Sof foyda nomoliya, moliya, davlat boshqaruv idoralari va uy xo’jaligiga xizmat ko’rsatuvchi notijorat tashkilotlarning birlamchi daromadi hisoblanadi. MHT metodologiyasiga asosan birlamchi daromad sof holda hisoblanishi tavsiya etiladi. Lekin, amaliyotda asosiy kapitalning iste’moli ko’rsatkichini hisoblash qiyin bo’lgani sababli, sof foyda ko’rsatkichi bilan ACI birga qo’shib hisoblanadi. Hosil bo’lgan ko’rsatkich yalpi foyda deb yuritiladi. Bu ko’rsatkich, yuqorida zikr etilgan sektorlarning bevosita ishlab chiqarish faoliyatlari natijasida ega bo’lgan daromadlaridan iborat. Nazariy jixatdan qaraganda, uning qiymati daromadlarni shakllanishi schyotidagi saldo ko’rsatkichiga teng bo’ladi.
Aralash daromad uy xo’jaliklariga tegishli nokorporativ korxonalarning birlamchi daromadi hisoblanadi. Ko’rsatkichning “aralash daromad” deb atalishiga asosiy sabab, bu ko’rsatkich tarkibida mehnat xaqi va yalpi foyda qo’shilib ketgan bo’ladi yoki ularni alohida hisoblash amaliy jixatdan qiyin bo’ladi. Masalan, uy xo’jaligiga qarashli ustaxonada yollangan ishchilar bilan birgalikda uy xo’jaligi a’zolari faoliyat ko’rsatadilar. Yollangan ishchilar ish haqi oladilar, uy xo’jaligi a’zolari esa odatda ish haqi olmaydi. Natijada, bunday korxonalarda foyda ko’rsatkichi tarkibida uy xo’jaligi a’zolari tomonidan olinmagan ish haqi yotga bo’ladi va uni ajratishning zarurati bo’lmaydi. Shu sababli, bunday korxonalarning foyda ko’rsatkichi aralash daromad deb yuritiladi.
Aralash daromadni MHT metodolgiyasiga ko’ra sof usulda hisoblash tavsiya etiladi. Lekin, amaliyotda uy xo’jaliklari uchun asosiy kapitalning iste’moli ko’rsatkichini hisoblash qiyin bo’lgani sababli, aralash daromad tarkibida ACI yotgan bo’ladi. Shu sababli, bu ko’rsatkichni yalpi aralash daromad deb atash metodologik jixatdan to’g’ri bo’ladi. Bu ko’rsatkich, uy xo’jaligi sektorlarining bevosita ishlab chiqarish faoliyatlari natijasida ega bo’lgan daromadlaridan iborat.
Nazariy jixatdan qaraganda, uning qiymati uy xo’jaligi sektorining daromadlarni shakllanishi schyotidagi saldo ko’rsatkichiga teng bo’ladi.