www.ziyouz.com kutubxonasi
73
yubordi.
Shundan keyin mushuk orqa o‘ng oyog‘ini sudrab turib, zalga ta’zim qildi va gulduros olqishga
sazovor bo‘ldi.
— Qoyil! Bunaqasi bo‘lmagan! — deb zavq bilan qichqirishardi sahna orqasida turganlar.
Fagot esa barmog‘i bilan parterga ishora qilib dedi:
— Endi, hurmatli grajdanlar, haligi qarta yettinchi qatorda o‘tirgan grajdanin Parchevskiyning
cho‘ntagida, grajdanka Zelkovaga aliment to‘lash haqida suddan kelgan chaqiriq qog‘ozi bilan bitta
uch so‘mlik pul orasida.
Parterda o‘tirganlar g‘imirlab, o‘rinlaridan tura boshlashdi. Nihoyat, shu payt taajjubdan
qulog‘igacha qizarib ketgan bir grajdanin (uning familiyasi haqiqatan ham Parchevskiy ekan)
hamyonidan qarta dastasini olib, uni nima qilishni bilmay, dam-badam boshi uzra ko‘tara boshladi.
— O‘zingizga esdalik bo‘lib qolaqolsin! — deb qichqirdi Fagot. — Axir siz kecha kechqurun ovqat
paytida, agar poker o‘yini bo‘lmaganda Moskvada bir kun ham yashay olmasdim, deb bekorga
aytmovdingiz-ku.
— Almisoqdan qolgan nayrang, — dedi kimdir galereyadan, — anavi parterdagi o‘zlarining sherigi
bo‘lishi kerak.
— Siz shunday fikrdamisiz? — deb baqirdi Fagot, galereyaga ko‘zini suzib qararkan. — Unday
bo‘lsa, siz ham bizga sheriksiz, negaki qarta hozir sizning cho‘ntagingizda!
Galereyada harakat boshlandi, so‘ng xursand bo‘lgan ovoz eshitildi:
— To‘g‘ri! Shunda ekan! Shu yerda, shu yerda... To‘xta! Ie, chervon pullarku!
Parterdagilar galereya tomonga boshlarini o‘girishdi. U yerda bir grajdanin o‘z kissasidan bank
usulida bog‘lanib, ustiga «bir ming so‘m» deb yozilgan bir dasta pul topib hang-mang bo‘lib qolgan
edi.
Atrofida o‘girganlar uning ustiga yopirilishdi, u esa pullar rostakammikin yo sehrli qog‘ozlarmikin
deb dasta pul ustidagi qog‘ozni tirnog‘i bilan yirtishga urinardi.
— Azbaroyi xudo, rostakam pul! Chervon pullar! — deb qichqirishdi galereyadan quvonchli
ovozlar.
— Men bilan ham shunaqa o‘yin o‘ynang, — deb kuldi parterning o‘rtalarida o‘tirgan bir baqaloq
odam.
— Avek plezir! — dedi Fagot. — Nega endi faqat siz bilan? Hamma faol ishtirok etadi bu o‘yinda!
— keyin komanda bera boshladi: — Hamma yuqoriga qarasin!.. Bir! — shu choq uning qo‘lida
pistolet paydo bo‘ldi, so‘ng: — Ikki! — deb qichqirdi. Pistoletning og‘zi osmonga qaradi. — Uch! —
deb qichqirgan edi, o‘t chaqnab, «paq» etgan ovoz eshitildi-yu, gumbaz ostidan, har yoqqa tortilgan
sim va arqon dorlar orasidan zalga oq qog‘ozlar yog‘a boshladi.
Qog‘ozlar gir-gir aylanib uchar, ba’zilari galereyaga, ba’zilari orkestr joylashgan yerga, hatto
sahnaga ham uchib tushar edi. Bir necha soniyadan keyin tomoshabinlar ustiga pul laylakqordek
gupillab yog‘a boshladi, odamlar turib ketib, pullarni ilib ola boshladilar.
Yuzlab qo‘llar havoga ko‘tarildi, tomoshabinlar o‘zlari ilib olgan qog‘oz pullarni charog‘on sahna
tomonga qarab, ko‘zlariga yaqin olib borishar, ularda haqiqiy suvli belgilar borligiga, ya’ni pullarning
rostakam ekanligiga ishonch hosil qilishardi. Pullarning hidi ham hech qanday shubha uyg‘otmasdi: bu
— faqat endigina bosmadan chiqqan pullargagina xos bo‘lgan jozibali hid edi. Butun teatrni avaliga
shodlik, so‘ng hayrat tuyg‘usi qamrab oldi. Hammayoqdan: «Chervonlar, haqiqiy chervon pullar», —
degan so‘zlar, «voy, voy-bo‘» — degan undovlar va quvnoq kulgi guvillab eshitilardi. Ba’zi birovlar
kreslolar ostiga tushgan pullarni qidirib qatorlar orasida emaklay ham boshlagan edi. Ko‘pchilik
o‘tirg‘ichlar ustiga chiqib olib, har tomonga shox tashlab, pirpirak bo‘lib uchib tushayotgan qog‘oz
pullarni ilishga harakat qilardi.
Militsionerlar borgan sari ko‘proq hayratga kela boshlashdi, artistlar esa endi parda orqasidan
bemalol mo‘ralay boshlashgandi.