www.ziyouz.com kutubxonasi
205
dovrug‘i ketgan direktori Stepan Bogdanovich Lixodeev tergov ahliga ro‘para bo‘ldi. U ham yangi
ma’lumotlar berdi. Ana endi Volandning Styopa Lixodeevni gipnoz qilib qo‘yib, Varetega artist
qiyofasida kirib borgani, keyin uni jodu yo‘li bilan Moskvadan bir necha ming kilometrga uloqtirgani
ma’lum bo‘ldi. Dalillar shu tarz-da tog‘-tog‘ bo‘lib uyulib ketayotgan bo‘lsa ham, bundan ish
yengillashmadi, balki, hatto, bir oz og‘irlashdi desa ham bo‘ladi, chunki Stepan Bogdanovichning
boshiga ne savdolarni solgan o‘sha nayrangboz shaxsni qo‘lga ilintirish juda mushkul ekanligi yaqqol
ko‘rinib turardi. Bu o‘rtada Lixodeev, o‘z iltimosiga ko‘ra, mustahkam kameraga qamab qo‘yildi. Bu
asnoda deyarli ikki kecha-kunduz dom-daraksiz ketib, yana o‘z kvartirasida paydo bo‘lgan va o‘sha
yerda hibsga olingan Varenuxa tergovchilar oldida guvohlik bera boshladi.
Garchi u Azazelloga, boshqa yolg‘on so‘zlamayman, deb so‘z bergan bo‘lsa ham, tergovda gapni
yolg‘ondan boshladi. Lekin buning uchun uni judayam ayblamaslik ke-rak. Chunki Azazello telefonda
yolg‘iz so‘zlash, qo‘rslik qilishni man qilgan edi unga, hozir esa, ma’mur o‘sha apparat yordamisiz
gapirayotgan edi. Ivan Savelevich tergov qilayotganlardan ko‘zini olib qochishga urinib hikoya qila
boshladi:
— Payshanba kuni kunduzi Varetedagi kabinetimda yolg‘iz o‘zim to mast bo‘lib qolgunimcha
ichdim. Keyin ketdim, qayoqqa — eslolmayman, allaqaerda to‘xtab, yana starka ichdim, ammo qaerda
— eslolmayman, qaysiyam bir devor tagida uchib qoldim, lekin qaysi devor ekanliginiyam
eslolmayman...
Varenuxa o‘zining bema’ni va betuturiq raftori bilan muhim ish yuzasidan tergov olib borishga
xalaqit berayotganini va bu qilmishi uchun albatta javobgarlikka tortilajagini aytishgandan keyin, u
ho‘ngrab yig‘lab yubordi va hammayoqqa olazarak bo‘lib qarab, titroq ovoz bilan pichirlagancha,
yolg‘on gapirganiga, chunki Voland to‘dasining qasos olishidan qo‘rqib shunday qilganiga iqror bo‘ldi
va o‘zini zirhlangan kameraga qamashlarini yolvorib iltijo qila boshladi.
— Obbo! Bunisigayam zirhlangan kamera zarur bo‘lib qopti, — deb to‘ng‘illadi tergovchilardap
biri.
— Anavi yaramaslar qattiq qo‘rqitib qo‘ygan bularni, — dedi Ivanushkaning oldida bo‘lib qaytgan
tergovchi.
Varenuxaga qo‘ldan kelgancha tasalli berishib, sizni kamerasiz ham himoya qilamiz, deb va’da
qilishdi, shundan keyin uning hech qanday devor tagida starka ichmagani, aksincha, so‘yloq tishli
malla odam bilan baq-baqaloq bir nusxa uni do‘pposlagani ma’lum bo‘ldi.
— O‘sha baqaloq mushukka o‘xsharmidi?
— Ha, ha, ha, — deb pichirlardi ma’mur qo‘rquvdan shamdek qotib va zum o‘tmay atrofiga
olazarak bo‘lib qarab, so‘ng u qariyb ikki kun 50-kvartirada qonxo‘r poyloqchi sifatida kun kechirgani
va sal bo‘lmasa moliya direktori Rimskiyning umriga zomin bo‘layozgani haqida batafsil so‘zlab
berdi...
Shu payt Leningrad poezdidan tushgan Rimskiyni olib kirishdi. Biroq avvalgi moliya direktoriga
butkul o‘xshamay qolgan, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrayotgan, ruhiy kasalga mubtalo bo‘lgan, sochlari
oqarib ketgan bu chol oyoq tirab turib olib haqiqatni gapirishdan butkul bosh tortdi. U o‘z kabinetining
derazasida tunda hech qanday yalang‘och Gellani ham, shuningdek, Varenuxani ham ko‘rmagani, balki
ko‘ngli behuzur bo‘lib, hushi og‘ib, bilmay Leningradga ketib qolgani haqida gapira boshladi. Qizig‘i
shundaki, betob Rimskiy guvohlik berib bo‘lib, yana uni zirhlangan kameraga qamashlarini iltimos
qila boshladi.
Annushka esa Arbatdagi univermag kassiriga o‘n dollarlik qog‘oz pul tutqizmoqchi bo‘lganida
qo‘lga olindi. Uning Sadovaya ko‘chasidagi uyning derazasidan uchib chiqib ketgan odamlar va
taqacha haqidagi (Annushkaning aytishicha, u taqani militsiyaga eltib berish uchun yerdan ko‘targan
ekan) gaplarini diqqat bilan eshitishdi.
— Taqacha chinakam oltindanmidi, gavhar toshlari ham bormidi? — deb so‘rashdi Annushkadan.
— Voy, gavharning qanaqaligini bilmay o‘libmanmi, — deb javob qildi Annushka.