O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
www.ziyouz.com kutubxonasi
64
22. «BIR G‘ARIBI BECHORA»
Bu tarixdagi xon o‘rdasi Qo‘qonning bu kunda Xoda bozor atalg‘an o‘rnida edi.
Ro‘monning o‘n uchunchi faslida Marg‘ilon o‘rdasining ta’rifi yozilg‘anliqdan va bu
o‘rdaning ham tashqarig‘i aylanasi o‘sha o‘rda qabilidan bir tusda, bir uslub va bir
vus’atda bo‘lg‘anliqdan bu o‘rinda yana qog‘oz qoralash ortiqchadir. O‘rda darbozasi,
navbatchi qorovul, darboza sahnining kengligi — barchasi ham o‘shal o‘rda singari,
ammo buning tashqarig‘i ko‘rinishidag‘i ortiqlig‘i to‘rt burchida qada-lib turg‘an
navbatchilari edi. O‘rda darbozasidan ichkariga kirilgach, bundagi tuzilish
Marg‘ilondag‘idan tamoman deyarlik boshqacha bo‘lib chiqar, shunga binoan bu yer bilan
tanishmoq ehtiyoji tushar edi.
O‘rdaning ichkarigi o‘ng, chap biqinlari sipoh turish uchun soling‘an binolar va sahnida
biz Toshkandda ko‘rib tanishqan ravishcha kiyimlik sipohlar (yigitlar) turkim-turkim
bo‘lib, ponsad boshilar qaramog‘ida qilich urish mashqini ta’lim olmoqda edilar.
O‘rdaning belidan, ya’ni shimoldan sharqqa qarab bir xatti mustaqim bilan devor va bul
devorning ikki tarafini barobar— ling tashlanib, o‘rdaning ichkari qismig‘a xon saroyiga
kiriladirgan darboza qurilg‘an edi. Bu darboza eskirgansumon ko‘rinsa ham asli
yaratilishdag‘i nafislik, me’moriy san’atkorlik o‘chayozg‘an bo‘lsa ham, biroq undagi ivir-
jivir sirlar, o‘yma naqshlar hali ham kishini hayron qoldirarlik edilar. Ayniqsa
darbozaning ikki biqinidag‘i «o‘girmagul» tarzi bilan ishlangan guldastalar, darboza
ravoqidag‘i ganchdan qabartirilib yasalg‘an bo‘rtma naqshlar, gullar hali o‘zlarining
nafosatlarini unchalik yo‘qotmag‘an edilar. Quyosh g‘arbga qarab og‘qan, uldastalar
ustiga qo‘ndirilg‘an oltin hilol alomatlari quyosh nuri bilan ko‘zni elitarlik darajada
yashnar edilar. Darbozaning ikki yonidag‘i maxsus ishlangan qorovulxona —
sufachalarda ikki nafar navbatchi turar edi. Navbatchidan o‘tib, darbozaga kirilsa gunbaz
ravi-shida yo‘lak, o‘ngg‘a yurilsa devonxonag‘a, so‘lg‘a ketilsa xon mahkamasiga
chiqiladir-da, mahkama bo‘sag‘asida yana haligidek ikki nafar navbatchiga uchrashiladir.
Marg‘ilon o‘rdasida ko‘rganimizdek bir dahliz, ammo bu o‘zining naqshlari, gullari, anvo’i
sirlari, oliyliq va ko‘rkamligi bilan Marg‘ilonnikini ko‘lagada qoldirarliq edi ersa-da,
eskirganligi uning ortiqlig‘ig‘a xalal bermakda edilar. Dahlizdan ichkariga qaralsa bir
munaqqash va muzayyan zol, ikki tomonida xonning shog‘ovul boshilari, yasovul
boshilari, dasturxonchi va oftobachilari, tunqator va parvonachilari otaliq va
mehtarboshilari va tag‘i alla qancha vazir-vuzarolari qator tizilishib o‘lturmakda edilar.
Zolning uchunchi darichasidan narig‘i tomon bir yupqa munaqqash devor bilan ajratilgan
bo‘lib, ichkariga kiriladirgan eshiksiz bir yo‘l, bu yo‘l bilan haligi devor ikkiga ajralib, har
bir bo‘lim devorning o‘rtasida kishi boshi sig‘arliq bir tuynuk, bu tuynuklar yonida qo‘lig‘a
oybolta ushlagan ikki nafar jallod qotib turar edilar. Shu jallodlar orasidan o‘tib uchunchi
bo‘limga kirilsa, qarshida yarim gazlar yuksaklikda to‘rt oyog‘liq oq marmardan
yasalg‘an taxt ustida oltin kamarga taqilg‘an oltin sopliq qilichini tizasi ustiga ko‘ndalang
qo‘yib, qizil duxobadan tikilgan po‘stun kamzul ustidan adras to‘n kiygan, boshig‘a
simobi shohi salla o‘rag‘an o‘n sakkiz yoshlar chamaliq, cho‘ziqqina yuzlik, bug‘doy
ranglik xon o‘lturar edi. Bu Xudoyor edi. Xonning so‘l tomonidag‘i oltin hallik kursi
kishidan bo‘sh, o‘ngdagi — ichki saroyga kiradirgan eshikcha yonidag‘i kursi ustida
O‘ratepa chakmani ustidan qayish kamar bog‘lab, soddag‘ina qilich taqing‘an, boshig‘a
oq barra popoq kiyib, basharasidagi burni yuzi bilan bir qatorda deyarlik tekis
yaratilg‘an, o‘rtacha soqol, qisiq ko‘z, bug‘doy rang, o‘rta yoshliq bir qirg‘iz—
Musulmonqul o‘lturar va hozirg‘ina hudaychi tarafidan o‘ziga topshirilg‘an ariza va
maktublardan ochib o‘qur edi. O‘qub turg‘an arizasi ahamiyatsiz bo‘lsa kerak qog‘ozni
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Dostları ilə paylaş: |