www.ziyouz.com kutubxonasi
75
esa erkaklar ham ularga jo‘r bo‘lib baravar qichqira boshlashdi.
— Sizning fikringiz, messir? — so‘radi Fagot niqob taqqan sehrgardan.
— Xay, nima ham deymiz, — o‘ychanlik bilan dedi u, — bular — odamzod axir. Pulni yaxshi
ko‘rishadi, lekin o‘zi hammavaqt shunday bo‘lgan-ku... Butun insoniyat pulni yaxshi ko‘radi, u
nimadan yasalgan bo‘lmasin — teridanmi, qog‘ozdanmi, bronzadanmi, oltindanmi — bari bir. Chunki
ular yengiltak xilqatlardir... Xay, nachora... ularning qalblarida ba’zan shafqat tuyg‘ulari ham uyg‘onib
qoladi... oddiy bandalar... umuman, qadimgi odamlarga o‘xshab ketishadi bular ham... faqat uy-joy
masalasi odamgarchilikdan chiqaribdi! — So‘ng baland ovoz bilan buyurdi: — Boshini o‘rniga
joylashtiring.
Mushuk yaxshilab mo‘ljallab turib boshni bo‘yinga qo‘ndirdi, oqibat, kalla hech qachon tanasidan
ajralmaganday, o‘z o‘rniga puxta joylashdi. Eng muhimi, bo‘yinning uzilgan yerida hech qanday
chandiq izi qolmadi. Mushuk Bengalskiyning fraki va manishkasini panjasi bilan yelpigan edi, ulardagi
qon dog‘idan asar ham qolmadi, Fagot yerda o‘tirgan Bengalskiyni oyoqqa turg‘azdi, frakining
kissasiga bir dasta pul solib qo‘yib, uni sahnadan chiqarib yuborarkan, dedi:
— Qani, tuyog‘ingizni shiqillating! Qaytaga sizsiz yaxshiroq vaqtichog‘lik qilamiz.
Konferanse atrofga bezrayib qarab, gandiraklagancha bir amallab o‘t o‘chiruvchi postiga yetib
bordi, lekin shu yerga yetganda ahvoli og‘irlashdi. U ayanchli chinqirdi:
— Voy boshim, boshim!
Uning oldiga boshqalar qatori Rimskiy ham yugurib bordi. Konferanse yig‘lar, qo‘llari bilan
havoda bir nimani ushlamoqchi bo‘lar va g‘o‘ldirardi:
— Boshimni beringlar! Boshimni qaytarib beringlar! Mayli, kvartiramni, suratlarimni olinglar,
faqat boshimni qaytarib bersanglar bo‘lgani!
Kurer vrach chaqirgani yugurdi. Bengalskiyni grimxonadagi divanga yotqizmoqchi bo‘lishuvdi, u
odamlarni siltab, tepib to‘polon qila boshladi. Izvosh chaqirishga to‘g‘ri keldi. Baxtiqaro konferanseni
olib ketishgandan keyin Rimskiy yana sahna tomon yugurib, u yerda yangi mo‘‘jizalar sodir
bo‘layotganini ko‘rdi. Ha, aytganday, shu mahalmi yo bundan sal oldinroqmi, harholda sehrgar o‘zi
o‘tirgan eski kreslo bilan birga sahnadan g‘oyib bo‘lgan, ammo shuni aytish kerakki, Fagot sahnada
namoyish qilayotgan g‘ayrioddiy narsalarga mahliyo xalq Volandning g‘oyib bo‘lganini mutlaqo
payqamagan edi.
Fagot esa jabrlangan konferanseni chiqarib yuborgach xalqqa shunday degan edi:
— Mana endi, anavi xira pashshadan qutulganimizdan keyin, kelinglar, ayollar magazinini
ochamiz!
Shu zahotiyoq sahna sahniga eroniy gilamlar yoyildi, ikki biqinidan trubkasimon och-yashil
chiroqlar bilan yoritilgan katta-katta toshoynalar va ular oralig‘ida vitrinalar paydo bo‘ldi, shodiyona
hayratga kelgan tomoshabinlar va vitrinalarda Parijda tikilgan turli rang va bichikdagi ayollar
ko‘ylaklarini ko‘rishdi. Bu ko‘ylaklar bitta vitrinaga joylashgan bo‘lsa, boshqalarida ayollarning har
xil: pat qadalgan va patsiz, to‘qali va to‘qasiz yuzlab shlyapalari, shuningdek, qora, oq, sariq rangdagi,
charmdan, atlasdan, mayin charmdan tikilgan, tasmali va tugmali behisob tuflilar paydo bo‘ldi. Shu
tuflilar orasida qutichalarda chiroq shu’lasida tovlanuvchi billur atir shishachalar. Kiyik terisidan,
duxoba charmdan, shohidan tikilgan tog‘-tog‘ sumkachalar, ular orasida zarb qilingan, cho‘zinchoq
oltin g‘ilofchalarda lab bo‘yoqlari.
Shu payt qay go‘rdandir paydo bo‘lgan, egniga anjumanbop qora libos kiygan, bo‘ynidagi g‘oyat
alomat chandig‘i bo‘lmasa, chinakam sohibjamol ko‘rinuvchi mallasoch qiz vitrinalar oldida turib, shu
yerning bekasi sifatida tabassum qildi.
Fagot shiringina jilmayib, parijcha fasondagi bu ko‘ylaklaru poyabzalni firma, siz — ayollarning
kiyilgan, eski ko‘ylaklaringiz, poyabzallaringizga ayirboshlaydi, deb e’lon qildi. Sumkachalar, atir va
boshqa buyumlar to‘g‘risida ham shunday ayirboshlash bo‘lishini ilova qildi..
Shu payt mushuk orqa oyoqlarini bir-biriga urib, ayni chog‘da oldingi oyoqlari bilan eshikog‘asiga