2. MHTdagi daromad ko’rsatkichlari MHTda J.Xiks kontseptsiyasiga asoslanuvchi, taqsimlash jarayonining barcha jabhalarini xarakterlovchi daromad ko’rsatkichlari tizimi yaratilgan. Bu tizim quyidagi daromad ko’rsatkichlarini o’z ichiga oladi:
birlamchi daromadlar
joriy transfertlar
ixtiyordagi daromadlar
natura ko’rinishidagi ijtimoiy transfertlar
tuzatish kiritilgan ixtiyordagi daromad
milliy daromad (yalpi va sof)
milliy ixtiyordagi daromad (yalpi va sof)
Birlamchi daromadbu - institutsion birliklarning boshqa birliklarning iqtisodiy faoliyatida bevosita va bilvosita (moliyaviy va ishlab chiqarilmagan aktivlari bilan) qatnashganliklari natijasida ega bo’ladigan daromadlaridir.
Birliklarning iqtisodiy faoliyatida bevosita qatnashishlari quyidagi belgi va sifatlar bilan xarakterlanadi: ishlab chiqarishni tashkil qiluvchi va yurituvchi sifatida, yollanma mehnatchi sifatida, iqtisodiy faoliyat yuritish uchun xuquqiy bazani yaratuvchi va infratuzilmani shakllantiruvchi sifatida.
Birliklarning iqtisodiy faoliyatida bilvosita qatnashishlari quyidagi belgi va sifatlar bilan xarakterlanadi: o’z aktivlari bilan ishlab chiqaruvchi birlikning ustav kapitalini shakllantirishda qatnashish, moliya mablag’larini kelishilgan muddatga berish, asosiy vositalarni moliyaviy lizing asosida berish, birlikning aktsiyalariga va qimmatli qog’ozlariga ega bo’lish, ishlab chiqarilmagan aktivlarni berish va sug’urta polislariga ega bo’lish.
Birlamchi daromadlar tarkibiga mehnat xaqi, sof soliqlar, foyda, aralash daromad va mulk uchun daromad kiradi.
Mehnat haqiuy xo’jaligi sektorining birlamchi daromadi hisoblanadi. Mehnat haqi ko’rsatkichi bu schyotda mamlakatdagi barcha rezident birliklarining mamlakat iqtisodiy hududida va tashqarisida ishlab chiqarishda ko’rsatgan faoliyatlari natijasida olgan mehnat xaqlarining (ish haqi, mukofotlar, qo’shimchalar soliqlar, majburiy sug’urta badallari va fondlarga to’lovlar bilan) yig’indisidan iborat.
Sof soliqlar davlat boshqaruv idoralari sektorining birlamchi daromadi hisoblanadi. Sof soliqlar ikki qismdan: soliqlar va subsidiyalardan iborat.
Soliqlar institutsion birliklar tomonidan davlat birliklariga majburiy ravishda to’lanadigan to’lovlardir.
Subsidiyalar esa davlat tomonidan institutsion birliklarga ishlab chiqarishni qo’llab-quvvatlash maqsadida beriladigan to’lovlardan iborat. Subsidiyalar o’z xarakteriga ko’ra mamlakatning (davlat boshqaruv idoralari sektorining) birlamchi daromadlari hisobidan boshqa sektorlarga berilgani uchun minus ishora bilan yoziladi. Soliqlar va subsidiyalar ayirmasi odatda sof soliqlar deb yuritiladi va u davlat boshqaruv idoralari sektorining birlamchi daromadi hisoblanadi.
Shuni aytish joizki, hamma soliqlar ham birlamchi daromad bo’lavermaydi. Jumladan, daromad va mulk soliqlari (foydadan soliq, daromad solig’i, ishlab chiqarishda foydalanilmagan aktivlardan mulk solig’i), kapital soliqlar (merosga qolgan, sovg’aga berilgan mulkni rasmiylashtirishda to’lanadigan soliq) (davlat tashkilotlariga to’lanishiga qaramay) birlamchi daromad sifatida qaralmaydi. Ular qayta taqsimlash operatsiyalari (joriy yoki kapital transfert) sifatida qayd etiladi.
Xulosa qilib aytganda, davlat boshqaruv idoralarining birlamchi daromadi tarkibiga soliq turlaridan faqat ishlab chiqarish va import uchun soliqlar plyus ishora bilan subsidiyalar minus ishora bilan kiradi.
Ishlab chiqarish va import uchun soliq (subsidiya)lar soliqlar va subsidiyalar tasnifiga asosan ikki qismga bo’linadi:
a. mahsulot va import uchun soliq(subsidiya)lar;
shu jumladan:
- mahsulot uchun soliqlar (subsidiyalar)
- import uchun soliqlar (subsidiyalar)
b. bevosita ishlab chiqarish uchun soliq(subsidiya)lar.