www.ziyouz.com kutubxonasi
90
— Mahbubam jo‘nab ketgandan keyin oradan chorak soat o‘tgach derazamni taqillatishdi... —
degan birinchi jumlasidan boshqa hamma gaplarini faqatgina shoir eshitdi, xolos.
Bemor shoirning qulog‘iga pichirlab aytgan gaplar, chamasi, uni qattiq iztirobga solayotgan edi.
Dam o‘tmay uning afti tirishar, ko‘zlari goh tahlikali, goh g‘azab bilan boqardi. U endi balkonda
ko‘rinmay qolgan oy tomonga qo‘li bilan ishora qilardi. Tashqaridan kelayotgan tovushlar butunlay
tingandan keyingina mehmon Ivandan sal surilib o‘tirib, xiyol balandroq ovoz bilan gapini davom
ettirdi.
— Ha, keyinchalik, yanvarning o‘rtalarida, tunda, men o‘z hovlimizda tugmalari uzib olingan o‘sha
paltomda sovuqdan diydirab turardim. Orqamda nastarin butalarini ko‘mib yuborgan qor uyumi,
oldimda, oyog‘im ostida — darparda tutilgan, g‘ira-shira yori-tilgan derazalarim. Men birinchi
derazaga engashib quloq sola boshladim — xonalarimdan patefon ovozi eshitilardi. Qulog‘imga
chalingan tovush faqat shu bo‘ldi. Lekin hech nima ko‘ra olmadim. Yana bir oz turib, bog‘cha
eshigidan tor ko‘chaga chiqdim. Kuchli izg‘irin ko‘tarilgan edi. Oyog‘im ostida o‘ralashgan bir it meni
cho‘chitib yubordi, o‘zimni undan olib qochib, ko‘chaning narigi betiga o‘tdim. Doimiy hamrohim
bo‘lib qolgan ayoz va qo‘rquv asablarimni barbod etib, umidsizlikka mubtalo qilgan edi. Boradigan
yerim yo‘q, eng oson yo‘li, tor ko‘chamizdan chiqib, o‘zimni tramvay tagiga tashlash edi. Ichi
chiroqlar bilan yoritilgan, hammayog‘ini muz qoplagan bu yashiklarning sovuq iz ustida odamning
g‘ashini keltiruvchi g‘ijirlashini olisdan eshitdim. Lekin, o aziz qo‘shnim, hamma balo shundaki,
qo‘rquv mening har bir hujayramni mahv etib olgan edi. Binobarin, tramvaydan ham xuddi itdan
qo‘rqqanday qo‘rqardim. Ha, bu binoda mening dardimdan og‘ir dard yo‘q hech kimda, gapimga
ishonavering.
— Lekin siz u ayolga xabar qilishingiz mumkin edi-ku, — dedi Ivan bechora bemorga achinib, —
undan keyin, pulingiz ham qolgan edi-ku unda? Saqlab qo‘ygan bo‘lsa kerak, albatta?
— Siz bunga hech shubha qilmang, albatta saqlab qo‘ygan. Lekin siz, nazarimda, meni
tushunmayapsiz chog‘i? Yoki, aniqrog‘i, bir vaqtlardagi voqeani ta’riflash qobiliyatimni yo‘qotgan
bo‘lsam kerak. Sirasini olganda, men unga ko‘pam achinmayman, chunki uning keragi bo‘lmaydi endi
menga. Agar qo‘liga, mehmon tungi zulmatga iltifot bilan tikildi, jinnixonadan maktub borib tushsa...
Axir bunaqa adresdan qanday qilib xat yuborib bo‘ladi? Ruhiy kasaldan? Hazil qilyapsiz, do‘stim!
Yo‘q, uni baxtsiz qilaymi? Qo‘limdan kelmaydi bu.
Ivan unga e’tiroz bildirolmadi, lekin kamsuxan mezbon mehmonning ahvoliga achindi, unga
hamdard bo‘ldi. U esa o‘z xotiralaridan iztirob chekib, qora qalpoqcha kiygan boshini tinmay irg‘atib
o‘tirarkan, derdi:
— Sho‘rpeshona juvon. Lekin, u meni unutib yuborgan bo‘lishi ham mumkin!
— Hali siz tuzalib ketasiz... — qimtinibgina dedi Ivan.
— Dardim bedavo, — deb xotirjam javob qildi mehmon, — Stravinskiy meni hayotga qaytarishga
va’da qilyapti, lekin men unga ishonmayman. U insonparvar doktor, shunchaki tasalli bermoqchi
menga. Lekin inkor qilmayman, hozir ancha tuzukman. Darvoqe, nimaga kelib to‘xtagandim? Ayoz,
g‘izillab borayotgan tramvaylar. O‘sha paytda, bu shifoxonaning ochilganidan xabarim bor edi,
shuning uchun butun shaharni piyoda bosib o‘tib keldim bu yerga. Telbalik edi bu, albatta! Shahar
tashqarisida men sovuq qotib o‘lib ketardim ehtimol, lekin bir tasodif jonimga oro kir-di. Shahar
qopqasidan to‘rt kilometrcha berida yo‘lda bir yuk mashinasini ko‘rdim, u bir nimasi buzilib to‘xtab
turgan ekan, men shofyordan iltimos qilgan edim, buni qarangki, u menga rahm qildi. Mashina o‘zi shu
yoqqa kelayotgan ekan. Meniyam o‘zi bilan olib keldi. Bu safar paytida chap oyog‘imning
barmoqlarini sovuq oldirdim, xolos. Lekin, oyog‘imni davolab tuzatishdi. Mana, sal kam to‘rt oydan
beri shu yerdaman. Bilasizmi, bu yer sira, sira yomon emas, menimcha. To‘g‘ri, ulkan rejalarga bosh
qotirib o‘tirishning hojati yo‘q bu yerda. Mana, masalan, men butun yer kurrasini aylanib chiqmoqchi
bo‘lgan edim. Hay, nachora, bu nasib qilmadi. Endi, mana shu kurraning kichik bir bo‘lagini ko‘rib
o‘tiribman. O‘ylaymanki, kurraning eng noyob qismi emas bu, ammo, takror aytaman, shunisigayam