YAMD = YAIM+CHEBDS yoki SMD =SIS+CHEBDS Odatda rivojlanayotgan mamlakatlarning YAMD ko’rsatkichi YAIM ko’rsatkichidan kichik bo’ladi. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda esa, YAMD YAIMga nisbatan ko’proq bo’lishi mumkin. Chunki, rivojlangan mamlakatlar rivojlanayotgan mamlakatlarga moliyaviy aktivlar kiritib, shu mamlakatning YAIMni yaratishda qatnashadilar va birlamchi daromadlar oladilar. Bu daromadlar norezident mamlakatning chet eldan olgan sof daromadini ko’paytiradi. Natijada, norezident mamlakatning YAMD ko’rsatkichi yalpi ichki mahsulotga nisbatan kattaroq bo’ladi.
Mamlakat miqyosida barcha iqtisodiyot sektorlarining ixtiyordagi daromadlari yig’indisi milliy ixtiyordagi daromad(MID) deyiladi. Bu YAIM va YAMD agregatlari kabi muhim agregatlardan hisoblanadi. Bu agregat ham yalpi(YAMID) va sof(SMID) usullarda hisoblanadi. Tashqi dunyodan olingan va tashqi dunyoga to’langan joriy transfertlar o’rtasidagi farq tashqi dunyo joriy transfertlar saldosi (TDJTS) deyiladi. U musbat yoki manfiy bo’lishi mumkin. YAMID va YAMD o’rtasida quyidagi munosabat o’rinli:
YAMID = YAMD + TDJTS.
Bunga ko’ra, tashqi dunyodan olingan joriy tarnsfertlar berilganiga nisbatan qancha ko’p bo’lsa, mamlakatning ixtiyordagi daromadi shuncha ko’p bo’ladi.
Davlat boshqaruv idoralari va uy xo’jaligiga xizmat ko’rsatuvchi notijorat tashkilotlar sektorlariga kiruvchi birliklar o’zlariga tegishli ixtiyordagi daromadlarining bir qismini uy xo’jaliklarining yakuniy iste’moli uchun sarflaydilar. Bu xizmatlar odatda individual (kollektiv emas) tarzda ko’rsatiladi. U pul yoki natura (tovar yoki xizmat) ko’rinishida bo’lishi mumkin. Bu tarnsfertlar aholining ayrim guruhlarini ijtimoiy himoyalash va yordam maqsadida amalga oshiriladi va natura holidagi sotsial transfertlar deb ataladi.
Natura holidagi sotsial transfertlar davlat byudjeti va uy xo’jaligiga xizmat ko’rsatuvchi notijorat tashkilotlar mablag’lari hisobiga uy xo’jaliklariga bepul ko’rsatiladigan meditsina va o’quv xizmatlaridan, sotsial, diniy, siyosiy va madaniy xizmatlardan, turli xil tovarlarni (dori-darmonlar, nogironlar aravachalari va avtomobillari va x.k.) bepul berishdan iborat.
Natura holidagi transfertlarning qayta taqsimoti hamma iqtisodiyot sektorlarida ham bo’lavermaydi. Bu transfertlarning oluvchisi uy xo’jaligi sektoridan, ya’ni aholidan iborat. Sotsial transfertlarni beruvchilar esa, davlat boshqaruv idoralari va uy xo’jaligiga xizmat ko’rsatuvchi notijorat tashkilotlar sektorlaridan iborat.
Shuni aytish joizki, mamlakat miqyosida olingan va berilgan sotsial transfertlarning miqdori bir-biriga teng bo’ladi. Natijada, ixtiyordagi daromad tuzatilgan ixtiyordagi daromadga teng bo’ladi.