuni kechqurun) Rimskiyning «Astoriya» mehmonxonasida,
to‘rtinchi qavatdagi to‘rt yuz o‘n ikkinchi xonadan topilgani haqida javob yetib keldi.
«Astoriya»ning to‘rt yuz o‘n ikkinchi xonasidagi kiyim javoniga yashiringan Rimskiy darhol hibsga
olingan va o‘sha yerda, Leningradda so‘roq qilingan. Shundan so‘ng Moskvaga yuborilgan
telegrammada, Varetening moliya direktori mutlaqo esini yo‘qotgan holatda ekanligi, berilgan
savollarga biron jo‘yali javob bermagani yoinki berishni xohlamagani haqida, bil’aks hadeb, uni
qamoqxonaning zirhlangan kamerasiga qamab, qurolli soqchilar bilan qo‘riqlashlarini iltimos
qilayotgani haqida yozilgan edi. Moskvadan yuborilgan telegrammada Rimskiyni soqchilar kuzatuvida
Moskvaga jo‘natish buyurildi, shunga ko‘ra Rimskiy juma kuni kechqurungi poezdda soqchilar
kuzatuvida yo‘lga chiqdi.
Shu juma kuni kechqurun Lixodeevning ham izi topiddi. Uning to‘g‘risida barcha shaharlarga
telegramma yuborilib, qidiruv e’lon qilingan edi. Yaltadan: «Lixodeev Yaltada bo‘lgan, lekin
aeroplanda Moskvaga uchib ketdi», degan javob telegrammasi olindi.
Birdan-bir daragi topilmagan odam Varenuxa bo‘ldi. Deyarli butun Moskvaga taniqli bo‘lgan bu
mashhur teatr ma’muri dom-daraksiz yo‘qolgan edi.
Bu asnoda Varete teatridan chetda, Moskvaning boshqa yerlarida yuz bergan hodisalar bilan ham
shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. Masalan, «Slavnoe more» qo‘shig‘ini ijro etgan xodimlarning
g‘ayritabiiy raftorini (darvoqe, professor Stravinskiy teri ostiga qandaydir dori yuborish bilan ikki soat
ichida ularning hammasini yana o‘z holiga keltirishga muvaffaq bo‘ldi), shuningdek, allambalo
qog‘ozlarni ayrim kishilar yo muassasalarga pul o‘rnida o‘tqazgan shaxslar va shunday yo‘l tutilishi
oqibatida ziyon ko‘rgan shaxslar masalasini ham oydinlashtirish lozim bo‘ldi.
Ma’lumki, bu hodisalar ichida eng ko‘ntilsiz, eng g‘alvali va eng mushkuli marhum Berliozning
kallasini Griboedov zaliga qo‘yilgan tobutdan kuppa-kunduz kuni o‘g‘irlab ketilgani bo‘ldi.
Butun Moskvaga yoyilib ketgan bu murakkab ishning chigallarini bittama-bitta yechish uchun o‘n
ikkita tergovchi safarbar qilindi.
Tergovchilardan biri professor Stravinskiyning shifoxonasiga bordi va birinchi navbatda keyingi
uch kun ichida shifoxonaga keltirilgan shaxslarning ro‘yxatini so‘radi. Buning natijasida Nikonor
Ivanovich Bosoy va kallasi uzilib qayta o‘rnatilgan bechora konferanse topildi. Lekin ular tergovchini
qiziqtirmadi. Chunki bularning ikkovi ham o‘sha noma’lum sehrgar boshchiligidagi to‘daning qurboni
bo‘lganligi ravshan edi. Ammo Ivan Nikolaevich Bezdomniy tergovchini haddan tashqari qiziqtirib
qoddi.
Juma kuni kechga yaqin Ivanushka yotgan 117-xonaning eshigi ochilib, bu yerga Moskvadagi eng
yaxshi tergovchilardan biri deb sanalishiga qaramay, qiyofasidan tergovchiga mutlaqo o‘xshamaydigan
kulcha yuz, vazmin, muloyim bir yigit kirib keldi...
Tergovchi xushmuomalalik bilan o‘zini tanitdi va Ivan Nikolaevichning huzuriga o‘tgan kuni
Patriarx ko‘li bo‘yida sodir bo‘lgan hodisalar xususida gaplashgani kelganini aytdi.
O, afsus, bu tergovchi sal oldinroq, hech bo‘lmasa, payshanbaga o‘tar kechasi kelganida bormi,
Ivanning boshi osmonga yetgan bo‘lardi: o‘shanda u Patriarx ko‘lida yuz bergan voqeani rosa kuyib-
pishib hikoya qilmoqchi bo‘lgan, ammo uning aytganlariga e’tibor berishmagan edi. Mana endi uning
maslahatchini tutish orzusi ushaldi, endi u hech kimning orqasidan quvmaydi, aksincha o‘sha
chorshanba kuni kechqurun sodir bo‘lgan voqeani eshitish uchun mana, uning huzuriga o‘zlari
kelishipti.
Lekin, taassufki, Berlioz halokatidan keyin o‘tgan vaqt ichida Ivanushka tamomila o‘zgarib ketgan
edi. U tergovchining barcha savollariga bajonidil va muloyimlik bilan javob qaytarar, ammo uning ni-
gohida ham, gapirish ohangida ham loqaydlik sezilib turardi. Berlioz fojiasi endi shoirni tashvishga