www.ziyouz.com кутубхонаси
64
SHUHRAT (1918) Sho‘ro davri o‘zbek adabiyotining taniqli namoyandalaridan biri shoir va nosir,
dramaturg Shuhrat (G’ulom Alimov) 1918 yili Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ildi.
O’rta maktabni tugatgach, Toshkent Davlat pedagogika institutida tahsil ko‘rdi (1936-
1940). Ammo Shuhratning hayoti va faoliyati ancha sertashvish va notekis kechdi.
O’sha 1937 yilgi mash’um qatag’onlik shamoli yosh Shuhratni ham chetlab o‘tmadi.
Unga «Otangiz savdogarlik qilgan ekan. O’zingiz kosibdan chiqmagan ekansiz, xotiningiz
eskicha, jiyakli lozim bilan atlas ko‘ylak kiyib yuribdi. Bolangiz esa beshikda yotibdi.
Yaqinda xatna qilar ekansiz, turish-turmushingiz eskicha. Bu narsa she’rlaringizda ham
aks etib turibdi, deb soyuzdan haydashadi («Yoshlik», 4, 1988, 50-bet). Ikkinchi bor 50-
yillar boshida «Usmon Nosirning propagandisti'' Abdulla Qodiriy bilan Cho‘lpon kitoblarini
o‘qigan va targ‘ib qilgan»likda ayblanib besh yil «Sibiru Shimoliy Qozog‘istondagi
qamoqxonalarda o‘tirib» keladi. «Jannat qidirganlar» (1968) romani nashr etilgach, yana
tashvish ustiga tashvish keladi. Ustozi Abdulla Qahhor tufayli ham bir bor turtki yedi.
Shularning hammasi uning soglig‘iga putur yetkazdi.
Shoir Yozuvchilar uyushmasining maslahatxonasida, nashriyotda muharrir bo‘lib
ishladi.
O’z ijodini (1935) she’rlar yozish bilan boshlagan Shuhratning «Istak va o‘ch» (1940)
poemasi bosildi.
1940 yil kuzida harbiy xizmatga chaqirilgan Shuhrat Ulug‘ Vatan urushi janglarida
ofitser lavozimida dushmanga qarshi mardonavor jang qilish bilan birga qalamini nemis-
fashist bosqinchilariga qarshi qaratdi. Keyinchalik bu davr «Shinelli yillar» romanining
yaratilishiga asos bo‘ldi.
Urushdan so‘ng respublika ro‘znoma va oynomalarida adabiy xodim bo‘lib ishlagan
shoirning sharafli mehnatni madh qiluvchi «Hayot nafasi» (1947), «Qardoshlar» (1950)
she’riy to‘plamlari kitobxonlarga yangi tortiq bo‘ldi.
Yosh avlodning axloq-odobi, mehnatsevarligi, vatan mudofaasi qahramonliklarini,
ozodlik va tinchlik uchun kurashgan ota-bobolarga munosib vorislar bo‘lib yetishishlarini
iftixor bilan tasvirlovchi «Bizning ko‘cha», «Balog‘at» (1957-1958), «Quduq» (1973)
asarlari yaratildi. Adibning «Sening sevging» (1961), «Ishqingda yonib» (1964) lirik
kitoblari, «Kavkaz daftari», «Qiz tabassumi», «Buyuk muhabbat» kabi she’riy
turkumlari, balladalarida vatan va inson, sevgi va muhabbat, qadr va qimmat, mehnat
va mehnatsevarlik ulug‘lanadi.
Hayotiy voqealarni keng ko‘lamda tasvirlash ehtiyoji ijodkorni roman janriga undadi.
Ulug‘ Vatan urushi frontlarida orttirgan katta hayotiy tajribalari asosida xalqimizning
jangovar hayoti, qahramonligi, vatanparvarligi, qiyinchiliklarga bardoshliligi, kelajakka
umid va buyuk g‘alaba haqida hikoya qiluvchi «Shinelli yillar» (1947—1957) asarini
yaratdi.
O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993