www.ziyouz.com кутубхонаси
61
NAZARMAT (1917) Jangchi adiblardan biri Nazarmat (Nazarmat Egamnazarov) 1917 yilning 7 noyabrida
Tojikiston Respublikasi, Xo‘jand viloyati, Nov qishlog’ida dunyoga kelgan. U shoir
Ashirmat Nazarov (Egamnazarov, 1913 y.)ning ukasidir.
O’rta maktabni 1935 yilda tugatib, 1936 yilda Samarqand Davlat dorilfununiga
o‘qishga kiradi. 1941 yilda dorilfununni bitiriboq urushga ketadi. U yerda vzvod
komandiri, gvardiya leytenanti darajasida xizmat qiladi. So‘ngra 1947 yilgacha «Front
haqiqati» ro‘znomasiga boshchilik qiladi. Armiyadan qaytgach, 1947—1954 yillarda
«Qizil O’zbekiston» (hozirgi «O’zbekiston ovozi»), 1955-1985 yillarda esa «Toshkent
haqiqati» ro‘znomalarida adabiyot va san’at bo‘limini boshqaradi. Hozirgi kunda
O’zbekiston Yozuvchilari uyushmasi qoshidagi jangchi faxriylar qo‘mitasi raisidir.
Nazarmat ijodi 30-yillardan boshlangan bo‘lib, uning birinchi she’ri «Qo‘zichoq» 1934
yilda «Lenin uchquni» ro‘znomasida bosilib chiqadi. Birinchi to‘plami esa 1941 yilda
«Yoshlik zavqi» nomi bilan nashr etiladi. Urush tufayli ikkinchi to‘plam ancha kech —
1949 yilda «Vatan ishqi» nomi bilan chop etiladi. Bu to‘plam Sharof Rashidov tavsiyasi
bilan bosiladi. Hozirgi kunda uning yigirmadan ortiq she’riy, nasriy asarlari, qo‘shiqlar
to‘plamlari chop etilgan. Xususan, «Yashil dalalar» (1955), «Sir bo‘yi, nur bo‘yi» (1959),
«Tog’dagi gulxanlar» (1962), «Nay sadosi» (1965), «Bahor qo’shig’i» (1968),
«Shahrimiz bolalari» (1970), «Mangu olov» (1972), «Dostonlar» (1975), «Yo‘llar va
gullar” (1977), «Mehrim-muhabbatim» (1983), «Tanlangan asarlar» (1987),
«G’unchalar» (1987), «Muhabbat taronalari” (1992) keng kitobxonlar ommasiga yaxshi
tanishdir.
Nazarmat nosir sifatida ham ancha barakali ijod qilib kelmoqda. Uning ocherk va
hikoyalardan tashkil topgan «Qirg’oqdagi jang» (1965), «Burch yo‘li» (1966) «Sayyod
jasorati» (qissa, 1972), «Janggohdan qatralar” (1974), «Turnalar yo‘li» (1977) kabi
harbiy turku! gi asarlari ham kitobxon va adabiy jamoatchilik e’tiboriga kirgan. Uning
bolalar uchun yozgan «Shahrimiz bolalari», «G’unchalar» kabi she’riy to‘plami ham
e’tiborga loyiqdir. Nazarmat shoir, publisist, ocherknavis, hikoyanavis va qissanavis
bo‘lishi bilan birga tarjimon hamdir. Uning Bedil, A. Jomiy, N. Xisrav, Firdavsiy, M.
Mirshakar, M. Tursunzoda, J. Muldagaliev ijodidan qilgan tarjimalari alohida qimmatlidir.
Nazarmat 1992 yili 75 yoshga to‘ldi, ammo' o‘z ijodi rejalarini hormay-tolmay hayrat
bilan amalga oshirib kelmoqda.
Nazarmat O’zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimidir.
O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993