Mixail Bulgakov. Usta va Margarita (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
167
— Qoyilmaqom! — dedi Korovyov shang‘illab, — hamma mahliyo, hamma shaydoyu gado,
odobga ham, mahoratu latofatga ham, nazokatga ham boy ekanlar qirolicham!
Voland indamay stakanni ko‘tarib Margarita bilan cho‘qishtirdi. Margarita, hozirning o‘zida adoyi-
tamom bo‘laman, deb o‘yladi-yu, lekin itoatkorlik bilan spirtni ichib yubordi. Biroq hech qanday
falokat yuz bermadi. Jonli bir suyuqlik qornini qizdirib o‘tdi-yu, ensasiga bir nima urilganday bo‘ldi,
keyin uzoq vaqt miriqib uxlagan
odamday yana darmonga kirdi, bundan tashqari, o‘zining sayoq itdek
ochligini his qildi. Kecha ertalabdan beri tuz totimaganini eslagan edi, ishtahasi badtar ochilib ketdi. U
baliq ikrasini qoshiqlab olib, chaynamay yuta boshladi.
Begemot bir bo‘lak ananasni kesib oldi-da, tuz va murch sepib, «xap» etib yeb yubordi,
shundan
keyin ikkinchi marta bir qadah spirtni shunday ustalik bilan «otib» yubordiki, hamma chapak chalib
uni olqishladi.
Margarita ikkinchi qadahni ichib yuborgandan keyin chilchiroqlarning shamlari ravshanroq,
kamindagi olov ham gurillab yona boshladi. Margarita sira ham mast bo‘lgani yo‘q. U oppoq tishlarini
go‘shtga botirarkan, sardagini huzur qilib yutar va ayni paytda Begemotning ustritsaga xantal surishini
tomosha qilardi.
— Sen yana ustiga uzum ham qo‘y, — dedi Gella mushukning biqiniga ohista turtarkan.
— O‘rgatmang menga, — deb javob qildi mushuk, — biz ham ko‘p mehmon ko‘rganmiz,
ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, ko‘rganmiz!
— O, mana shunday o‘choq oldida o‘tirib, odmigina ovqatlanish qanday yaxshi, — deb
shang‘illardi Korovyov, — yor-do‘stlar davrasida...
— Yo‘q, Fagot, — deb e’tiroz
bildirdi mushuk, — balning o‘z jozibasi, ko‘lami bo‘ladi.
— Hech qanday jozibasi ham, ko‘lami ham yo‘q, bil’aks, anavi ovsar ayiqlar ham, shuningdek,
bardagi yo‘lbarslar ham, bo‘kiraverishib quloq-miyamni yeb yuborishdi, — dedi Voland.
— Bosh ustiga, messir, — dedi mushuk, — baski, siz ko‘lam yo‘q degan fikrda ekansiz,
men ham
shu fikrni qo‘llashga kirishaman.
— Buni qara-ya! — deb qo‘ydi Voland.
— Hazillashgandim, — dedi mushuk mutelik bilan, — yo‘lbarslar masalasiga kelsa, hozir
buyuraman — ularni kabob qilishadi.
— Yo‘lbars go‘shtini yeb bo‘lmaydi, — dedi Gella.
— Siz shunday deb o‘ylaysizmi? Unda, mana, eshiting, — dedi mushuk va ko‘zlarini suzgancha,
bir paytlar sahroda o‘n to‘qqiz kun yolg‘iz darbadar yurganida o‘zi o‘ldirgan yo‘lbars go‘shti bilan kun
kechirganini huzur qilib so‘zlab berdi. Hamma bu g‘aroyib qissani zo‘r
qiziqish bilan tingladi, lekin
Begemot so‘zlab bo‘lgach, hamma bir ovozdan:
— G‘irt yolg‘on! — deb yubordi.
— Hammadan ham qiziq tomoni shundaki, — dedi Voland, — bu hikoyat — boshdan-oyoq
bo‘hton.
— Shunaqami hali? Bo‘hton deng? — deb baqirdi mushuk, hamma uni, hozir e’tiroz bildiradi, deb
o‘ylagan edi, lekin u sekingina dedi: — Tarix ajrim qiladi bizni.
—
Ayting-chi, — dedi spirt ichib ana tiyraklashgan Margo Azazelloga yuzlanib, — siz anavi sobiq
baronni otib tashladingizmi?
— Shak-shubhasiz, — deb javob qildi Azazello, — nega endi uni otmas ekanman? Uni albatta otib
tashlash kerak edi.
— Men biram hayajonlandimki! — dedi Margarita, — tasodifan bo‘ldi-da o‘ziyam.
— Buning hech qanday tasodif tomoni yo‘q, — deb e’tiroz bildirdi Azazello,
Korovyov esa
chiyillab ingray boshladi:
— Axir hayajonlanmay bo‘larkanmi? Meniyam a’zoi badanim «dag‘-dag‘» titrab ketdi! Paq!
Tamom! Baron qulab tushdi!
— Men, sal bo‘lmasa, jinni bo‘lib qolayozdim, — deb qo‘shib qo‘ydi mushuk, baliq ikrasi olib