www.ziyouz.com kutubxonasi
166
sekingina chapak chalib qo‘ygandek, bir nima «shap» etdiyu baron yerga chalqanchasiga yiqila
boshladi, uning ko‘kragidan tizillab otilayotgan qip-qizil qon ohorlangan ko‘ylagi va nimchasini
bo‘yadi. Korovyov boshchanoq — qadahni tizillab otilayotgan qonga tutib, uni to‘lgunicha ushlab
turdi-da, so‘ng bu lim-lim qadahni Volandga uzatdi. Bu payt baronning jonsiz jasadi yerda cho‘zilib
yotardi.
— Sizlarning sog‘lig‘ingiz uchun ichaman, janoblar, — past ovoz bilan dedi Voland va qadahga
labini tegizib qo‘ydi.
Shu payt Volandning qiyofasida o‘zgarish sodir bo‘ldi. Uning yamoq ko‘ylagi bilan mayishib
ketgan tuflisi g‘oyib bo‘ldi. Egnida qandaydir qora yelka-po‘sh, belida po‘lat shamshir paydo bo‘ldi.
Margaritaning oldiga tez yugurib kelib, unga qadahni tutarkan:
— Ich! — deb buyurdi.
Margaritaning ko‘zi tinib, boshi aylana boshladi, gandiraklab ketdi, lekin bu payt qadah uning
labiga olib borilgan va kimdir (kim ekanligini aniqlay olmadi) uning ikki qulog‘iga pichirladi:
— Qo‘rqmang, qirolicha... Qo‘rqmang, qirolicha, qon allaqachon yerga singib ketgan. Qon
to‘kilgan yerda endi toklar o‘sib, allaqachon hosilga kirgan. Margarita hamon ko‘zini ochmay,
qadahdan bir qultum ichdi, shunda tomirlaridan yoqimli elektr toki oqib o‘tganday bo‘ldi, quloqlari
shang‘illadi. Nazarida xo‘rozlar quloqni qomatga keltirgudek kichqirishayotganday, qaerdadir muzika
marshi chalinayotganday bo‘ldi. Mehmonlar olomoni qiyofasini yo‘qota boshladi. Frak kiygan
erkaklar ham, yalang‘och ayollar ham tutday to‘kilib chiriy boshladilar. Margaritaning ko‘zi oldida bu
chirish butun zalni qamrab olgan edi, hammayoqni dahma isi qopladi. Ustunlar quladi, chiroqlar
o‘chdi, hamma narsa qovjirab g‘oyib bo‘la boshladi, favvoralar ham, lolalar ham, kameliyalar
24
ham
ko‘zdan yo‘qoldi. Shunchaki, aslida bor narsaning o‘zi — zargar xotinining faqirona mehmonxonasi
qolgan va uning qiya ochiq eshigidan chiroq shu’lasi tushib turardi. Margarita mana shu qiya ochiq
eshikdan kirdi.